18:02 / 22.11.2017
15971

«Tonggi soflik mamlakati» - Koreya haqida nimalarni bilamiz? 

Foto: Wikipedia

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning taklifi bilan ushbu mamlakatda davlat tashrifini amalga oshirmoqda. 

Tashrif doirasida tomonlar barcha sohalarda yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazib, mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida bir qancha shartnoma va hujjatlarni imzolamoqdalar. 

Prezidentning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida  «Tonggi soflik mamlakati» deb nomlanadigan ushbu mamlakat haqidagi qiziq ma'lumotlarni taklif qilamiz. 

Koreya Respublikasi Koreya yarim orolining janubiy qismida joylashgan. Hududi 100,28 ming kv. km.ni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bilan  u dunyoda 107-o‘rinda, Osiyoda esa 31-o‘rinda turadi. Koreya Respublikasi 9 ta viloyat, markazga bo‘ysunuvchi 8 ta shahar, hamda 12 million aholi yashaydigan poytaxt Seuldan tashkil topgan. Mamlakat aholisining soni 51,33 millionni tashkil etadi. 2016 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, Koreya Respublikasi dunyodagi barcha davlatlar orasida bu ko‘rsatkich  bo‘yicha 27-o‘rinni egallaydi. 3 oktabr kuni koreyslar o‘zlarining eng asosiy bayrami – Koreya davlati tashkil topgan kunini (mil.avv. 2333 yilda tashkil etilgan Choson  davlati) nishonlaydi. 

Mamlakatning davlat tuzilmasi – prezident rahbarlik qiladigan Respublika.  U mamlakat rahbari va bosh qo‘mondoni bo‘lib, bevosita va yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5 yillik muddatga saylanadi.  2017 yil may oyidan Mun Chje In Koreya Respublikasining prezidenti etib saylangan. 

Boshqaruv tizimiga muvofiq, Prezident mamlakatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqadigan Vazirlar Mahkamasi orqali Ijro hokimiyati funksiyasini amalga oshiradi. Prezident davlat siyosatining muhim masalalari bo‘yicha chiqarilgan qarorlar uchun javobgar shaxsdir. Bosh vazir Milliy Assambleyaning ma'qullashidan so‘ng prezident tomonidan tayinlanadi. 2017 yil iyunidan boshlab Koreya Respublikasining bosh vaziri lavozimida Li Nak Yon faoliyat yuritib kelmoqda.

Yalpi ichki mahsulot hajmi 2,7% ga o‘sdi (2015 y. – 2,6%), nominal hajmi 1,404 trln. AQSh dollarini tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Koreya Respublikasi dunyoda 11-o‘rinni egallaydi. Aholining jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsuloti - 27,6 ming dollar. 

Foto: Korea Bizwire

Janubiy Koreyaning asosiy savdo hamkorlari: 

Eksport bo‘yicha – Xitoy (25%), AQSh (13,5%), Hongkong (6,6%), Vetnam (6,5%), Yaponiya (4,9%), Singapur 2,6%), Tayvan (2,5%), Hindiston (2,5%), Meksika (2,0%).

Import bo‘yicha – Xitoy (11,5%),  Avstraliya (3,7%), Vetnam (3,1%), Qatar (2,5%).

Import qilinadigan asosiy mahsulotlar: neft (9,9%), yarim o‘tkazgichlar (6,8%), tabiiy gaz (3,3%), qayta ishlangan mahsulotlar (2,6%) va boshqalar.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlar eksporti quyidagicha: yarim o‘tkazgichlar (10,5%), avtomobillar (7,4%), kema qurilishi (5,2%), qayta ishlangan mahsulotlar (5,1%), mobil telefonlar (5,1%), 4%), ekranlar (3,2%) va boshqalar.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi asosan xizmatlar uchun investitsiyalar hisobiga 21,3 milliard dollar (+1,9 foiz) ni tashkil etdi. YeI (7,4 milliard), Xitoy (2,05 milliard), AQSh (3,9 milliard), Yaponiya (1,2 milliard).

Foto: AFP

Koreyaga jalb qilingan  xorijiy investitsiyalar hajmi 35,2 milliard dollarni tashkil etadi. 2017 yilda Koreya iqtisodiyotida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishi kuzitildi. Bu eksportning barqaror o‘sishi va ichki iste'molning oshishi hisobidan yuz berdi. Prognozlarga ko‘ra, 2014 yildan boshlab birinchi marta 2017 yilda tashqi savdo aylanmasi 1 trln. AQSh dollariga yetadi.

Moliyaviy ahvol ancha barqaror bo‘lib qolmoqda. 2017 yil noyabr holatiga ko‘ra mamlakatning valyuta zaxiralari 384,4 milliard dollarni tashkil qildi (dunyoda 9-o‘rin).

Mun Chje In hukumati birinchi navbatda aholining daromadlarini ko‘paytirish va jamiyatning tabaqalanish darajasini pasaytiradigan ish joylarini ko‘paytirishga e'tibor qaratdi. Bu o‘z navbatida, iste'molning ortishi, biznesga investitsiyalarni ko‘paytirish va iqtisodiy o‘sishga olib keladi.

Top