Iqtisodiyot | 19:30 / 02.11.2017
29130
9 daqiqa o‘qiladi

Prezidentlikning olti yili: Moliyachilar Almazbek Atamboyev vaqtida qanday ishlashdi

Moliya bilan bog‘liq har qanday narsa, Qirg‘iziston uchun og‘ir masala. Mamlakat byudjyet defitsiti bilan yashaydi. Qirg‘iziston tashqi sarmoyalar va qarzlarga, shuningdek, mehnat migrantlarining o‘tkazmalari bog‘lanib qolgan. «24.kg» axborot agentligi so‘nggi 6 yilda moliya sohasida vaziyat qanday bo‘lganini esga oldi.

Barqaror tanqislik

«Cho‘ntagimda shamol hushtak chalib aylanayapti» — Qirg‘iziston byudjyeti ahvolini aynan mana shu ibora to‘liqroq tasvirlay olsa kerak. Mustaqillikning ilk yillaridan byudjyet defitsitligicha qolib kelmoqda. Yildan-yilga daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi farq oshsa oshyaptiki, aslo kamaymayapti.

Agar 2011 yilda byudjyet defitsiti 13,6 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yilga kelib u 7,2 milliardga ko‘paydi va 20 milliard 889 million so‘mgacha oshdi. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, respublika byudjyetining defitsiti 21 milliard 64,8 million qirg‘iz so‘mi yoki YaIMning 4,3 foizi miqdoriga teng bo‘ladi.

To‘g‘ri, Qirg‘iziston tarixida amaldorlar o‘z nafslarini jilovlagan paytlar ham bo‘lgan.

Qirg‘iziston byudjyetining minimal defitsiti 2014 yilda qayd etilgan: 1 milliard 875,5 million so‘m.

Bir yil avval, 2013 yilda ham ko‘rsatkich ham yuqori emas edi — 2 milliard 330,5 million so‘m. 2016 yilga kelib ishtaha shu darajada karnay bo‘lganki, defitsit birato‘la 14,7 milliard so‘mga o‘sgan.

Byudjyet defitsitining bu qadar chiqib tushishining ham sabablari ham qiziq. 2012 yilda Qirg‘iziston ilk bora sekvestr bilan to‘qnashdi. YaIMning 0,9 foizga tushishi oqibatida, mablag‘ yetishmasligi Butunjahon bankidan 30 million dollar kelmagani tufayli moliya vazirligi byudjyetni «qirqdi».

Bu juda katta janjal keltirib chiqardi. Biroq shundan keyingi ikki yilda byudjyet defitsiti minimal qiymatda ushlab turildi. Moliya vazirligi noustuvor xarajatlarni maksimal qisqartirish yo‘li bilan optimizatsiya o‘tkazdi. Qirg‘iziston belni mahkam bog‘ladi va... hech qanday qo‘rqinchli narsa sodir bo‘lmadi.

To‘g‘ri, oldingi saboqlar tezda unutildi va 2016 yilda vaziyat takrorlandi. Butun yil bo‘yi iqtisodiyot o‘sish bo‘yicha unchalik kayfiyatni ko‘tarmaydigan raqamlarni ko‘rsata boshladi. Natijada moliya vazirligi yana optimizatsiyaga qo‘l urdi. Xarajatlar 14,9 milliard so‘mga qisqartirildi. Yil yakunlariga ko‘ra byudjyet defitsiti juz'iy qisqargani yo‘q, lekin xarajatlarni qisqartirishsiz vaziyat yanada abgor bo‘lishi tayin edi.

Kamtarona investitsiyalar

Olti yil ichida Qirg‘izistonga 576,3 milliard so‘mlik investitsiyalar kiritilgan. Asosiy investorlar sifatida Xitoy, Kanada va Rossiya qolmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan tushunarli. Xitoy Qirg‘izistonga yo‘l qurish, TETs va Datka — Kemin elektr o‘tkazish liniyasi modernizatsiyasi uchun imtiyozli kreditlar bergan. Kanadaning investitsiyalari mamlakatning bosh oltin loyihasi «Qumtor»ga yotqizilgan sarmoyalar bilan bog‘liq. Rossiya esa mamlakatga yoqilg‘i yetkazib beradi va Qirg‘izistonning butun gaz transport tizimiga egalik qiladi.

Amaldorlar mamlakatdagi liberal soliq rejimi, resurslar va ishchi kuchining arzonligi haqida harchand bong urishmasin, boshqa investorlar Qirg‘izistonga kirmayapti. So‘nggi ikki yil ichda Qirg‘iziston 180 million kishilik bozor bo‘lmish YeOIIning to‘laqonli a'zosi ekanligi bilan maqtanish odat tusiga kirdi. Lekin yirik xorijiy biznesni bu bilan respublikaga jalb etib bo‘lmayapti.

Qirg‘iziston 2015 yildan buyon Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining a'zosi sanaladi. Integratsion birlashmada dastlabki to‘laqonli yil — 2016 yil Rossiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori 21,3 foizga oshganini ko‘rsatdi.

