Jahon | 23:00 / 20.10.2017
14772
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriyaning bo‘lajak hukumati musulmonlarga tahdid solmoqda

Foto: Reuters

O‘tgan yakshanba kuni ​Avstriyada tashkillashtirilgan saylov natijasiga ko‘ra, konservativ siyosatchi, 31 yoshli Sebastyan Kurts mamlakatning keyingi kansleri etib saylandi. Hukumatni shakllantirish uchun mutlaq ovozga ega bo‘lmagan yosh siyosatchi boshqa partiya vakillari bilan koalitsiya tuzishga majbur.

Eng avvalo, Kurtsning saylovoldi dasturiga nazar tashlashning o‘zi yetarli: mehnat muhojirlari, tashqi migratsiya oqimiga barham berish, xorijiy davlat fuqarolariga cheklangan imtiyozlarni taqdim etish uning asosiy targ‘ibot so‘zlari bo‘lgan. Shuningdek, saylovda g‘alaba qozonmagan Ozodlik partiyasi nomzodi esa anti-islom targ‘ibotini olib borib, musulmonlarning har qanday qadriyati Yevropa birligi va rivojlanishiga salbiy ta'sir o‘tkazishini ta'kidlagandi. Endilikda bu ikki nomzodning biri kansler bo‘lib, ikkinchisi bilan hukumat koalitsiyasini tuzishi mumkin. 

«Saylov natijasining bunday ko‘rinish olishi ayni bizni qo‘rqitib turgan dahshat edi», deydi Vena shahar imomi Ramazon Demir. Avstriya uzoq yillar oldin, 1912 yildayoq musulmonlarning rasmiy maqomi haqida qonun qabul qilgandi. 1960-70 yillarda mamlakatga ish izlab kelgan bir necha o‘n minglab musulmonlar jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Muhojirlar masalasida Avstriya avvaliga, Bolqon yarimorolidan, Afg‘oniston, so‘ngra, Suriya, Liviyadan boshpana izlab kelganlarni o‘z bag‘riga olgandi. 

Ammo so‘nggi payt, Parij Bryusell teraktlari ko‘rlab yevropaliklarda qo‘rquv hissini oshirib yubordi. Uning ustiga islom madaniyati va olami bilan yaxshi tanish bo‘lmagan aholi musulmon va ekstremistning bir jismda ko‘ra boshladi. Avstriyaning yangi kansleri ham ana shunday ijtimoiy vakuumdan foydalana bildi. Dunyoning eng yosh tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat olib borgan davridayoq Sebastyan Kurts mahalliy qonunchilikda mamlakat ichidagi musulmon jamoalarni chetdan qo‘llab-quvvatlashga taqiq qo‘yishga erishgandi. 

Bir paytlar natsist harbiylar tomonidan asos solingan Ozodlik partiyasining qarashlari tufayli 2000 yillarda Avstriya hukumat qattiq tanqidlarga uchragan, hattoki, Yevropaning bir nechta davlatlari unga qarshi sanksiya kiritgandi. Bu gal barchasi o‘zgacha, Ozodlikning hukumat boshiga kelishi hech kimni tashvishga solmayapti.

Mavzuga oid