Jamiyat | 21:00 / 01.07.2025
17709
8 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Trenddagi gap: “Koreyada $3-5 ming topsa bo‘larkan!?”

Janubiy Koreya so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik yoshlar uchun ta’lim olish, tajriba orttirish va yangi imkoniyatlar eshigini ochayotgan mamlakatlardan biriga aylandi. Biroq Koreyada o‘qish nafaqat orzular, balki moliyaviy qiyinchiliklar va kundalik kurashni ham anglatadi. Kun.uz Koreyada o‘qiyotgan o‘zbek yoshlari hayoti, ularning izlanishlari, yutuqlari va real tajribalari bilan yaqindan tanishdi.

Mohichehra Bahromova, talaba:

“Agar 5 yil oldin menga kimdir “Koreyaning TOP-10 talik universitetini qizil diplomga bitirib, Seul markazida tarjimon sifatida ishlaysan” desa kulgan bo‘lardim. 2003 yil Marg‘ilon shahrida tug‘ilganman, oilamizda hamma pedagoglar bo‘lganligi sababli o‘qishimga va til o‘rganishimga katta e’tibor qaratilgan. Shuning uchun kichkinaligimdan rus, nemis tillarini bemalol gapirib o‘rganganman. Koreys tiliga bo‘lgan qiziqishim esa o‘sha paytda mashhur bo‘lgan “Tangem” seriali orqali paydo bo‘lgan. Bosh qahramonga qarab Koreyaning madaniyati, urf-odatlari biznikidek rang-barang, qiziqarliligi e’tiborimni tortgan. Hozir beshta tilda gapiraman, qo‘shimcha ispan va arab tillarini o‘rganyapman. Tillar ichida koreys tili menga oson va qiziqarli tuyulgan. Kitoblar orqali o‘rganganman.

O‘sha paytda Koreyaga ketish yoki O‘zbekistonda biror universitetga kirish tanlovi bo‘lgan, lekin men oilam bilan birga bo‘lishni xohlaganligim uchun vatanda qolishga harakat qilganman. Keyinroq Koreyaga ketish imkoniyatini beradigan Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga kirganman. O‘qishga kirgan paytim koreys tilini yaxshi bilganim uchun menga darslar juda oson bo‘lib tuyulgan. Lekin 2-kursdan koreys professorlar bizga dars o‘ta boshlashgani sababli darslar yanada qiziqarli bo‘ldi.

O‘qish davomida turli konkurslar, tanlovlarda ishtirok eta boshladim, buni boshqalargayam maslahat beraman. Chunki Koreyadagi universitetlarda shunday sertifikatlar, har xil ko‘ngilli sifatida qilingan ishlar juda inobatga olinadi. Mengayam bular katta yordam bergan.

Koreyaga kelgach o‘qish bilan birga 50dan ortiq joylarda ishlash uchun ariza yubordim, lekin olishmadi. Shunda bir klinikaga tarjimon kerak bo‘ldi va rus, koreys tillarini bilganim uchun ishga olishdi. Birinchi oddiy stomatologiya klinikasida, keyinroq stomatologiya, oftolmologiya, plastik jarrohlik klinikalarida o‘zbek, rus, koreys tarjimoni sifatida ishlayapman”.

Shahzod Abdurahmonov, talaba:

“Andijonda tug‘ilganman, otam harbiy bo‘lganliklari uchun ko‘p viloyatlarda yashaganmiz. Toshkentda yashaganimizda koreys tilini o‘rgandim. Lekin birinchi yili o‘qishga kira olmaganim juda qattiq zarba bo‘ldi. Keyingi yili tayyorlanib Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga kirdim. U yerda Koreyada 2 yil, O‘zbekistonda 2 yillik dastur asosida o‘qitiladi. Koreyaga ketish uchun birinchi navbatda grantlarga e’tibor bera boshladim. Shundan keyin 4 yillik grant yutib oldim. Bu yerda dars jadvalini o‘zingiz tuzasiz. Buning keliboq ro‘yxatdan o‘tish kerak ekan – men kelgunimcha bu mavsum tugab qolgan ekan. Shunda koreyslardan yordam so‘rashga majbur bo‘ldim.

