O‘zbekiston | 21:30 / 14.11.2017
146636
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 15 noyabrdan benzin narxi oshmoqda

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan 2017 yil 14 noyabr kuni imzolangan Vazirlar Mahkamasining 913-sonli «Yoqilg‘i-energetika resurslari bilan o‘z vaqtida ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori tarqab ketdi.

KUN.UZ’ning bir necha manbalardan surishtiruviga ko‘ra, ushbu qarorning haqiqiyligi tasdiqlandi.

Qaror matniga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabrdagi PQ-3386 sonli «Yoqilg‘i-energetika resurslari va boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan ta'minlash sohasida raqobatbardoshlik muhitini takomillashtirish, suiiste'molchilik va o‘g‘irlik bilan bog‘liq sharoitlarga barham berish, to‘lov intizomini mustahkamlash, debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish to‘g‘risida»gi qarorini amalga oshirish, shuningdek, yoqilg‘i-energetika resurslariga jahon bozoridagi narxlarning oshib borayotganligi yuzasidan qabul qilingan.

Qarorga ko‘ra, avtobenzin va dizel yoqilg‘isi iste'moli uchun soliqlarni hisobga olib, 2017 yil 15 noyabrdan boshlab quyidagicha chakana narxlar o‘rnatilmoqda:

Ai-80 markali avtobenzin uchun — 1 litriga 3800 so‘m;

Ai-91 markali avtobenzin uchun — 1 litriga 4300 so‘m;

Dizel yoqilg‘isi — 1 litriga 4100 so‘m;

EKO dizel yoqilg‘isi uchun — 1 litriga 4200 so‘m;

QQS bilan hisobga olingan holda ulgurji narxlar:

Aviakerosin — 1 tonnasiga 4.450 ming so‘m;

Yo‘l bitumi — 1 tonnasiga 2.300 ming so‘m;

Yonilg‘i mazuti — 1 tonnasiga 2.400 ming so‘m;

Motor moyi — 1 tonnasiga 4.800 ming so‘m;

Sanoat moylari — 1 tonnasiga 3.400 ming so‘m;

Qarorga ko‘ra, Yevropa sifati va standartlariga mos keluvchi, import qilish orqali olib kiriladigan va import xomashyoni qayta ishlash natijasida olinadigan Ai-92, Ai-93, Ai-95 va Ai-98 markali avtobenzinlar hamda dizel yoqilg‘isi, shuningdek, aviatsion yoqilg‘i Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxati tuziladigan quyish shoxobchalari va aeroportlardagi punktlar orqali tijorat narxlarida sotiladi.

KUN.UZ muxbirining poytaxt ko‘chalaridan xabar berishicha, benzin narxi oshishini eshitgan haydovchilar AYoQShlar oldidan uzundan uzun navbat hosil qilishgan.

Toshkentda benzin vahimasi. Shahardagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar

Eslatib o‘tamiz, «O‘zneftmahsulot» AJ yoqilg‘i narxlarining oshishi borasidagi so‘nggi xabarlarga asossiz, deb baho bergan edi. Shuningdek, ushbu tashkilot avval ham bir necha bor benzin ta'minoti borasida taqchillik va uzilishlar yuzaga kelayotgani haqidagi xabarlarni bo‘hton deya baholab, xavotirlanmaslikka chaqirgan. Vaziyat esa biror marta o‘nglanmagan. Shuningdek, poytaxtda benzin taqchilligini viloyatlardan qatnayotgan ko‘pchilik avtomobillar egalari chayqovchilik niyatida turli yo‘llar bilan keragidan ortiqcha miqdorda avtobenzin olib chiqib ketayotgani bilan tushuntirgan edi.

Mavzuga oid