Jamiyat | 18:10 / 01.12.2017
12549
6 daqiqa o‘qiladi

Diniy idorada Davlat maslahatchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi

2017 yil 1 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi vazifalar ijrosi hamda xorijdagi mehnat migrantlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Diniy soha xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtiroki etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi-O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Q.Quronboyev va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar. Bu haqda Diniy idora matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rahbar xodimlari, diniy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ulamolar, imom-xatiblar, Toshkent islom instituti va Toshkent islom universiteti talaba-yoshlari qatnashdi.

Shu yil 15 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Mana shundan kelib chiqib, so‘zga chiqqan notiqlar imom-xatiblar joylardagi chiqishlarida, keng aholi qatlami bilan uchrashuvlarida jinoyat sodir etish juda ham og‘ir gunoh ekani, Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlar qattiq qaytarilganini jonli misollar orqali ta'sirchan qilib tushuntirishlari zarurligini alohida ta'kidlashdi.

Jinoyatning sabablaridan biri – qilayotgan ishining jinoyat ekanini, gunoh ekanini bilmaslikdir. Avvalo ana shu jaholatga qarshi kurashish kerak. Bir ishning gunoh ekanini bilgan odam albatta undan qaytadi. Jinoyatning qaysi bir turini olib qaramang, Islom diniga, insoniylikka xilofdir. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik – bularning barchasi inson hayotiga zarar ekanini tushuntish diniy soha xodimlari va ziyolilar zimmasidagi muhim vazifa ekani alohida qayd etildi.

Foto: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi

Darhaqiqat, har qanday jinoyatdan Qur'oni karim oyatlari, hadisi shariflardagi hikmatlar va ulug‘ ajdodlar o‘gitlarida qattiq qaytarilgan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir munkar, gunoh ishga qarshi kurashga chaqirib, quyidagi hadisi sharifda shunday deganlar:

«Qaysi biringiz bir munkar ishni ko‘rsa, qo‘li bilan qaytarsin. Bunga qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin. Bunga ham qodir bo‘lmasa, dili bilan qaytarsin. Ammo bu eng zaif iymondir» (Imom Muslim rivoyati).

Munkar ish – Islom dinida inkor qilingan, qaytarilgan har qanday yomon ishdir. Har bir odam o‘z jamiyatida sodir bo‘layotgan har qanday yomon ishni ko‘rib-bilib turgan bo‘lsa, loqaydlik qilishi mumkin emas. Kishi avvalo bu gunoh ishni bevosita o‘zi qo‘li bilan qaytaradi. Ulamolar yomon ishni qo‘l bilan qaytarish deganda aynan jamiyatda tartib-intizom o‘rnatishga mas'ullarning jinoyatchilikka qarshi kurashi deb izohlaganlar. Kichik bir yomon ishni har kim ham to‘xtatishi kerak, ammo jinoyatning ko‘lami keng bo‘lsa, unga qarshi butun jamoatchilik kurashishi zarur.

Har qanday yomon ishni til bilan qaytarish aynan ulamolarning, imom-xatiblarning, ziyolilarning, ommaviy axborot vositalarining vazifasidir, har bir imkoni bor shaxs uchun burchdir. Agar kishi yomon ishni qo‘li bilan qaytara olmasa, uni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarish yo‘li bilan amalga oshiradi, gunoh ishning oqibatini bayon qiladi, uni zinhor qilmaslikka chaqiradi.

Shuningdek, ushbu yig‘ilishda shu yil 30 oktabr – 9 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti davlat maslahatchisi boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan va Novosibirsk shaharlaridagi mehnat migrantlari bilan uchrashuvlari to‘g‘risida ham batafsil ma'lumotlar berildi. Ushbu safar davomida mehnat migrantlarining yashash va ishlash sharoitlari bilan yaqindan tanishilgani, yotoqxonalarda yakka tartibdagi suhbatlar uyushtirilgani va mehnat migrantlarining ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqilgani to‘g‘risida so‘z bordi.

Haqiqatan, yosh avlod tarbiyasi doimo eng dolzarb va juda mashaqqatli bo‘lib kelgan. Allomalar jamiyatning rivoji va tinchligi ham yoshlar tarbiyasiga bog‘liq ekanini ko‘p aytishgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada: “Ma'lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda”, - degan edi.

Foto: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi

Bugungi kunda yoshlarda imon-e'tiqodni, dinu diyonatni, halol-haromni, hushyorlikni, zararli ta'sirlarga qarshi kurashishni shakllantirish dolzarb masala hisoblanadi.

Shuningdek, bugungi tezkor axborot zamonida Musulmonlar diniy idorasi ham o‘zining maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, faoliyat yo‘nalishlarini kengaytirib, hozirgi islohotlarning yangi bosqichida diniy-ma'rifiy yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, Islom dini ta'limotini keng targ‘ib qilishga katta e'tibor qaratilayotgani ma'lum qilindi. Shu maqsaddan kelib chiqib, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari tahririyatlari bilan mana shunday xayrli ishlarni jadal olib borishda hamkorlikka tayyor ekani eslatib o‘tildi.

Mavzuga oid