O‘zbekiston | 17:45 / 27.10.2017
8135
10 daqiqa o‘qiladi

«Milliy tiklanish» DP fraksiyasi qonun ijodkorligi faoliyati qay daraja?

Foto: Milliy tiklanish

Bugun O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Sarvar Otamuratov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma'ruzasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish yuzasidan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining chora-tadbirlar Dasturi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, Prezidentimiz mazkur videoselektor yig‘ilishida parlament oldiga haqiqiy demokratiya maktabi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lish vazifasini qo‘ydilar. Zero, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish; qabul qilinayotgan qonunlarning amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta'sirini kuchaytirishga yo‘naltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish; siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish masalalari belgilangan.

Bu – albatta, parlament a'zolari xususan, «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi zimmasiga muhim vazifalarni yuklaydi. Fraksiya a'zolarining mas'uliyatini oshiradi. Shundan kelib chiqqan holda, partiya tomonidan davlatimiz rahbarining parlament va siyosiy partiyalar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma'ruzasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar Dasturi ishlab chiqildi va bugungi kunda u hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, mazkur Dastur ijrosini ta'minlashda barcha darajadagi partiya tashkilotlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi a'zolarining faoliyatlari tubdan takomillashtirildi, tashabbuslari va amaliy ishlar miqyosi o‘sdi. 

Foto: Milliy tiklanish

Xususan, «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi o‘zining qonun ijodkorligi faoliyatiga alohida e'tibor qaratdi. Fraksiya yig‘ilishlarida 88 ta qonun loyihasi birinchi va keyingi o‘qishlarda muhokama etildi. Mazkur qonun loyihalari bo‘yicha fraksiya a'zolari tomonidan partiya dasturiy maqsadlari asosida 400 ortiq takliflar ishlab chiqildi va mas'ul qo‘mitalarga taqdim etildi. Ularning 321 tasi qonunlarda o‘z aksini topdi. 27 ta qonun loyihasi bevosita fraksiya a'zolari ishtirokida qonunchilik tashabbusi huquqi asosida partiya Saylovoldi platformasida belgilangan vazifalar asosida tayyorlandi. Bu borada fraksiya a'zolari tomonidan Konstitutsiyamizning 80, 93, 108 va 109-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, «Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlar loyihalari tayyorlandi. Shu jumladan, 2 ta qonun loyihasi alohida fraksiya a'zolari, deputatlari tomonidan tayyorlandi va birinchi o‘qishda qabul qilinib, ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Undan tashqari, 2 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritish arafasida turibdi.

Fraksiyaning 45 ta yig‘ilishi o‘tkazilib, unda jami 110 ta masala ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishlarda, birinchi o‘qishda 88 ta qonun loyihasi, ikkinchi o‘qishda 57 ta qonun loyihasi, shuningdek 5 ta hisobot muhokama etildi. Prezidentimizning Farmon, Qaror va ma'ruzalaridan kelib chiqadigan partiya va uning fraksiyasi oldidagi ustuvor vazifalarga oid 32 ta masalalar, fraksiya faoliyatiga doir 12 ta, deputatlar tomonidan hududlardagi haqiqiy holatni o‘rganish natijalariga oid 6 ta hamda 46 ta boshqa masalalar muhokama qilinib, qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12 iyuldagi ma'ruzalarida yoshlar qonunlarni qabul qilish jarayonlarini, partiyalararo raqobat va tortishuvlar asosida o‘tadigan majlislarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, deputatlar bilan muloqot qilishi uchun sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tavsiyasiga asosan hamda partiyaning «Yoshlar qanoti»dan faol, a'lochi, tashabbuskor 200 ga yaqin yoshlar fraksiya yig‘ilishlarida ishtirok etdilar va deputatlar bilan suhbatlar o‘tkazishdi.

Ma'ruzadagi yana bir muhim vazifalardan biri, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyati ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirish maqsadida ushbu vazirlik va qo‘mita bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Partiya Markaziy kengashi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi o‘rtasida hamda Madaniyat vaziriligi bilan memorandum imzolandi. Hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalari tasdiqlandi. Bugungi kunda rejalar ijrosi ta'minlanmoqda. 