Koreyada o‘qishdan tashqari yana bir muammo bor – 100%lik grantim bo‘lsayam yashashga yetmay qoladi. Ijara uchun o‘rtacha 320 dollar hisoblanadi. Yotoqxonada yashadim boshida, u yerda ovqat tayyorlash noqulayligi sabab ko‘chadan sotib olganmiz. Bitta non 25 ming so‘m bo‘lsa, qolgan xarajatlar ham o‘ziga yarasha katta. Shuning uchun bu yerda taxminimcha, 90 % talabalar ishlashadi. Menam shular orasidaman. Ko‘p joylarda ishlab ko‘rdim. Birinchi bo‘lib yuk tashishda ishladim – 20 kilodan. 3 kun ishladim, “bo‘ldi boshqa bu ishda ishlamayman” dedim. Lekin 3 kundan keyin pulim tugadi. Yana chiqdim – pul yaxshi to‘lashadi, og‘ir ish va har kuni ham ish bo‘lavermaydi. Keyin shkaf yasadik, idish-tovoq yuvdim, ovqat pishirishga kirdim, restoranda ishladim. Oxiri tushundimki, aqliy mehnat yaxshiroq ekan. Shundan keyin koreys tilidan dars berishni boshladim. Pokistonliklarga ingliz tilida koreyschani o‘rgata boshladim. Natijalar zo‘r bo‘ldi, o‘quvchilarim 40tadan oshib ketishdi. Onlayn tarzda o‘zbeklar uchun kurs ochdim. Hozirgacha 2 yil ichida 4000ga yaqin talabani o‘qitdim”.

Farangiz Safarova, talaba:

“Koreyada yashash faqat o‘qish degani emas. Bu yerda xarajatlar juda ko‘p bo‘ladi va siz grandda o‘qisangiz ham baribir uydan pul olishingizga to‘g‘ri keladi. O‘qishniyam eplashim kerak, qo‘shimcha ishim ham bo‘lishi kerak deb o‘yladim. Talabalar uchun 20 soatgacha ishlash mumkin. Darsdan tashqari qo‘shimcha ish qilaman, O‘zbekistondagi talabalarga onlayn dars o‘taman. Bular yashash xarajatlarimga bemalol yetadi. Ishniyam, o‘qishniyam o‘z vaqtida eplash kerak, aks holda bu darslariga katta ta’sir qiladi. Bu qiyin bo‘lishi mumkin, lekin ulgursa bo‘ladi”.

Jamshid Yo‘lchiyev, talaba:

“Maktab paytida koreys yozuvlarini yoqtirardim, tushunmasam ham o‘zimcha yozib o‘tirardim. Keyin kollejga kirdik, o‘sha davrlarda trendga chiqqan gap “Koreyada 3000-5000 $ topsa bo‘larkan” degan gaplarni eshitganda ozroq qiziqish bo‘lardi.

Koreyaga ketaman degan paytda karantin boshlandi. tayyorlanib Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga hujjat topshirdim, menda o‘shanda TOPIK5 sertifikati bor edi. Kelgunimda qadar Koreya haqida “pushti” ko‘zoynakni yechgandim, bilardim qiyinligini. Yangi joy, ko‘chalar qanaqadir fayzsiz, begonalar... Eng yomoni internet orqali xonadosh topganman. Kirishim bilan judayam tartibsizlikka ko‘zim tushdi. Men eng yoqtirmagan narsam – tartibsizlik. Tartibsizlik bo‘lgan joyda tartibli o‘ylash imkonsiz. Xona shunaqa chang va to‘la ediki, o‘tirishga joy topilmasdi. Qayerga kelib qoldim deb o‘ylay boshladim. O‘sha paytda qaytib ketish niyatim ham bo‘ldi.

Lekin yashagan sari mamlakatning yaxshi taraflarini kashf qila boshladim. Albatta, O‘zbekiston bilan Koreyani solishtirmaslik kerak. Ikkala mamlakat ham o‘ziga xos”.

Aytish kerakki, ushbu talabalarning barchasi Toshkent Kimyo xalqaro universitetining 2+2 dasturi orqali Koreyada o‘qishni davom ettirishyapti va ishlashyapti. Universitetda 28 ta’lim yo‘nalishida tahsil beriladi. Ma’lumotlarni esa rasmiy sahifalar orqali olish mumkin.

Web-page | Telegram | Facebook | Instagram

Mavzuga oid