Shu kunlarda internetda bir-biridan keskin yozilgan xabarlar, hukumatimiz, davlatimiz, ayniqsa sog‘liqni saqlash tizimiga yog‘dirilgan ayovsiz ayblovlar, salbiy munosabatlar-u e'tirozlar, ochiqdan ochiq haqoratlarni (bu ro‘yxatni ko‘p davom ettirishi mumkin!) ko‘zdan kechirib, yoqa ushlaysan kishi.
Hatto ba'zida ehtirosga berilib, bu e'tirozlarga ishonging yoki beixtiyor «yoqdi» tugmasini bosib, maqola muallifiga azbaroyi hamdardligingni ko‘rsatging ham keladi. Chunki aytilayotgan gaplarda, qanchalik bo‘rttirilgan bo‘lmasin, ozmi-ko‘pmi haqiqat bor va bu haqiqatlar tizimdagi muammolarni ifoda etadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarni tahlil etish asnosida bir holatga guvoh bo‘ldik. Kimki o‘z haqiqatini ochiqchasiga va baralla aytib, bu orqali mutasaddi rahbarlarni «joyiga qo‘yib», so‘z bilan ayovsiz «savalagan» bo‘lsa, ko‘p hollarda axborot maydonining to‘ri vaziyat barqarorlashguncha o‘sha «qahramon»niki bo‘lib turibdi. Misolni bugungi kundan keltiramiz. Ayni paytda jamoatchilik, blogerlar va ba'zi ommaviy ommaviy axborot vositalarining butun diqqat-eʼtibori tibbiyot sohasi vakillari hamda ularning rahbarlariga qaratilgan.
To‘g‘ri, kechagina bemorlarni sog‘aytirib, ularni guldastalar bilan uyiga kuzatgan, «xavotirga o‘rin yo‘q, ertaga hammasi yaxshi bo‘lishi uchun tibbiyotimiz tayyor» deb xalqni ishontirgan mutasaddilarni hozir oqlash noto‘g‘ridir. Chunki mamlakatimizda kasallanish darajasi avvalgiga nisbatan 4 barobar ko‘paydi. Ekranlar orqali nomini eshitganimiz la'nati virus endi qo‘shnimiz, qarindoshimiz, hatto xonadonimizgacha yetib kelib ulgurdi. Hatto ko‘pchiligimiz uning isitmasi-yu yo‘talini tanamizda his qildik.
Lekin pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tibbiyot imkoniyatlarini O‘zbekistondagina emas, butun dunyoda deyarli yo‘qqa chiqarayotganini ko‘rib-bilib turibmiz. Axir mittigina zarra manaman degan davlatlarni ham tiz cho‘ktirib qo‘ydi. Jahon o‘ntaligida eng rivojlangan deb e'tirof etilgan o‘sha Amerika bugungacha 130 mingdan oshiq qurbon berdi. Bu borada xalqini qonun bilan bo‘ysundirgan davlat fuqarolarini oddiygina niqob taqish, o‘zini yakkalash tadbirlariga jalb etolmayotgani ham bor gap. Dunyo esa innovatsiyalar yurti bo‘lgan AQShdan kasalning tarqalishida Xitoyni ayblagandan ko‘ra, uning oldini olish borasida tashabbuslar kutmoqda.
Hatto Nobel mukofoti laureatlari ham bugun bezovta. Ular ham izlanishda. 17 nafar nufuzli mukofot sovrindori birlashib, 100ga yaqin dunyo siyosatchilari ishtirokida pandemiyaning oldini olish bo‘yicha murojaatnoma qabul qilishdi, tajribalar o‘tkazib, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilayotganini bildirishdi. Mo‘jizaviy dori tayyor bo‘lishining taxminiy vaqti 18 oy yoki undan kamni tashkil etishini ma'lum qilishdi. Mana, nihoyat davo topildi, degan ba'zida yolg‘on, ba'zida haqiqatga yaqin xabarlar OAVda to‘lib-toshdi…














