O‘zbekiston | 08:05 / 02.11.2017
10536
6 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro harbiy sport kengashi bosh kotibi O‘zbekistonga keldi

1 noyabr kuni Xalqaro harbiy sport kengashi bosh kotibi polkovnik Dorax Mambi Koita O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining taklifiga ko‘ra mamlakatimizga tashrif buyurdi. Bu haqda KUN.UZ’ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

 “Vatanga qasamyod” monumenti poyiga gul qo‘yish bilan boshlangan tadbir Qurolli Kuchlar davlat muzeyi ekspozitsiya zallari bo‘ylab sayohatga ulandi. Shundan so‘ng muzeyning anjumanlar zalida polkovnik Dorax Mambi Koita va Markaziy harbiy sport klubi harbiy sportchilari  o‘rtasida samimiy muloqot  bo‘lib o‘tdi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Ma'lumki, Xalqaro harbiy sport kengashi eng nufuzli sport tashkiloti sifatida jahon miqyosida katta ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator sport tadbirlarining tashkilotchisi sanaladi. “Sport orqali do‘stlik” shiori ostida faoliyat yurituvchi bu tashkilot turli davlatlarning Qurolli Kuchlarini sport va jismoniy tarbiya orqali yaqinlashtirish, ular o‘rtasida doimiy hamkorlikni o‘rnatish va shu orqali eng buyuk ne'mat bo‘lgan tinchlikni ta'minlashdek ulug‘vor maqsadga xizmat qiladi. Kengash faoliyati ikki yo‘nalishni o‘z ichiga qamrab oladi: bu –   harbiy sport tadbirlarini o‘tkazish va sport sohasida texnik va ilmiy bilimlarni tarqatish.

Foto: Mudofaa vazirligi

Ta'kidlash kerakki, bugungi kunda Xalqaro harbiy sport kengashi harbiy sportni rivojlantirish, bu borada ilmiy va texnik yondashishlarni o‘rganish bo‘yicha o‘zining akademiyasiga ega. Shuningdek, tashkilotning asosiy sport turlarini rivojlantirish, musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari bilan shug‘ullanadigan doimiy texnik qo‘mitalari ham tuzilgan.    

Foto: Mudofaa vazirligi

Muloqot davomida so‘z olgan polkovnik Dorax Mambi Koita ham Xalqaro sport kengashi tomonidan harbiy sport nufuzini yuksaltirish, xorij mamlakatlari armiyalari o‘rtasida o‘zaro birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yaqin hamkorlikni ta'minlash borasida qilinayotgan ezgu  ishlarni alohida e'tirof etib o‘tdi va o‘zining O‘zbekistonga tashrifini quyidagicha izohladi:

– Men bilaman O‘zbekistonda sportga e'tibor juda kuchli. Shuning uchun ham o‘zbekistonlik harbiy sportchilarga katta baho beraman. Bunga asosimiz ham bor. Chunki 1993 yildan to 2008 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘zbekistonlik harbiy sportchilar Xalqaro harbiy sport  kengashi tomonidan o‘tkazilgan barcha tadbirlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan va yuqori o‘rinlarni egallagan. Masalan, 2007 yil Hindistonning Andra Pradesh shtati, Haydarobod shahrida bo‘lib o‘tgan IV Butunjahon harbiy sport o‘yinlarida o‘zbekistonlik harbiy sportchilar 101 ta davlat harbiy sportchilari o‘rtasida umumjamoa hisobida faxrli 7-o‘rinni egallagan. Albatta, bu  juda yuqori natija. Lekin 2008 yildan buyon O‘zbekiston va Xalqaro harbiy sport kengashi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ayrim sabablarga ko‘ra vaqtinchalik to‘xtab qolgan. Mening bu mamlakatga tashrifimdan maqsad ana shu aloqalarni qaytadan o‘rnatish, o‘zbekistonlik harbiy sportchilarning xalqaro miqyosda bo‘lib o‘tadigan harbiy sport  o‘yinlaridagi nufuzini tiklashdir. Bu  hamkorlik ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi, shubhasiz. Keyingi yil kengashimiz xalqaro miqyosida 21ta harbiy sport musobaqasini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Mana shu musobaqalarda o‘zbekistonlik harbiy sportchilar ham qatnashishiga ishonch bildiramiz. 

Foto: Mudofaa vazirligi

 –  Darhaqiqat, o‘zbekistonlik harbiy sportchilar 2008 yilgacha Xalqaro harbiy sport kengashi tomonidan o‘tkazilgan musobaqalarda faol ishtirok etib, 20 ta oltin, 30 ta kumush va 45 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan, – deydi Mudofaa vazirligi Qo‘shinlar jangovar tayyorgarligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i polkovnik Dilshod Choriyev. – O‘sha vaqtda musobaqalarda ishtirok etgan Markaziy harbiy sport klubi vakillari bugun klubda yosh sportchilarga trenerlik qilyapti. Bugungi uchrashuvdan anglash mumkinki, faxriy sportchilarimizdan saboq olayotgan  yoshlar endi xalqaro miqyosida bo‘lib o‘tadigan harbiy sport o‘yinlarida O‘zbekiston sha'nini himoya qiladi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Shu kuni Xalqaro harbiy sport kengashi bosh kotibi polkovnik Dorax Mambi Koita  poytaxtimizdagi Olimpiya shon-sharaf muzeyi, Osiyo dzyudoni rivojlantirish markaziga ham tashrif buyurdi. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, “Bunyodkor” stadionida sportni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 

Foto: Mudofaa vazirligi