Jamiyat | 15:50 / 01.01.2018
11294
2 daqiqa o‘qiladi

Homilador ayollar ultratovush tekshiruvi bilan 100 foiz qamrab olinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 dekabrda qabul qilingan «2018–2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash davlat dasturi to‘g‘risida» gi qarori ham keyingi besh yilda irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash, diagnostika va davolash tadbirlari samaradorligini oshirish, millat genofondini yaxshilash bo‘yicha dasturilamal hujjat bo‘ldi, deb ta'kidlaydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 2017 yil sarhisobi bo‘yicha vazirlik saytida e'lon qilingan maqolada.

Qaror doirasida, 195ta markaziy ko‘p tarmoqli tuman va shahar poliklinikalarining prenatal tashxis xonalarini yuqori hal etish qobiliyatiga ega bo‘lgan statsionar UTT-skaner apparatlari bilan jihozlash belgilangan. Ushbu maqsad uchun Davlat byudjyeti hisobidan 200 ta UTT-skaner apparatlari xarid qilinadi. Bu esa homilador ayollarni UTT tekshiruvi bilan 100 foiz qamrab olish (ilgari ushbu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil qilardi) va 14 haftagacha bo‘lgan muddatda homila o‘sishida tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash, o‘limga olib boradigan nuqsonlarga ega bolalar tug‘ilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Ehtiyoj o‘rganilgan holda qishloq oilaviy poliklinikalarida ginekolog va pediatr vrachlarning shtatlar jadvali qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Dori-darmonga ajratilayotgan mablag‘lar hajmini oshirish, tibbiy yordam brigadalarini kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlash, kadrlar bilan to‘liq ta'minlash ishlari mukammal ado etilmaguncha tizim biz kutgan natijani bermaydi. Shu maqsadda butun respublika hududida tez tibbiy yordamni shoshilinch chaqirishga mo‘ljallangan, tunu kun ishlaydigan, yagona qisqa telefon raqamining uzluksiz faoliyatini ta'minlaydigan Call-markazlar tashkil etish belgilangan, — deydi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov o‘z hisobotida.

UzA Shokirjonov Shuhrat
Tayyorlagan UzA Shokirjonov Shuhrat
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish