Expo-2025 ko‘rgazmasini o‘tkazishga da'vogar mamlakatlar nomi ma'lum qilindi
Ozarboyjon, Rossiya, Fransiya va Yaponiya Expo-2025 jahon universal ko‘rgazmasini o‘tkazishga da'vogar mamlakatlar sifatida e'tirof etildi. Bu haqida Xalqaro ko‘rgazmalar byurosi xabar berdi.
Ko‘rgazma o‘tkazilishiga nomzod shaharlar - Boku, Yekaterinburg, Parij va Osaka.
G‘olib 2018 yilning noyabrida Xalqaro ko‘rgazmalar byurosi Bosh assambleyasida aniqlanadi. Unda 170 mamlakat vakillari ishtirok etadi. Unga qadar esa, bir yil davomida maxsus komissiya nomzod-shaharlarga borib, ularni baholaydi.
Ko‘rgazma 2025 yilning 2 mayidan 2 noyabriga qadar o‘tkazilishi kutilmoqda. Expo ko‘rgazmasi besh yilda bir marta o‘tkaziladi. 2015 yilda u Milan (Italiya)da bo‘lib o‘tgandi, 2020-2021 yillarda esa Dubay (BAA)da o‘tkaziladi.
Ta'kidlash joizki, Xalqaro Expo ko‘rgazmasi - nafaqat ilmiy-texnik yutuqlarning eng yirik xalqaro ko‘rgazmasi, balki butun bir mamlakatning tarixi, an'analari va madaniyatidir. Ushbu ko‘rgazma 1851 yildan buyon turli mamlakatlarda o‘tkazib kelinadi va ularning har biri alohida mavzuga ega bo‘ladi.
2025 yilda ko‘rgazmani o‘tkazishga nomzod mamlakatlardan biri bo‘lgan Ozarboyjon "Inson kapitalini rivojlantiramiz, eng yaxshi kelajakni quramiz" mavzusini tanladi.
14 noyabr kuni Parijdagi Royal pavilonida Ozarboyjon poytaxti Bokuning xalqaro ko‘rgazmani o‘tkazishga da'vogarlar safiga kirishi sharafiga qabul tashkil qilindi. Unda Ozarboyjon Respublikasining birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva ishtirok etdi va so‘zga chiqdi, shundan so‘ng mamlakat haqidagi videorolik namoyish etildi. U katta qiziqish bilan qabul qilindi.
Tadbirda, shuningdek, Ozarboyjon va Fransiyaning taniqli ijtimoiy-siyosiy arboblari, diplomatik korpus vakillari va boshqa nufuzli shaxslar qatnashishdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga Ozarboyjon bilan bog‘liq suvenirlar, kataloglar va boshqa esdalik sovg‘alari topshirildi.
EKSPO-2017 - 2017 yilning 10 iyunidan 10 sentabriga qadar Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan Xalqaro ko‘rgazmalar byurosi shafeligi ostidagi xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma. Ko‘rgazma mavzusi "Kelajak energiyasi" bo‘ldi. Unda 100 davlat va 10dan ortiq xalqaro tashkilot ishtirok etdi. Ko‘rgazmaga taxminan 4 million kishi tashrif buyurdi, ulardan yarim millioni boshqa mamlakatlardan kelgan.