Jamiyat | 17:50 / 28.12.2017
38968
5 daqiqa o‘qiladi

Hayotga qaytarilishi mumkin bo‘lgan qirilib ketgan jonzotlar o‘ntaligi

Yarmi yo‘l-yo‘l, yarmi bir rangda bo‘lgan zebrani ko‘rishni istaysizmi? Yoki qadimiy, qirilib ketgan jonzotlarni sayyoramizda boshqa uchratishning iloji yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Adashasiz. Bu jonzotlar haqiqatga aylanashi mumkin, chunki hozirda olimlar qirilib ketgan ba'zi jonzotlarni hayotga qaytarishga va inson tomondan tabiatga yetkazilgan zararni qoplashga tayyorlar. Bunda esa olimlarga qirilib ketgan jonzotlarning yaqin turdoshlari hamda oxirgi yillarda topilgan DNK namunalari yordam beradi.

Hayotga qaytarilishga nomzod jonzotlarni amerikalik Styuart Brendning maxsus jamg‘armasi tanlab oladi. Quyida sayyoramizda yana uchratishimiz mumkin bo‘ladigan jonzotlarning o‘ntaligi keltirilgan.

Dodo yoki Mavrikiy dronti

Bu beozor qushlarning tabiatda tabiiy kushandalari bo‘lmagan. Bu ishonuvchan qushlarni Mavrikiy oroliga kelgan odamlar qira boshlashgan. Yirik qushning go‘shti dengizchilarga xush kelgan. Buning oqibatida bu qushlar to‘liq qirilib ketgan. Oxirgi dodoni 400 yil avval ko‘rishgan. Qushning hayotga qaytarilishiga 2007 yilda uning skeleti topilishi umid uyg‘otdi. Bu skeletda qush DNKsining qimmatli namunalari bo‘lgan.   

Yungdor karkidon

14 ming yil avval, insoniyat tarixidagi oxirgi muz davri vaqtida Yevropa va Osiyo hududida yungdor karkidon yashagan. Uning qalin terisi sovuqdan a'lo darajada saqlagan va shu sababli tosh davri ovchilari e'tiboriga tushgan. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi bu turdagi karkidonlarni yemishdan mahrum etgan. Natijada ular qirilib ketgan. Shunga qaramay, bu jonzotning Sibirda topilgan namunalari evaziga uni hayotga qaytarishga yaxshi imkoniyatlar mavjud.

Oq tumshuqli qizilishton

Bir vaqtlar AQShning janubi-sharqiy hududidagi o‘rmonlarda yashagan bu qush haqida deyarli 1940 yildan beri hech qanday ma'lumot mavjud emas. Ayni vaqtda olimlar tomondan bu qushlar faol ravishda qidirilmoqda, buning uchun robot-kuzatuvchilardan foydalanilmoqda. Kornell laboratoriyasi ornitologlari esa bu qushni tirik holda topganlarga 50 ming dollar mukofot puli va'da qilgan.  

Epiornis

Ko‘pchilik bu qushni tuyani ko‘tarib ola keta olgan, afsonaviy Rux qushining timsoli deb hisoblaganlar. Aslida epiornis yoki “fil-qush” katta o‘lchamlarga ega bo‘lgan. Bu qushlarning balandligi 3 metrni, o‘rtacha vazni 500 kg ga yaqinni tashkil qilgan. Bu qushlar tuyaqushlarning tuxumidan 6 marta kattaroq tuxum qo‘yishgan. Ular faqatgina Madagaskarda yashaganlar. 17-asrda bu qushlar qirilib ketgan. Bunga esa yana odamlar sababchi bo‘lganlari taxmin qilinadi. 

Pireneya tog‘ echkisi 

2000 yil yanvarda Fransiya janubida va Pireneyaning shimolida yashagan oxirgi Pireneya tog‘ echkisi nobud bo‘lgan. Olimlar urg‘ochi echkining DNKsidan foydalanib, uni klonlashtirishga urinishgan, biroq uloqcha tug‘ilgandan keyin uncha ko‘p vaqt o‘tmay nobud bo‘lgan.

Kvaggi

Bu zebraning yo‘q bo‘lib ketgan turi bo‘lib, Janubiy Afrikada tarqalgan bo‘lgan. Yovvoyi tabiatda bu turning oxirgi vakili 1980 yilda yo‘q bo‘lib ketgan, tutqunlikda yashagani esa 1883 yilda Amsterdamda nobud bo‘lgan. Endilikda bu noyob zebralarni qaytarish bo‘yicha loyiha yo‘lga qo‘yilgan.

Xitoy daryo delfini

Xitoy daryo delfini uzoq vaqt davomida Yantszi daryosida suzib yurgan. Biroq o‘n yil avval bu tur yo‘qolib ketgan deb e'lon qilingan. Biroq o‘tgan yil oxirida ba'zilar bu delfinlarni ko‘rganlarini aytishgan. Agar bu delfinlar haqiqatan ham saqlanib qolgan bo‘lsa, unda uni ko‘paytirish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.
 
Tilatsin

Tilatsin yoki tasman yo‘lbarsi ushbu ro‘yxatga kiritilgan yagona xaltali jonzotdir. Bu yo‘lbars Avstraliyada, Tasmaniya va Yangi Gvineyada 1960-yillargacha mavjud bo‘lgan. Ehtimol bu yirtqichni yana hayotga qaytarishga uning yaqin turdoshlari – tasman yo‘lbarsining ba'zi DNKlariga ega bo‘lgan tasman iblislari yordam berar.

Karib monax-tyuleni

Nafaqat ko‘pni ko‘rgan dengizchilar, balki Karib monax-tyulenlari ham dengiz bo‘risi deb atalgan. Ular go‘shti tufayli qirib yuborilgan. Bu jonzotlar Havayi va O‘rta yer dengizi monax-tyulenlari bilan yaqin rishtalarga ega.

Yo‘lovchi kabutar

Mustamlakachilik vaqtlarida yo‘lovchi kabutarlar shunchalik ko‘p bo‘lganki, agar biror daraxtga bu qushlarning galasi qo‘nsa, daraxt shohlari dosh bera olmagan. Bu turdagi oxirgi kabutar 1914 yilda nobud bo‘lgan. Ammo yaqin turdoshlari hali mavjud.