Fan-texnika | 20:06 / 11.11.2017
12177
2 daqiqa o‘qiladi

Vetnamliklar iPhone X’ning yuzni tanish funksiyasini alday oldilar

Foto: tjournal.ru

Vetnamning kiberxavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi Bkav kompaniyasi mutaxassislari iPhone X smartfonida qo‘llangan, foydalanuvchi yuzini tanish funksiyasi Face ID’ni aldash usulini namoyish qilishdi. Ular bu maqsadda ko‘zlarning ikki o‘lchovli suratlari, silikondan tayyorlangan burun va 3D-printerda bosilgan yuz konturlaridan iborat niqobni yaratishdi.

Kompaniya xodimi Face ID funksiyasida o‘zining yuzi qayd qilingan iPhone X’ni bu niqob yordamida blokdan chiqarishga harakat qilib ko‘rdi va bir urinishda buning uddasidan chiqdi.

Ushbu niqobning aksariyat qismi inson tanasi rangiga xos bo‘lmagan oq rangda ekanligiga kompaniyada tushuntirish berilmagan: ehtimol Face ID faqatgina ko‘z, burun va lab atrofidagi mayda fotodetallarni tadqiq qilishi, yuzning qolgan qismini esa shaklddek qabul qilishi bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. Kompaniya bu niqobni yaratish jarayonining batafsil bayonini keyinroq e'lon qilishga va'da bergan.

Face ID funksiyasi yangi iPhone X’larda ekranni blokdan chiqarish, to‘lovlarni amalga oshirish va turli, misol uchun, bank va parollar saqlanadigan dasturlarga kirish uchun qo‘llanadi. Sentyabrda iPhone X taqdimotida Apple vitse-prezidenti Fil Shiller kompaniya Face ID texnologiyasini haqiqiy yuzni niqobdan farqlashga o‘rgatish uchun niqob ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va gollivudlik vizajistlar bilan hamkorlik qilgani haqida gapirib o‘tgandi.

Bundan avval ham Face ID bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlangandi. 

Foto: tjournal.ru

Quyida Face ID’ni shunday aldash usullaridan himoyalashda qo‘llangan niqoblar nusxalari keltirilgan.

Mavzuga oid