Ayni paytda jahon ommaviy axborot vositalarida koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish, ayniqsa, ishlab chiqarish jarayonlarini barqarorlashtirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekaniga alohida e'tibor qaratilyapti.
Mamlakat prezidenti ham milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirish, mulk shaklidan qat'i nazar, ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorning mustahkam oyoqqa turib olishi uchun imtiyozli kreditlar, qo‘shimcha preferensiyalar ajratish lozimligini qayta-qayta ta'kidlamoqda. Bu jarayonda xorijiy ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlashga ham hukumatimiz tomonidan birlamchi e'tibor qaratilayotir. Shuni qayd etish lozimki, pandemiyadan keyin milliy iqtisodiyotimizni jonlantirishda erkin iqtisodiy zona(EIZ)larning ahamiyati beqiyos.
Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, EIZlar uchun alohida agentlik tashkil etish lozim, degan fikrni bildirdi.
– “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida Markaziy Osiyoda raqobatchisi bo‘lmagan uchta yirik korxona – “Sofitel”, “EcoClimat” va “Minyuan Silu Industry” qo‘shma korxonalari faoliyati bilan tanishib, ular faoliyatini rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni atroflicha o‘rgandik, – deydi A.Qodirov. – Ma'lum bo‘lishicha, “Minyuan Silu Industry” gaz ta'minotidagi tartibsizlik va elektr uzilishlari natijasida uch kunda 600 ming dollar miqdorida zarar ko‘rgan. Gaz bosimining aholi uchun odatiydek tuyulgan pasayishi esa mahsulot sifatiga keskin ta'sir qilgan. Korxona tashkil etilibdiki, jamoa ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha quruq va'dalar eshitadi, xolos.
“EcoClimat” steklovata ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona. Uning mahsulotiga ham talab juda yuqori. Ma'lumki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, energiya ishlab chiqaruvchilar energiyani korxona “ostonasiga”cha keltirib berishlari shartligi belgilangan. Ammo ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun zarur bo‘lgan yuqori voltli elektr ta'minoti kabelini tortish masalasi bir yildan beri hal etilmayapti.
“Sofitel” qo‘shma korxonasi esa noyob mahsulot ishlab chiqarishi bilan xaridor e'tiboriga tushgan. Biroq Davlat standartlashtirish markazi tomonidan muvofiqlik sertifikati berilmagani uchun korxona o‘z mahsulotini ta'sischisi – xitoylik firmaga o‘z tannarxida sotishga majbur bo‘layapti. Chunki sertifikat bo‘lmagani uchun ushbu korxona o‘z mahsulotini ta'sischidan boshqa biron-bir tashkilotga sotolmaydi.
Xullas, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati bilan bog‘liq muammolar bilan tizimli tarzda shug‘ullanadigan alohida idora tashkil etishni bugungi real vaziyat taqozo etmoqda. Bunday muhim masalani ikkilamchi darajali masalaga aylantirish esa hozirning o‘zidayoq qimmatga tushayapti.














