Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi: O‘zbekistonda suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida iste'mol qilinadi
23-27 oktabr kunlari Toshkent shahrida «Suv havzalari instrumentlarini ishlab chiqish salohiyatini institutsional mustahkamlash va rivojlantirish» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tashkil etilgan ushbu anjumanga moliyaviy ko‘mak Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan ta'minlangan bo‘lsa, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (RETsTsA) ekspertlik yordamini berdi.
Seminar doirasida 23 va 24 oktabr kunlari Qishloq va suv xo‘jaligi vakillari boshqa mutasaddi idoralar vakillari bilan birgalikda suv havzalarini rejalashtirish (SHR) borasida ilg‘or tajribalarni tatbiq etish bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etildi.
26 va 27 oktabr kunlari esa mamlakatning barcha hududlaridagi irrigatsiya tizimlari suv havza boshqarmalari (ITSHB)dan kelgan mutaxassislar uchun o‘quv-mashg‘ulotlari olib borildi.
Seminarning ochilishida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ravshan Mamutov hamda loyiha rahbari va GIZning “Markaziy Osiyodagi suv resurslarini transchegaraviy boshqarish” dasturi direktori doktor Karolina Milovi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali direktori Shaxnoza Umarovalar so‘zga chiqdi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi vakili ta'kidlaganidek, respublikada yiliga o‘rtacha 51 mlrd. m3 suv iste'mol qilinadi. Bundan 90 foizi qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi, 4 foizi esa kommunal maqsadlardagi iste'mol hisoblanadi. Iste'molchilarning soni yildan yilga ortib borayotganligi sababli, suv resurslarini tejash o‘ta muhim ahamiyatga ega. Suv resurslarini integrallashgan boshqarish uslubida esa suv resurslaridan foydalanishga aynan ratsional va samarali yondashuvlar aniqlanadi.
RETsTsA eksperti Vohidjon Axmadjonovning so‘zlariga ko‘ra, 1991 yili O‘zbekiston aholisi 21 mln. kishini tashkil etgan. Ayni davrda yiliga 63-64 mlrd. m3 suv iste'mol qilingan. Jon boshiga olganda, ushbu ko‘rsatkich taxminan 3000 m3ga to‘g‘ri keladi. O‘tgan davr mobaynida mamlakat aholisi soni sezilarli darajada oshgan va hozirda suv iste'moli yiliga o‘rtacha 51 mlrd. m3 ga teng keladi. Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, jon boshiga suv iste'moli ikki barobar pasayib ketgan.
Seminar davomida ishtirokchilar suv resurslaridan kompleks foydalanish va himoya qilish tizimi (SRKFHQT)ni muhokama qiladilar hamda RETsTsA konsepsiyasining O‘zbekistondagi qonunchilik amaliyotlari bilan solishtirma jadvalini ishlab chiqishdi.
Seminar natijalariga ko‘ra, ishtirokchilar ilg‘or tajribalarni amaldagi qonunchilik doirasida jadal tatbiq etishga kirishishadi.