Light | 21:00 / 12.11.2017
11995
7 daqiqa o‘qiladi

Uyda ishlab chalg‘imaslik borasidagi tavsiyalar

Foto:launchdfw.com

Hech qanday ishga borish va kelish yo‘q. Hech qanday kutilmagan yig‘ilishlar. Hech qanaqa dress-kod. Masofadan ishlash qandaydir orzudek ko‘rinishi mumkin, toki uning yo‘lida shaxsiy hayotingiz to‘siq bo‘lgunga qadar. Idorada uni chetlab o‘tish oson, biroq uyda shaxsiy va ishchi vaqt o‘rtasida chiziq chizish biroz mushkul bo‘ladi. Vaqtni taqsimlash bo‘yicha maslahtchi va shu haqidagi kitoblar muallifi Elizabet Greys Sonders Harvard Business Review'da shu mavzudagi mulohazalari bilan bo‘lishdi.

Tasavvur qiling, loyiha ustida ish qizigan vaqtida sizga do‘stingiz qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ishingizni tugatishingiz kerakligini yaxshi tushunasiz, biroq gaplashib olish mumkin bo‘lsa ham, muloqotdan voz kechish odobdan emas. Yoxud kundalik rejani tuzishda shaxsiy ishlaringizni nima qilishni bilmay qolgan damlaringizni yodga oling. Kun yarmida kir yuvish mashinasini ishga tushirish ko‘p vaqt olmaydigandek tuyuladi, biroq bunga faqat kun oxirlaganda vaqt topiladi. Oxir-oqibat qachon band, qachon bo‘sh bo‘lishingiz tushunarsiz.

12 yil davomida boshqalarga vaqtni taqsimlash borasida tavsiya berib, masofadan ishlovchi inson sifatida men yaxshini ham, yomonni ham, dahshatlisini ham ko‘rdim. Mening kuzatuvlarimga ko‘ra, eng tashkiliy va samarali xodimlar o‘zlariga o‘zlari chegara belgilashadi. Bu ularga o‘z vazifasini muvaffaqiyatli bajarish imkonini berdi.

Elizabet Greys Sonders masofadan ishlash natijalarini yanada samarali va yoqimli qilishga doir bir necha tavsiyasi bilan bo‘lishdi.

Ishchi soatlarni belgilab qo‘ying

Foto: Baku.ws

Bu g‘alati eshitilishi mumkin, biroq diqqatni jamlab ishlashni istasangiz, "uydan ishlamayapman" deb tasavvur qiling. Taym-menejment bo‘yicha kouch bo‘lishimga qadar ishchi jadvalimda xaos hukm surgan. Kompyuterda ish boshlaydigan vaqtim aniq bo‘lmagan, men ko‘pincha kunduzi uchrashuvlarni tashkillashtirar yoki shaxsiy ishlarim bilan shug‘ullanardim. Shaxsiy hayotimda aniq vaqt cheklovlari bo‘lmagani bois ishimda ham shunday edi. Uyda bo‘lib turib, tez-tez pochtamni tekshirmasam, vijdonim oldida o‘zimni aybdordek his qilardim. O‘zimni haqiqiy hordiq chiqarish uchun noloyiqdek his qilardim.

Uydan ishlash uchun "xizmat soatlari"ni aniq belgilab, bu vaqt oralig‘ida nima mumkinu nima mumkin emasligini rejalashtirganimdan so‘ng barchasi o‘zgardi. O‘zimga o‘zim savol berardim: "Idorada bo‘lganimda shu ishni qilgan bo‘larmidim?" Agar javob inkor ma'nosida bo‘lsa, buni belgilangan vaqtgacha yoki undan keyin bajarishim kerakligini bilardim. Uy ishlari, har xil boshqa ishlar va do‘stlar bilan uchrashuvlarni ishdan tashqari soatlarga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Ba'zan tushlik vaqtida qo‘ng‘iroqlarga javob berishim mumkin edi, albatta. Agar mashinani ta'mirlashdek shoshilinch ish chiqib qolsa, uni ham kunduzgi paytga belgilashim mumkin bo‘lardi. Biroq bu qoidadan istisno bo‘lardi, xolos. Chegaralarni aniq belgilab, nafaqat ish uchun aniq vaqt belgilardim, balki ishdan tashqari vaqtlarda bemalol shaxsiy ishlarim bilan shug‘ullanardim va buning uchun vijdonim qiynalmasdi.

