Jahon | 00:28 / 29.12.2017
7043
2 daqiqa o‘qiladi

Media Markt elektronika do‘konlari tarmog‘i asoschisi 78 yoshida vafot etdi

Foto: Getty Images

Germaniyada elektronika do‘konlari tarmog‘i Media Markt asoschilaridan biri, milliarder Erix Kellerxals 78 yoshida vafot etdi. Ma'lum qilinishicha, tadbirkor 25 dekabrda oilasi qurshovida hayotdan ko‘z yumgan.

Kellerxals o‘z biznesini Bavariyada 1963 yilda velosiped, moyli isitgichlar, radio va televizorlar sotishdan boshlagan. Kellerxals biznes-hamkorlari Leopold Shtifel va Valter Gunts bilan 1979 yilda Myunxenda o‘zlarining birinchi elektronika do‘koni Media Markt’ni ochishgan. Ular biznesni kengaytirish uchun kompaniyaning 54 foiz aksiyasini 1988 yilda Kaufhof’ga sotib yuborishgan. 1990 yilda Kellerxals va Shtifel chakana savdo qiluvchi bo‘linmasi nomini Media-Saturn’ga o‘zgartirishgan. Bugungi kunda Media Saturn Yevropaning 15 ta davlatida mingdan ko‘proq do‘konga ega. Kompaniyaning yillik tushumi 23 mlrd dollarni tashkil qiladi.  

Kellerxals rafiqasi bilan Zaltsburgda yashagan. 2004 yilda ular Convergenta Invest und Beteiligungs GmbH xolding kompaniyasiga asos solishgan. Ular bu kompaniya orqali Avstriya, Germaniya va Polshadagi savdo markazlari va ko‘chmas mulkka investitsiyalar kiritishgan.

Tadbirkor Forbes ro‘yxatiga ilk bor 2014 yilda kiritilgan, o‘shanda uning boyligi 4 mlrd dollarga baholangan. Biroq yildan yilga uning boyligi past baholanib kelgan va 2017 yil martida 1,8 mlrd dollarni tashkil qilgan.