Eron bugungi kunda norozilik namoyishlari girdobida qoldi, ushbu aksiyalar so‘nggi o‘n yillikdagi eng keng ko‘lamlisiga aylandi, deb yozmoqda Der Spiegel. Biroq ular boshlanganidan hattoki bir hafta o‘tib ham ko‘p narsa tushunarsizligicha qolmoqda: namoyishchilar aslida nimani xohlashmoqda va norozilik aksiyalari yakunda rejimning o‘ziga qo‘l kelmaydimi? 

"2017 yil Erondagi rejim uchun g‘alabali yakunlandi: Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan jangarilar Livan, Suriya, Yaman va Iroqning bir qismini nazorat qilmoqda. Eron Islom Respublikasi azaliy raqibi Saudiya Arabistoni bilan mintaqaviy kurashdagi o‘z pozitsiyalarini ancha mustahkamladi", - deya yozadi maqola muallifi Kristof Sidov.

“2018 yil rejim uchun yanada mushkul kelishi kutilmoqda. Bu ko‘proq ichki siyosiy vaziyat bilan bog‘liqdir”, - deya ta'kidlaydi jurnalist. U mamlakat deyarli bir hafta davomida norozilik namoyishlari girdobida qolganiga ishora qilmoqda. “Ular prezident Hasan Ruhoniyga xuddi kutilmagan qor kabi bo‘ldi”, - deydi Sidov.

Hasan Ruhoniyyu Foto: Eron prezidentlik idorasi

“O‘z kuchiga haddan tashqari ishonayotgan rejim uchun bu namoyishlar 2009 yildan keyingi eng katta aksiyalarga aylanib, zarba bo‘lib tushdi. O‘shanda, - deya eslatadi jurnalist, - millionlab eronliklar prezidentlik saylovlari davomida Mahmud Ahmadinajod foydasiga soxtalashtirishlar yuz berganiga qarshi norozilik bildirgandi”. 

Hatto bir haftadan keyin ham namoyishlarda qancha eronliklar ishtirok etayotgani noma'lum bo‘lib qolmoqda. 2009 yilgi voqealardan farqli o‘laroq, bu aksiyalar Tehron bilan cheklanmadi. “2009 yilda, - deya davom etadi jurnalist, - asosan o‘rta va yuqori ijtimoiy qatlamlar vakillari o‘z noroziligini bildirgandi, bugungi kunda esa asosan mamlakatdagi kambag‘al fuqarolar ko‘chalarga chiqdi. Bundan hodisalarga guvoh bo‘lganlar dalolat bermoqda. Rejim norozilik namoyishlarni yoritishni ancha cheklab qo‘ydi, internetga kirishni blokladi va aksiyalarni suratga olishni taqiqladi”.

Ro‘y berayotgan hodisalarni aniq tasavvur qilish qiyin, deya ta'kidlaydi muallif. Internetdagi videoroliklarga qarab baho beriladigan bo‘lsa, eronliklar mamlakatda o‘sib borayotgan ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashishmoqda.

Bundan tashqari, namoyishchilar “rejim Suriyadagi urushga va Livanning “Hizbulloh” tashkilotini moliyalashtirishga millionlab mablag‘larni berayotganidan norozi”, deyiladi maqolada.