Barbie ilk hijobli qo‘g‘irchoqlarini namoyish qildi
Amerikaning Mattel kompaniyasi o‘zining ilk hijob kiygan Barbie qo‘g‘irchog‘ini namoyish qildi. Qo‘g‘irchoq amerikalik qilichboz Ibtihoj Muhammaddan andoza olgan.
"Biz Ibtihoj Muhammadni Barbie qo‘g‘irchoqlari safida ko‘rishdan xursandmiz! Ibtihoj butun dunyo bo‘ylab xotin-qizlarni to‘siqlarni yengib o‘tishga ilhomlantiradi", - deyiladi kompaniyaning Twitter sahifasida.
2014 yilning qilichbozlik bo‘yicha jahon chempioni Ibtihoj Muhammad Olimpiya o‘yinlarida hijobda namoyon bo‘lgan birinchi amerikalik sportchi.
Unga asoslanib yaratilgan qo‘g‘irchoq qo‘lida qilich ushlab turibdi, uning kiyimi esa Muhammadning qilichbozlik musobaqalaridagi kostyumini takrorlaydi. Qo‘g‘irchoq 2018 yilda sotuvga chiqadi.
"Qizlarning hijob kiygan Barbie'ni o‘ynash imkoniga ega bo‘lganlaridan juda faxrlanaman! Bolalikdagi orzuim amalga oshdi", - deydi Ibtihoj Twitter'da.