Jahon | 21:00 / 02.11.2017
85383
9 daqiqa o‘qiladi

«O‘limga hukm qilinsin!»: Soipovning jinoyati qanday oqibatlarga ega?

31 oktabr kuni Nyu-York shahrida yengil yuk mashinasini haydab kelayotgan shaxs 8 kishini bosib o‘ldirdi va 12 kishini jarohatladi. Avtomobil kelib chiqishi o‘zbekistonlik 29 yoshli Sayfullo Soipov tomonidan boshqarilgan. AQSh ma'muriyati hodisani terakt deb baholadi.

Sayfullo Soipov 2010 yilda O‘zbekistondan Amerikaga borgan va o‘tgan vaqt davomida vataniga qaytmagan. U Florida va Nyu-Jyersi shtatlarida yashagan, Uber’da taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan. Kompaniyadagilar Soipov kompaniyada 6 oydan ziyod vaqt davomida ishlaganini tasdiqladi. Bu davr ichida u 1400dan ortiq buyurtmani bajargan, shundan so‘ng kompaniya u bilan hamkorlikni to‘xtatgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Sayfullo Soipov o‘limga hukm etilishini istamoqda. U bugun ikki marta shunday chaqiriq bilan murojaat qildi.

Tramp darg‘azab

AQSh prezidenti Donald Tramp bu voqeaga alohida e'tibor qaratdi. U darhol mamlakatda chegara nazorati kuchaytirilishini ma'lum qildi. 

Prezident avvaliga terrorchini Guantanamoga, AQSh hukumati terrorizmda ayblanuvchi xorijliklarni sudsiz tutib turadigan qamoqxonaga yo‘llamoqchiligini ma'lum qilgandi. Keyinroq u Soipov faqat qatl etilishi kerakligi haqida ayta boshladi.

«Nyu-York terrorchisi o‘z palatasiga IShID bayrog‘ini osishni so‘radi. U 8 kishini o‘ldirdi yana 12 kishini jarohatladi. Buning uchun unga o‘lim jazosi berilishi kerak!», deb yozdi u tvitteriga.

U fikrida qat'iyligini bildirdi.

«Men Nyu-Yorkdagi terrorchini Guantanamoga (harbiy qamoqxona - tahr.) yuborishni istardim. Ammo bu jarayon ko‘p vaqtni oladi... Tez harakat qilish kerak. O‘lim jazosi!», deya yozgan Tramp.

O‘lim jazosiga AQShning ko‘plab shtatlari, shu jumladan, Soipov xunrezlik sodir etgan Nyu-Yorkda ruxsat bor. Lekin bu shtatda o‘lim jazosi oxirgi marta 1963 yilda ijro etilgan.

Tramp qarshi. Lekin hozircha «grin karta» viza lotereyasi to‘xtatilmaydi

Sayfullo Soipov AQShga «grin karta» viza lotereyasi sharofati bilan kelgani ma'lum bo‘lgach, Tramp bu lotereyani bekor qilishga chaqirdi.

«Terrorchi bizning mamlakatimizga Chak Shumerning ko‘ngliga juda xush yoqadigan immigratsion vizalar lotereya dasturi orqali kelgan. Biz, demokratlar yoqlayotgan lotereya tizimi ortiq bo‘lmasligi uchun, qadr-qiymat omillariga asoslangan immigratsiya tizimi joriy etilishi uchun qat'iy kurash olib bormoqdamiz. Biz biroz qattiqqo‘lroq va aqlliroq bo‘lishimiz kerak», — deya yozdi tviterida Tramp.

1990 yilda joriy etilgan bu dastur AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini qo‘lga kiritish imkonini taqdim beradi. 2016 yilda 46,7 ming kishi aynan «grin karta» orqali immigratsiya vizalarini qo‘lga kiritgan. Ulardan 2,4 ming nafari O‘zbekiston fuqarolaridir. Lotereya g‘oliblari kompyuter orqali tasodifiy tanlov yo‘li bilan aniqlab kelinadi.

Bugun esa AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili hukumat «grin karta» viza lotereyasini joriy bosqichda to‘xtatmasligi va unga hech qanday o‘zgartirish kiritmasligini ma'lum qildi.

«Hozirgi vaqtda qonun bilan belgilangan «Turli millatga mansub immigrantlar vizasi» dasturiga hech qanday o‘zgartirishlar kiritilmayapti. Bu masala bo‘yicha axborotga ega bo‘lish uchun Oq uyning 8 oktabrdagi bayonoti bilan tanishib chiqishingiz mumkin», — dedi Davlat departamenti vakili.

IShIDga aloqadorlik

AQSh Federal qidiruv byurosi Nyu-York teraktidan keyin O‘zbekistonning yana bir fuqarosi — Muhammadzoir Qodirov haqida axborot yig‘a boshladi. U Soipovning yaqin tanishlaridan biri ekani ma'lum qilindi.