Ishchi kunini samarali qilib rejalashtiring

Foto: Baku.ws

Ishchi kunni to‘g‘ri tashkillashtirib, samaradorlikni maksimal darajaga yetkazish mumkin. Masalan, agar haftasiga bir marta yoki zaruratga qarab uydan ishlasangiz, bu vaqtda uchrashuvlardan voz keching. Ulardan voz kechishning imkoni yo‘q bo‘lsa, hech bo‘lmaganda yarim kuningizni faqat ishga bag‘ishlang. O‘z kuchingiz va rejalashtirilgan uchrashuvlardan kelib chiqib, buning uchun eng qulay vaqtni tanlang.

Keyin shu vaqtda bajarmoqchi bo‘lgan bir yoki ikki vazifani belgilang. Bu bir yoki bir necha soat uzluksiz mehnatni talab qiluvchi yoxud nisbatan ijodiy va strategik fikrlashga undovchi vazifalar bo‘lishi mumkin. Vaqtinchalik elektron pochtadan voz kechish ham foyda beradi yoki hech bo‘lmaganda, soatiga bir martadan ortiq chalg‘imaslik kerak. Hamkasblaringizni vaqtinchalik aloqa vositalaridan yiroq bo‘lishingiz haqida ogohlantiring, shunda ular sizdan uzoq vaqt javob kutib qolishmaydi.

Atrofdagilar uchun chegara belgilang

Sa'y-harakatlaringiz zoye ketmasligi uchun do‘stlaringiz, qarindosh-urug‘laringiz va tanishlaringizga uydan turib ishlaydigan kunlar - bo‘sh kunlar emasligi, shu bois ular boshqa mashg‘ulotlarga to‘g‘ri kelmasligini tushuntiring. Masalan, uyda yaqinlaringiz bilan qolsangiz, shunday deyishingiz mumkin: "Bugun soat 8:00dan to 17:00ga qadar kompyuterda ishlashni rejalashtirganman. Tushlik ustida gaplashishimiz mumkin, qolgan payt band bo‘laman". Shu bilan birga, uyda o‘zingiz yolg‘iz ishlashingiz mumkin bo‘lgan burchakka ega bo‘lish tavsiya qilinadi.

Kutilmagan mehmonlar tashrif buyurgan taqdirda, diplomatik munosabatda bo‘ling

Qo‘shningiz chiqib qoldimi? Xuddi ishxonada hamkasbingiz murojaat qilgandek tasavvur qilib, ikki daqiqa ajrating. Biroq uni qahva yo choy taklif qilib, uzoq muhokamalarga chorlamang. Buning o‘rniga muloyimlik bilan "Siz bilan suhbatlashganimdan xursandman, lekin ishimni tugatishim kerak" deng va ishdan tashqari vaqtga yoki dam olish kuniga uchrashuv  belgilang.

Oxir-oqibat baribir ish bilan bog‘liq bo‘lmagan narsani hal qilishingiz kerak bo‘lsa, ishchi jadvalingizdan bunga to‘g‘ri keluvchi vaqt ajrating. Masalan, oila a'zolaringiz uy ishlariga yordam berishni so‘rashsa, faqat tushlik vaqtida ko‘mak bera olishingizni ayting. Vazifalarni  "bo‘laklar"ga bo‘lib bajarish ham mumkin. "Kiyimlarni kimyoviy tozalashdan olib kelishim mumkin, lekin mahsulotlar xaridi ertangiga qoladi", deyish mumkin.

Vaqtga doir cheklovlarni uzr so‘rovchi ohangda izohlash kerak emas. O‘z shart-sharoitlaringizni dalillardan kelib chiqib bayon qiling, masofadan ishlayotgan vaqtingizni idoradagi ish kabi qadrlang. Faoliyatingiz davomida izchillikka rioya qilsangiz va o‘z va'dalaringizga vafo qilsangiz, atrofdagilar sizning shart-sharoitlaringizni qabul qilishadi va diqqatni jamlashni talab qiladigan ishlaringizga ko‘proq vaqt ajratiladi.

Mavzuga oid