O‘zbekiston | 20:10 / 02.11.2017
58441
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda komendantlik soati joriy etilmagan

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ayrim xorijiy OAV va ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida paydo bo‘layotgan ba'zi xabarlarga munosabat bildirildi.

Dastlabki savol Toshkent shahrida go‘yoki favqulodda tartib joriy etilgani, kafe va restoranlarga tungi 23-00 dan so‘ng faoliyat yuritishga yo‘l qo‘yilmayotgani, fuqarolar tekshirilayotgani xususidagi iddaolar haqida bo‘ldi. 

ShIIBB post-patrul xizmati vakili podpolkovnik Aziz Sultonovning ta'kidlashicha, shaharda hech qanday komendantlik soati joriy etilmagan. 

“Shaharda komendantlik soati tartibi o‘rnatilmagan. Barcha fuqarolarimiz ko‘chalarda aylanishi, ishga borib-kelishlari, kechki sayr qilishlari mumkin. Yuqorida qayd qilingan holatlar jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar sirasiga kiradi”, - deya oyldinlik kiritdi Sultonov. 

Uning aytishicha, har qanday kafe-barlar, restoranlarning faoliyat vaqti Toshkent shahar hokimiyatidan belgilanadi. Tungi soat 23-00 dan so‘ng yopilishi kerak bo‘lgan ovqatlanish tarmoqlari faoliyati nazorat qilinadi. Bundan tashqari, asosiy profilaktik tadbirlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklar ko‘p sodir bo‘lishi kuzatilgan hududlarda o‘tkaziladi. 

Sultonovning oydinlik kiritishicha, tadbirlar vaqtida asosan, bemaqsad yurgan, yurish-turishida shubha uyg‘otgan yoki jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan fuqarolar ikki xil tartibda jiddiy tekshiriladi. Masalan joyida axborot kommunikatsiya vositalari orqali fuqaroning shaxsi aniqlanadi va savol-javobdan so‘ng shubha uyg‘otmasa, uzr so‘rab qo‘yib yuboriladi yoki uyiga eltib qo‘yilishi (asosan xorijiy fuqarolar) ham mumkin.

ShIIBB PPX vakilining ma'lum qilishicha, profilaktik tadbirlar natijasida yilning o‘tgan 10 oy mobaynida respublika miqyosida qidiruvda bo‘lgan 146 kishi Toshkent shahrida ushlangan. 1443 ta jinoyat fosh etilgan. Bundan tashqari 250 ta jinoyatning oldi olingan. 138 ming 794 ta huquqbuzarliklar aniqlangan. 

Sultonovning qayd etishicha, ayrim huquqbuzarliklar, tahlillarning ko‘rsatishicha, jinoyatga aylanib ketish ehtimollari mavjudligi nuqtai nazaridan o‘ziga xos ijobiy natija hisoblanadi.  

Shu o‘rinda ShIIBB rasmiy vakili Doniyor Toshxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, shaharda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika tadbirlari faqat tungi vaqtlarda emas, balki 24 soat mobaynida uzluksiz davom etadi. 

Mavzuga oid