Jamiyat | 14:40 / 18.12.2017
66971
5 daqiqa o‘qiladi

Vodiy viloyatlarida elektr energiyasi ta'minoti qachon izga tushadi?

Qishning sovuq kunlari kelishi bilan xonadonlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab oshishi tufayli energetika ta'minoti sohasida muammolar boshlanadi.

So‘nggi kunlarda Kun.uz tahririyatiga elektr energiyasidagi uzilishlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushishi keskin ko‘paygan. Bu holat ayniqsa, vodiy viloyatlarida og‘irroq ekani ko‘rinmoqda.

«Qishlog‘imizga kunning 10 soati davomida elektr berishmayapti. Bu holat qachongacha davom etadi?»,- deydi tahririyatga arz qilganlardan biri.

Tahririyat shunday holatlar bo‘yicha - Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining elektr tarmoqlari korxonalari mutasaddilariga aloqaga chiqdi.

Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari rahbarining bildirishicha, viloyatning bir kunlik iste'moli erkin tarzda 17 mln kilovatt/soatdan ziyod bo‘lib, ayni paytda markaziy energotizimda elektr quvvati pasaygani sababli 20 foiz cheklashlar ro‘y bermoqda. 16 dekabr kuni iste'molchilarga 15 mln kilovatt/soatdan ko‘proq energiya yetkazib berilgan. Farg‘onada qo‘shni viloyatlarga qaraganda ahvol birmuncha yaxshi. Sababi, hududda sarflanadigan elektrning 10 foizini viloyatdagi «Qirguli» issiqlik energiyasi stansiyasi ishlab chiqaradi. Mutasaddidan «Markaziy energotizimdagi quvvat kamligi» sababi nimadaligi so‘raldi. «Yoqilg‘i kamligi uchun shunday muammolar yuzaga kelyapti», deya javob berdi u.

Andijon viloyatida oktabr va noyabr oylari davomida aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlariga elektr energiyasi uzilishlarsiz berilayotgan edi. Biroq dekabr oyining o‘ninchi sanasidan so‘ng holat salbiy tomonga o‘zgardi. Viloyat hududlarida kuniga 10 soatgacha cheklovlar bo‘lmoqda. Viloyatning kunlik iste'mol miqdori 12 mln. kilovatt/soatdan ziyod.

Viloyatning soha mutasaddisi ushbu muammoni  markaziy energotizimdagi Tolimarjon, Navoiy va Angren elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalaridagi bloklarning ta'mirlanayotani bois quvvat kamayib ketgani bilan izohladi. «Elektr energiyasi ta'minoti qachon iziga tushadi?», deya berilgan savolga mutasaddining javobi quyidagicha bo‘ldi: «19 dekabrdan Qirg‘izistonning To‘xtagul GESi O‘zbekistonga elektr berishni boshlashi kutilmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, stansiyadagi ikkinchi agregatda ta'mirlash ishlari yakunlanib qolgan. Uch kun ichida vaziyat ijobiy tomonga o‘zgaradi».

Namangan viloyatida ham ahvol yaxshi emas. Mutasaddilarning aytishicha, kuniga 12,5 mln kilovatt/soat energiya iste'mol qiladigan viloyat aholisiga 8 mln kilovatt/soat elektr berilmoqda. Ammo, aholi vakillari so‘nggi hafta davomida Namangan shahrida elektr toki bir soatdan berilib, uch soatdan o‘chganini bildirishdi. Ushbu viloyatdagi energetiklar ham Qirg‘izistondan berilishi kutilayotgan elektr energiyasi vaziyatni barqarorlashtirishini aytishdi.

Biz vodiyning uch viloyatidagi holat bilan tanishar ekanmiz, har bir hudud mutasaddisiga energetika sohasidagi kutilayotgan o‘zgarish va yangiliklarni xalqqa vaqtida va ochiq yetkazib borish taklifini aytdik. Ular bu borada hamkorlik qilishga va'da berishdi.

Qirg‘iziston nashri 16 dekabr kuni To‘xtagul GESi orqali 2017 yilning dekabridan kelgusi yil mart oyigacha O‘zbekistonga 550 mln kilovatt/soat elektr energiyasi eksport qilinishi haqida ma'lumot bergan edi. Agar ushbu xabar va uch viloyatning soha rahbarlari tomonidan aytilgan ma'lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, 19 dekabrdan vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishiga umid qilsa bo‘ladi.   

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, har yili qish faslida elektr energiyasi, tabiiy gaz va ko‘mir borasida ma'lum muammolar yuzaga kelishini oldindan bilamiz. Soha mutasaddilari esa har yili ishga kechroq kirishadilar.

Xalqimizda «qish g‘amini yozda o‘yla», degan naql bor. Ushbu hikmatga amal qilsak, balki uch oy davom etadigan sovuq mavsumi barqaror o‘tgan bo‘lar edi.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 22 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid