Sport | 20:20 / 14.12.2017
30994
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston futbolida yilning eng yaxshilari aniqlandi

Bugun, 14 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida futbol bo‘yicha 2017 yilning «Eng yaxshilari»ni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Toshkentning «Lokomotiv» klubi O‘zbekistonning 2017 yildagi eng yaxshi jamoasi sifatida e'lon qilindi.

«Lokomotiv» bu mavsumda ketma-ket ikkinchi marta O‘zbekiston chempionati va O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘ldi.

Qarshining «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi uchun mukofot topshirildi. 

Bu mavsumda Berdiyev boshchiligidagi «Nasaf» ichki chempionatda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mavsum yakunida Ro‘ziqul Berdiyev terma jamoaga vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlandi.

«Lokomotiv» klubi hujumchisi Marat Bikmayev O‘zbekistonda 2017 yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Marat Bikmayev bilan birga nomzodlar orasida «Nasaf» yarimhimoyachisi Bahrom Abdurahimov va «Bunyodkor» yarimhimoyachisi Otabek Shukurov nomzodlari bor edi. 

Bikmayev joriy mavsumda «temiryo‘lchilar» tarkibida Oliy ligada jami 25 o‘yinda 26ta gol kiritib, chempionat to‘purariga aylandi. Shuningdek u OChLda 6 o‘yinda 5ta gol kiritgan bo‘lsa, O‘zbekiston kubogida 6 o‘yinda 4ta golga, jumladan hal qiluvchi final o‘yinidagi yagona golga mualliflik qildi.

Bu yil O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini milliy chempionatda ishtirok etayotgan klublar bosh murabbiylari va sardorlari ovoz berish yo‘li bilan aniqlashdi.

Shuningdek, marosim davomida «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» deb «Sevinch» futbolchisi Lyudmila Karachik, «Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi» sifatida «Paxtakor» vakili Igor Chikrizov, «Yilning eng yaxshi futzalchisi» sifatida «Olmaliq» futzalchisi  Konstantin Sviridov, «Yilning eng yaxshi muxlislar jamoasi» sifatida «Qo‘qon-1912», «Eng yaxshi futbol akademiyasi» «Nasaf» akademiyasi, «O‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shayotgan eng yaxshi chet ellik murabbiy» sifatida gruziyalik Shota Arveladze, «Yoshlar ligasi g‘olibi» sifatida «Bunyodkor» jamoalari taqdirlandi.

Mavzuga oid