Fan-texnika | 19:15 / 30.11.2017
21803
7 daqiqa o‘qiladi

Orzu texnologiyasi. 1988 yili quyosh energetikasi haqida nimalar deyishgan? 

Foto: Getty Images

Amerikaning Forbes jurnali 1988 yil 12 dekabrda quyosh energetikasi va yangi texnologiyalar istiqbollari haqida maqola chop etgan edi. Unda bugungi kunda keng qo‘llash boshlangan quyosh energiyasidan foydalanish haqida fikrlar bildirilgan. Quyida o‘sha maqola bilan tanishish imkoniga egasiz.

Quyosh energiyasidan keng miqyosda foydalanish — amalga oshishi uchun ko‘p bor orzu deb o‘ylaysizmi? Ammo Zoltan Kiss so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, unday emas. Chronar kompaniyasi asoschisining aytishicha, quyosh energiya tez orada boshqa elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi manbalar bilan raqobatlasha boshlaydi.

Zoltan Kiss 10 yil davomida mehnat qilgan ishini oxiriga yetkazish arafasida. U Nyu-Jyersi shtatidagi Chronar Corp. firmasi prezidentidir. Kiss Chronar kompaniyasida kremniyli fotoelementlarning AQShdagi eng yirik va muvaffaqiyatli ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘ydi. 30 sm.ga 90 sm bo‘lgan panellar yorug‘likni elektr energiyasiga aylantiradi. Chronar shu orqali xarajatlarini tez orada qoplaydigan ko‘rinadi. 

Pochta orqali buyurtmalar beruvchilar, allaqachon, Chronar kompaniyasining hech bo‘lmaganda bitta mahsulotini yaxshi biladi. Bular quyosh batareyalari negizida ishlaydigan bog‘ chiroqlaridir. Ammo Chronar bundan ham muhimroq ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. U jahon elektr energiyasi bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishni xohlamoqda.

Foto: Getty Images

«Amorfli kremniy texnologiyasini ishlab chiqish uchun biz ishlab chiqarish jarayonini aniqlab olishimiz kerak edi. Shundan so‘ng, mavjud bo‘lmagan uskunani ishlab chiqishimiz, undan keyin mablag‘ topib, korxonani ishga tushirishimiz talab etilardi. Siz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymaguncha, mahsulotni ololmaysiz, axir. Bizning bu darajaga chiqishimizga 10 yil vaqt talab etildi», — deydi Kiss.

Fotoelektrik qurilmalar allaqachon fazoda o‘z samaradorligini namoyish etib ulgurgan. Ammo xarajatlar juda katta bo‘lgani sababli ularni ishlab chiqarish sanoatini yo‘lga qo‘yish sekin rivojlanmoqda. Hammasi shisha, po‘lat, alyuminiy yoki plastik ustida mikroskopik tarzda yupqa amorf nokristall qoplamalar ishlab chiqilganidan so‘ng tezlashdi. Tannarx kamaygani sari quyosh energiyasi, atrof-muhit va energiya manbalari bilan bog‘liq muammolar e'tiborga olinsa, eng qulay manba bo‘lib qoladi. 

Fotoelektr elementlari ishlab chiqarish sohasida boshqa firmalar ham bor. Bular Arco Solar, Energy Conversion Devices va Amoco Solarex bo‘limi. Biroq Chronar kopaniyasi raqiblaridan ancha ilgarilab ketdi v fotoelektr qurilmalarni sanoat uslubida rivojlantirmoqda. Chronar bevosita yoki xorijdagi qo‘shma korxonalar ishtirokida yiliga 10 000 kilovatt energiya ishlab chiqara oladi. Kelasi yilda bu raqamni ikki karra ko‘paytirish rejalashtirilgan. 

Albatta, bugungi kun me'yorlari bilan hisoblaganda 10 ming kilovatt unchalik ham ko‘p emas. Chunki an'anaviy elektrostansiya 600 000 kilovatt/soat energiya ishlab chiqaradi. Ammo Edisonning Perl Stritdagi birinchi stansiyasi ham bir vaqtlar atigi 360 kilovatt/soat energiya ishlab chiqqanini unutmaslik kerak.

Chronar ayni vaqtda rivojlanish arafasida turibdi. 1986 yili 1 mln dollar aylanma mablag‘ bilan ish boshlagan Chronar o‘sha yilning o‘zida pulini 11 mln.ga, 1987 yilda 17 mln dollarga yetkazdi. 1988 yilni 35 mln bilan yakunlashni ko‘zlab turibdi. 1989 yil mablag‘ini 70 mln dollardan ortiqqa yetkazish rejalashtirilgan. 

Chronar savdo ko‘rsatkichlarining o‘sishi qisman quyosh panellari ishlab chiqaruvchi qurilmalarini shoxobchalariga sotish bilan bog‘liq. Ammo kompaniya tobora tayyor mahsulotni ko‘proq ishlab chiqarmoqda. Yo‘laklar va bog‘lar uchun chiroqlardan tashqari kompaniya reklama taxtalari uchun yoritgichlar, yo‘llarni yoritish vositalari hamda sanoat bozorlari uchun suv nasoslari ishlab chiqaradi. 

Foto: Fotolia

Eng asosiysi, Chronar so‘nggi besh yilda sarflagan 20 mln dollarni bu yil qoplaydi. «10 yil mobaynida biz rivojlanish bosqichida bo‘ldik, — deydi Kiss. Endi biz zarar ko‘rmaslik darajasiga chiqayapmiz va foyda ko‘rishni kutayapmiz».

Asl kasbi fizik bo‘lgan Kiss jonajon Vengriyasidan 1950 yilda 17 yoshida ko‘chib ketib, Toronto universitetida fan nomzodi darajasini qo‘lga kiritdi. 1960 yillar boshida Nyu-Jyersi shtati Prinston shahridagi RCA laboratoriyasida kvant elektronikasidagi tadqiqotlarga rahbarlik qildi. U 1969 yili Optel nomli suyuqkristalli displeylar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya ochish uchun ilmiy izlanishlarni tark etdi. 1976 yili Mitsubishi kompaniyani xarid qilganidan so‘ng, undan ham ketdi. Olim fotoelektr texnologiyalar sohasida o‘z biznesini ochishga qaror qildi va 1976 yili Chronar kompaniyasini tashkil etish uchun o‘z mablag‘idan 40 ming dollar sarfladi. 

Kissning bayonot berishicha, Chronar 50 kVt.gacha bo‘lgan elektr energiyasining kilovattini 25-35 sentdan ishlab chiqaradigan dizel generatorlar bilan raqobatlasha oladi. Ammo haqiqatda esa, katta bozorni egallash vazifasi turibdi. Kissning aytishicha, bu bozorda keng qamrovli ko‘mirli va yadro yoqilg‘isidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi tizim ishlaydi. Ularning energiyasi 1 kVt*soati 7 sentdan sotiladi. Agar fotoelektr texnologiyalar bu qiymatdan arzonlasha olsa, energiya salohiyati shunchalik ulkanki, uni baholab bo‘lmaydi. Biroq Chronar kompaniyasining uzoqni ko‘zlagan ulkan orzularini barcha birdek baholayotgani yo‘q. 

Kissning qayd etishicha, fotoelektrlik modulli texnologiyadir. Siz hajmni ko‘paytirish uchun katta-katta zavodlar qurishingiz talab etilmaydi. Siz shunchaki panellar qo‘shasiz va ularni birlashtirasiz. Mahalliy energiya tarmog‘iga ham ulanish shart emas. Fotoelektr qurilmalari o‘z-o‘zidan samarali va mustaqil ishlashi mumkin. Chronar kompaniyasining o‘zi ham 60 kilovattli stansiyani Nyu-Jyersidagi bosh qarorgohi tomida joylashtirmoqda. U ishlab chiqqan energiyaning bir kilovatti 20 sentga yaqinni tashkil etadi. 

Yirik elektr energiyasi bozorida raqobat qilish uchun Chronar ko‘proq natijaga erishishi kerak bo‘ladi. Fotoelektr energiyasini ishlab chiqarishda asosiy xarajatlar panellarni ishlab chiqarish va ularni joylashtirish uchun xarajatlardir. Garchi, Chronar bu kabi xarajatlarni 1/3 ga qisqartirishga erishgan bo‘lsa-da, bu yetarli emas. Yaqinda Chronar Pacific Gas Electric kompaniyasiing sho‘'ba korxonasi Bechtel bilan qo‘shma korxona ochishga kelishdi. Bundan tashqari, Sheet Metal Workers pensiya jamg‘armasi bilan ham avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish uchun 25 mln dollarlik kelishuvga erishdi. 

Mavzuga oid