Foto: Milliy tiklanish

Shuningdek, fraksiyaning nazorat-tahlil faoliyati doirasida Davlat dasturlari ijrosi, vazirlik va mutasaddi tashkilotlarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqiladigan hisobotlari yuzasidan 4 marotaba fraksiya yig‘ilishi o‘tkazildi. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yil va 2017 yilning I-choragi hamda yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining hisobotlari eshitildi.

Bundan tashqari, fraksiya a'zolari tomonidan Prezidentimizning Oliy Majlis palatalarining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor eng dolzarb masalalarni hal etish borasidagi tashabbuskorligini oshirish xususan, Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni amalga oshirishda mavjud vaziyatni yaxshilashga bosh-qosh bo‘lish vazifasidan kelib chiqib ayrim sog‘liqni saqlash muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlar yetishmasligi, ushbu muassasalar malakali kadrlar bilan ta'minlanmaganligi, binolarning talabga javob bermasligi kabi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish maqsadida hududlardagi tibbiyot maskanlari o‘rganildi. Aniqlangan muammolar va ularni yechimlari bo‘yicha ma'lumot tayyorlanib, Sog‘liqni saqlash vaziriga taqdim etildi va ijrosi nazoratga olindi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tubdan kuchaytirish, ularning har birini imkon qadar partiya ishtirokida ko‘rib chiqib, hal qilinishini ta'minlash maqsadida 79 ta davlat organlari, 532 ta tadbirkorlik sub'yektlari, 310 ta ijtimoiy soha obektlari, 202 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda 4 129 ta xonadon, jami 5 252 ta obektlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holat o‘rganilib, ushbu jarayonlarga 57 mingga yaqin aholi bilan uyma-uy yurib, muloqotlar o‘tkazildi. O‘rganish va muloqotlar davomida aholi tomonidan asosan, uy-joy, kommunal (1 234 ta), aholi bandligi (1 124 ta), ta'lim (1 063 ta), tibbiy xizmat (1 024 ta), savdo va maishiy xizmat (970 ta), bank kredit (767 ta), pensiya, nafaqa ta'minoti (809 ta) kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga 72 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, 53 ta (74 %) masala ijobiy hal etilgan, 8 tasi mas'ul vazirlik idoralarda o‘rganilmoqda va qolgan 11 tasi joylardagi hududiy dasturlarning 2018 yilga kiritilishi bilan bog‘liq bo‘lib mutasaddi tashkilotlarga takliflar kiritilgan. Bundan tashqari, 2017 yilning 9 oyi mobaynida parlament va partiya saytiga, Qonunchilik palatasiga fuqarolardan va yuridik shaxslardan fraksiya a'zolariga, 1 138 ta yozma murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, tegishliligi bo‘yicha vazirlik va tashkilotlarga yuborildi va 1 014 tasi (89 %) ijobiy hal etildi hamda ijrosi nazoratga olindi.

Fraksiya a'zolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Qonunchilik palatasida qabul qilingan qonunlarning va muhokamadagi qonun loyihalarining mazmun-mohiyati, aholi bilan uchrashuvlar, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni o‘rganish natijalari hamda partiya g‘oya va maqsadlari, fraksiya va uning a'zolari tomonidan partiya elektorati manfaatlari va fuqarolar huquqlarini qonun bilan himoyalash borasidagi faoliyatini keng ommaga yetkazishga qaratilgan 3 273 ta material e'lon qilindi. Jumladan, bosma OAVlarda – 781 ta, elektron (rasmiy veb-saytlarda) – 628 ta, televideniyada – 367 ta, radioda – 428 ta, ijtimoiy tarmoqlarda 1 056 ta, kitob va to‘plamlarda 13 ta chiqish amalga oshirildi. Shuningdek, boshqa partiya va fraksiyalari bilan televideniye orqali 8 ta debatlar o‘tkazildi hamda elektoratimizga partiya pozitsiyasi yetkazildi.

Matbuot anjumanida fraksiya faoliyati yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillarining barcha savollariga javob berildi.

Mavzuga oid