Soipov 1 noyabrga o‘tar kechasi FQB tergovchilari va Nyu-York politsiyasi tomonidan so‘roqqa tutilgan.

FQB xodimlari Soipovning qo‘l telefonida 90ta videoyozuv va 3,8 mingta surat topgan, ulardan aksariyati — IShID targ‘ibotiga oid materiallar.

CNN telekanali ma'lumotiga ko‘ra, Soipov ijtimoiy tarmoqlarda ham IShID targ‘iboti olib boriladigan akkauntlarga a'zo bo‘lgan.

​FQB Soipov terrorchilikda ayblanayotgani va unga umrbod qamoq jazosi yoki o‘lim jazosi berilishi kutilayotganini ma'lum qildi.

U hujum uyushtirish uchun ataydan Hellouin kunini tanlagani, chunki shu kuni ko‘chada odamlar ko‘proq bo‘lishini bilgan. U terakt vositasi sifatida foydalangan pikapdan ikkita pichoq ham topilgan.

Nyu-York prokuraturasi Soipovni IShIDga moddiy yordam taqdim etish, zo‘ravonlik hamda transport vositalariga zarar keltirishda aybladi. 

«Soipov imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirish niyatida bo‘lgan. U hujum vaqtida avtomobilning old va orqa tomoniga IShID bayrog‘ini ilib qo‘ymoqchi bo‘lgan, biroq, o‘ziga bemahal e'tibor tushishidan qochib, fikridan qaytgan», — deyiladi prokuratura ma'lumotnomasida.

Chorshanba kuni bu ish bo‘yicha dastlabki sud eshituvi bo‘lib o‘tdi. Qo‘lga olinishi vaqtida yaralangan Sayfullo Soipov sudga nogironlik aravachasida kelgan. Soipov qilgan ishidan pushaymonlik belgilarini ko‘rsatmagan.

© REUTERS / Jane Rosenberg

U o‘zining aybdorligi yoki aybsizligi haqida bayonot bermagan, shuningdek, sud jarayoni boshlanguniga qadar garov evaziga ozod qilishlarini so‘rab iltimos ham qilmagan.

O‘zbekiston munosabati

Hodisa haqida xabarlar tarqalishidan ko‘p vaqt o‘tmasdan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampga hamdardlik yo‘lladi. Maktubda O‘zbekiston AQShdagi teraktni tergov qilishda ko‘maklashishga tayyorligi bildirildi.

1 noyabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Nyu-York terakti ijrochisi sifatidagi asosiy gumondor Sayfullo Soipov haqida bayonot berdi.

O‘zbekiston Respublikasining tegishli organlari bu taxminni tasdiqlaydi. Soipov Sayfullo Habibulayevich 1988 yil 8 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 2005 yili kasb-hunar kollejini tamomlagan, 2005–2009 yillarda Toshkent moliya institutida o‘qigan. OTMni tamomlagach, poytaxtdagi «Sayohat» mehmonxonasiga buxgalter sifatida ishga kirgan. AQShga chiqib ketguniga qadar S. Soipov jinoiy javobgarlikka tortilmagan va, umuman olganda, huquq-tartibot organlari nigohiga tushmagan.

2010 yili Sayfullo Soipov «grin-karta» viza lotereyasini yutib olib, o‘sha yili AQShga chiqib ketgan. Oxirgi bir necha yil davomida u O‘zbekistonda tug‘ilgan, AQShda vaqtincha yashab turgan ayol bilan fuqarolik nikohida bo‘lgan. O‘sha paytdan beri Soipov O‘zbekistonga biror marta kelmagan va hali ham Toshkentda istiqomat qilayotgan ota-onasi bilan ko‘rishmagan.

AQShda ekan, Soipov tegishli yuridik normalarga zid ravishda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatlariga turmagan.

Mahalla bo‘yicha qo‘shnilari Soipovga juda ijobiy tavsif bermoqda: ularning so‘zlariga qaraganda, u hech qanday gumon keltirib chiqarmagan, har doim boshqalarga nisbatan o‘zini bosiq va do‘stona tutgan. Farovon oilada tarbiyalangan. Uning ota-onasi an'anaviy islomga ishongan va ekstremistik oqimlar bilan aloqada gumon qilinmagan.

AQShga ko‘chib o‘tgach, Sayfullo Soipov yopiq odamga aylanib, radikal guruhlar ta'siriga tushib qolgan.

Bu teraktdan keyin O‘zbekiston fuqarolarining AQShga kirishi cheklanishi mumkinligi istisno qilinmayapti.

Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders AQSh hukumati O‘zbekistonni fuqarolari mamlakat hududiga kirishi taqiqlangan davlatlar ro‘yxatiga kiritishi mumkinligini aytib o‘tgan.

«Biz hozirda bunga chorlayotganimiz yo‘q, biroq, albatta, buni istisno ham qilmaymiz», deya javob qaytardi u jurnalistlarning shunday ehtimol haqidagi savoliga.

Mavzuga oid