O‘zbekiston | 21:40 / 30.10.2017
37576
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Xitoyga transport qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Toshkentda 30 oktabr kuni «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro avtokarvon yo‘lga chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev, Qirg‘iziston Respublikasi transport va yo‘l vaziri Jamshidbek Kalilov, Xitoy Xalq Respublikasi Transport vazirligi xavfsizlik bo‘yicha departamenti direktori Chen Pin va boshqalar «Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar» avtomobil yo‘lagining ochilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, investitsiyalar, moliya, transport infratuzilmasini rivojlantirish, Markaziy Osiyo bo‘ylab yuk tashish hajmini, tranzit salohiyatini sezilarli oshirishga xizmat qilishini ta'kidladi. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 11-13 may kunlari Xitoyga davlat tashrifi hamda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-6 oktabr kunlari mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida imzolangan hujjatlar huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi. 

Qadimda Buyuk ipak yo‘li nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni, balki Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga imkon bergan, axborot almashinuvini ta'minlashda muhim vosita bo‘lgan. Bu sivilizatsiyalararo muloqot uchun zarur sharoit yaratib bergan. «Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar» transport yo‘lagini ushbu yo‘nalishni zamonaviy sharoitda yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan salmoqli qadam sifatida baholash mumkin. Bu, o‘z navbatida, hududlar o‘rtasida transport-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada taraqqiy ettirish, manfaatli hamkorlik asosida o‘zaro savdo aylanmasini oshirishda muhim o‘rin tutadi. 

Umumiy uzunligi 900 kilometrdan ziyod masofani tashkil etadigan «Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar» yo‘nalishining ochilishi O‘zbekistondan Xitoygacha bo‘lgan yuk tashish xarajatini sezilarli ravishda kamaytirish va vaqtni tejash imkonini beradi. 

– «Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar» qatnovining ochilishi mamlakatlarimiz uchun ulkan iqtisodiy imkoniyatlarni taqdim etishi bilan muhim ahamiyatga ega, – dedi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze. – Yangi avtomobil yo‘lagi mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, mamlakatlarimiz hududlari orqali jahon bozorlariga chiqish, zamonaviy transport kommunikatsiyalarini o‘zaro integratsiyalashda muhim o‘rin tutadi. 

Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz azaldan davlatlararo savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni mustahkamlashda faol ishtirok etib kelgan. Mazkur loyihaning asosiy maqsadi bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish tendensiyalarini davom ettirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvatlash, mamlakatlararo barqaror yuksalishga ko‘maklashishdan iborat. 

– «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» yo‘nalishidagi avtokarvon bilan yuklarni tashish uchun o‘rtacha ikki kun talab etiladi, – dedi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Odilov. – Ilk marotaba amalga oshirilayotgan avtokarvon kelgusida ushbu yo‘nalishda istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish, yangi yo‘nalishlar ochish, yuk tashish xavfsizligini ta'minlash va ularga qulay sharoitlar yaratish tizimini yanada isloh qilishga xizmat qiladi. 

Xalqaro avtokarvon doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy yuk mashinalari «Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar» yo‘nalishi bo‘yicha ilk bor yo‘lga chiqdi.

Mavzuga oid