786 mln so‘mlik bojxona to‘lovlarini to‘lashdan qochmoqchi bo‘lganlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Ma'lumki, respublikamizga tovarlarni noqonuniy olib kirishga chek qo‘yish, sifatsiz va qalbakilashtirilgan mahsulotlar olib kirilishining oldini olish maqsadida bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirayotgan yuk tashuvchilar chegarani kesib o‘tgan joyidagi bojxona organlariga olib o‘tilayotgan tovarlar to‘g‘risidagi ma'lumotni, shu jumladan ularning nomi, miqdori, vazni va yuklar qiymati, tegishli tovar kodlari haqidagi ma'lumotlarni taqdim etishlari shart.
Amaldagi tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiyalamaslik yoki noto‘g‘ri deklaratsiyalash, ya'ni tovarlar haqida ma'lumotlarni bermaslik yoxud noto‘g‘ri ma'lumotlar berish belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston” temir yo‘l chegara bojxona postida aniqlangan navbatdagi bojxona qoidabuzarligida ayrim shaxslar tomonidan ushbu talablarga zid ravishda ish tutilganligi fosh bo‘ldi.
Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi B.Mamarimov nomiga Xitoydan keltirilgan 2 ta yuk konteynerida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra aslida salkam 50 tonnadan ortiq og‘irlikdagi qurilish mollari va avto ehtiyot qismlari bo‘lishi lozim edi.
Ammo, ushbu konteynerlar yuk qabul qiluvchining ishonchli vakili S.Yuldashev va xolislar ishtirokida belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda konteynerlardan biriga yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida umuman ma'lum qilinmagan 24 turdagi kiyim-kechaklar ortilgani ma'lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning taxminiy qiymati 2 mlrd 230 mln so‘mdan ortar ekan.
Ikkinchi konteynerda ham xuddi shunday holat kuzatildi. Tegishli hujjatlarda qayd etmasdan turib, uddaburonlar qiymati 203 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan kiyim-kechaklar va turli qurilish mollarini bojxona nazoratidan chetlab olib kirishga urinishgan ekan.
Tahlillarga ko‘ra, shu yo‘l bilan qonunbuzarlar 786 mln so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlarini to‘lashdan qochishga urinishgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182 moddasi 2- qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Unga ko‘ra, juda ko‘p miqdordagi tovarlarni boshqa nom bilan deklaratsiyalab, O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mavzuga oid
19:30 / 31.01.2023
Imtiyoz, qulaylik va yo‘qolayotgan byurokratiya – bojxona tizimida nimalar o‘zgardi?
23:41 / 11.01.2023
Zargarlik buyumlarini O‘zbekistondan olib chiqish bo‘yicha yengillik berildi
07:32 / 07.01.2023
O‘zbekistonga olib kiriladigan tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini aniqlash tartibi o‘zgaradi
08:28 / 28.12.2022