Bunday ma'lumotni Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) integratsion tadqiqotlar markazi keltirgan. Biroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yig‘indi ko‘rsatkichlari bo‘yicha Qirg‘iziston YeOIIda so‘nggi o‘rinda ekanligi ham qayd etilgan — bor-yo‘g‘i 11 foiz. Bu esa o‘tgan yili Qozog‘istondan investitsiyalar hajmi kamaygani bilan ham tushuntiriladi.

Qirg‘izistonga investitsiyalar kiritishda sohalar ichida aloqa va axborot texnologiyalari, infratuzilmaviy tarmoqlar va rangli metallurgiya sohalari yetakchilik qilmoqda.

Aloqa va axborot texnologiyalari doirasida Rossiyaning «VimpelKom» va Qozog‘istonning «Verniy kapital»ining bitta kompaniya «Skay Mobayl»ga investitsiya kiritgani ajralib turibdi.

2010-yillar boshiga qaraganda YeOII mamlakatlarining Qirg‘iziston moliya sektoriga investitsiyalari sezilarli tarzda oshdi. Ham Qozog‘iston banklari, ham Rossiya banklari sarmoya kiritmoqda.

«Qirg‘izistonning YeOIIda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish retsipiyenti sifatida so‘nggi o‘rinda ekanligini respublikaning kamtarona iqtisodiy salohiyati va 2000-yillardan keyin hukm surgan siyosiy beqarorlikni hisobga olib, to‘g‘ri tushunish kerak. Ehtimol, YeOIIga a'zolik tufayli Qirg‘iziston investitsion imijini yaxshilab olar. Boz ustiga, tartibga soluvchi qoidalarning garmonizatsiyasi investitsion muhitni yaxshilash borasida Qirg‘izistonga YeOIIning boshqa mamlakatlari tomon bo‘y cho‘zib yetishib olishga imkoniyat yaratadi», — deyishmoqda YeOTB mutaxassislari.

Barchasi dollarga bog‘liq

Dollar kursi — Qirg‘iziston aholisi uchun eng muhim va eng qiziq iqtisodiy yangilik hisoblanadi. Aholi aksariyat hisob-kitoblarni aynan shu valyutada olib boradi. So‘nggi olti yil ichida injiq «karam» qirg‘izistonliklarning xayoli va qalbini nechog‘lik o‘g‘irlashi mumkinligini ko‘rsatib berdi.

Olti yil ichida kurs 24,2 foizga oshdi: 2011 yildagi 45 so‘mdan 2017 yildagi 69,2 so‘mgacha. Eng murakkabi 2015 yil bo‘ldi. Dollar kursidagi sakrashlar ulkan bo‘ldi. Natijada yil 75,9 so‘mlik kursda yakunlandi. Kurs 80 so‘mga chiqqan paytlar ham bo‘ldi.

Bu hukumat va milliy bankni zudlik bilan va sun'iy yo‘l bilan iqtisodiyotning dollarlashtirilganini pasaytirish va insonlarni so‘mda narx qo‘yishga majburlashga o‘tishiga sabab bo‘ldi. Natijada, dollardagi kreditlar qiymati oshdi va milliy valyutadagilariniki pasaydi.

Dollar kursidagi sakrashlar mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalariga ham juz'iy ta'sir ko‘rsatdi. Umumiy hisobda ular 6 yil ichida Qirg‘izistonga 11 mlrd 892 mln AQSh dollari jo‘natishgan. Eng katta taqchillik 2015 yilda kuzatildi. Amaldorlar qaysi shartlar bilan Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishni o‘ylab ko‘rishayotganida, migrantlar to‘p-to‘p bo‘lib uylariga qayta boshlashdi. YeOII mamlakatlari o‘z bozorlarini tashqi migrantlardan himoya qila boshlashdi. Bunday sharoitda ishlab bo‘lmay qoldi.

2016 yilda vaziyat biroz yumshadi. Lekin eng katta hajmdagi o‘tkazmalar 2013 yilda qayd etilgan — 2 mlrd. 268.3 million dollar.

Dollar kursining keskin sakrashlari milliy bankni tez-tez valyuta bozoriga chiqishga majburladi. Eng ko‘p pul 2014 yildagi inventarizatsiyaga sarflandi — 505,6 million dollar. Eng iqtisod qilingan yil esa 2013 yil bo‘ldi: milliy bank bor-yo‘g‘i 14,7 million dollar sotuvga chiqargan.

2016 yilda barchasi teskari bo‘lib ketdi: Milliy bank sotuvga chiqarganidan ko‘ra ko‘proq dollar xarid qila boshladi. U butun bozordan 44,93 million dollar yig‘ib oldi.

Joriy yilda valyuta bozorida vaziyat nisbatan barqaror. Milliy bank iyul oyidan buyon valyuta bozoriga boshini suqqani yo‘q. Migrantlarning pul o‘tkazmalari ham oshib bormoqda: sakkiz oy ichida ular 1,5 milliard dollar jo‘natishgan.

Mavzuga oid