Sport | 09:58 / 30.11.2017
20946
2 daqiqa o‘qiladi

Eronlik kurashchi isroillik bilan uchrashmaslik uchun rossiyalikka yutqazib berdi

Foto: Alirez Karimi-Maxianiy

Eronlik kurashchi Alirez Karimi-Maxianiy Polshadagi jahon chempionatida 25 noyabrda rossiyalik sportchi Alixan Jabrailovga yutqazib berganini tan oldi.

Eronlikning aytishicha, 23 yoshdan kichik kurashchilar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha chempionatda uning murabbiyi uchrashuv vaqtida yutqazib berishini talab qilgan. Alirezga agar u g‘olib bo‘lsa, isroillik kurashchi bilan bellashishini va shu sababli yutqazishi kerakligi uqdirilgan. 

Bellashuv videoyozuvida aksariyat vaqt Alirez kichik ustunlik bilan rossiyalik raqibidan oldinda borayotgani, biroq keyin qarshilik ko‘rsatmay qo‘ygani, Jabrailov esa oxir natijada g‘alaba qilganini ko‘rish mumkin.

Bellashuv natijasiga ko‘ra, rossiyalik chorak finalga chiqqan. So‘ngra u isroillik Uri Kalashnikovni, keyingi bosqichlarda belaruslik Roman Chitadze va qozog‘istonlik Azamat Dauletbekovni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Eronlik uni siyosiy sabablarga ko‘ra jangni boy berishga majbur qilishganidan achchig‘i chiqqan. “Men oltin medalni yutish uchun bir necha oylab astoydil mashq qildim va men uni yuta olardim”, deb aytgan eronlik va murabbiylarining talabi uning barcha harakatlarini chippakka chiqarganini aytgan.

Eron Isroilni davlat sifatida tan olmaydi va Falastin hududlarini noqonuniy ravishda bosib olgan deb hisoblaydi. Eronlik sportchilar xalqaro musobaqalarda bir necha marotabalab isroilliklar bilan uchrashishdan bosh tortishgan.