Sport | 16:50 / 01.10.2017
8856
3 daqiqa o‘qiladi

O‘FF BAA bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish va boshqa masalalar yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi

Foto: O‘FF matbuot xizmati

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov bugunDubayda Birlashgan Arab Amirliklari Futbol Uyushmasi vitse-prezidenti Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashdi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va BAA futbolini yanada rivojlantirish uchun hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va Birlashgan Arab Amirliklari Futbol Uyushmalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash orqali o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari orasida futbolni yanada ommalashtirish uchun amalga oshirilishi kutilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida suhbat olib borishdi.

Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov va Abdulla Nosir al-Junaybiy O‘FF va BAA Futbol Uyushmasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini imzolashdi.

Ushbu memorandum O‘zbekiston va BAA terma jamoalari va klublariga turli yosh toifalarida o‘rtoqlik o‘yinlari va musobaqalar,o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilish va o‘tkazish, ikki mamlakat terma jamoalarining murabbiylari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, futbol, ayollar futboli, futzal,bolalar-o‘smirlar futbol maktablarida faoliyat olib boradigan murabbiylarni o‘qitish va malakasini oshirish, murabbiylar, hakamlar va sport meditsinasi xodimlarini o‘qitish va malaka oshirish kurslariga yuborish kabi katta imkoniyat eshiklarini ochib beradi.

Umid Ahmadjonov Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashuvda BAA Futbol Uyushmasining xalqaro musobaqalarni tashkil qilish va o‘tkazish tajribasini o‘zlashtirish haqida gapirar ekan, 2018 va 2019 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, 2019 yilgi Osiyo Kubogi tashkiliy qo‘mitasiga bir guruh O‘FF mutaxassislarini malaka oshirish uchun yuborish masalasini ham alohida muhokama qildi.

“O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi kelajakda BAA kabi FIFA va OFK turnirlarini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor bo‘lishi uchun ham biz kadrlar tayyorlash dasturi doirasida ushbu masalaga jiddiy e'tibor qaratdik. O‘FFda xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bor, lekin biz FIFA va OFK tadbirlarini O‘zbekistonga olib kelmoqchi ekanmiz, katta tajribaga ega mutaxassislarni tayyorlash birlamchi vazifaga aylanadi. Shuning uchun ham Osiyoning yetakchi federatsiyalari bilan o‘zaro tajriba almashinuviga erishish oldimizdagi katta vazifalardan biri hisoblanadi”, - deya Umid Ahmadjonovning so‘zlarini keltiradi O‘FF matbuot xizmati.

Ta'kidlash kerakki, bu Umid Ahmadjonov O‘FFga prezident etib saylanganidan beri xorijga amalga oshirgan ikkinchi safaridir. Bungacha Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashib, O‘zbekiston FIFAning xalqaro musobaqalari va tadbirlariga mezbonlik qilishga tayyor ekanligini ma'lum qilgan edi.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid