O‘zbekiston | 20:30 / 04.01.2018
22721
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkino» bosh direktori maqomi bo‘yicha vazirga tenglashtirildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekkino” Milliy agentligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 7 avgustdagi PQ-3176-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. “O‘zbekkino” Milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi), “O‘zbekfilm” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi” mas'uliyati cheklangan jamiyatning:

a) Agentlik huzurida “Multiplikatsion filmlar studiyasi” Davlat unitar korxonasini tashkil etish;

b) Agentlik tizimiga kiruvchi:

“O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi’- Mas'uliyati cheklangan jamiyatni “Hujjatli filmlar kinostudiyasi” Davlat unitar korxonasiga aylantirish;

“Yoshlar tajriba-ijodiy 5-studiyasi” Davlat korxonasini “Yoshlar ijodiy tajriba studiyasi” Davlat unitar korxonasi sifatida qayta nomlash haqidagi takliflari ma'qullandi.

2. Quyidagilar:

“O‘zbekkino” Milliy agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

“O‘zbekkino” Milliy agentligi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

"O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi ustavi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

3. Belgilab qo‘yilishicha:

Agentlik kinematografiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

Agentlikning markaziy apparati, “Qoraqalpoqkino” agentligi, Agentlikning viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlariga Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, sud organlari va notarial idoralari xodimlari mehnatiga haq to‘lash tarif setkalarini joriy etish to‘g‘risida” 1996 yil 12 apreldagi 147-son qarori bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash tartibi qo‘llaniladi.

4. Agentlik ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda "Respublika kinofondi’' davlat unitar korxonasi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar va shtatlar jadvalini tasdiqlaydi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “O‘zbekkino” Milliy agentligining bosh direktori F.Sh.Zokirov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san'at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, agentlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Agentlik, “Qoraqalpoqkino” agentligi, Agentlikning viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, qonun hujjatlariga muvofiq banklarda milliy va xorijiy valyutada hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

Agentlik tizimiga:

Agentlik markaziy apparati;

"Qoraqalpoqkino” agentligi, Agentlikning viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari;

"O‘zbekfilm” aksiyadorlik jamiyati;

"Qoraqalpoqfilm” davlat unitar korxonasi;

“Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi;

"Yoshlar ijodiy tajriba studiyasi” davlat unitar korxonasi;

"Multiplikatsion filmlar studiyasi” davlat unitar korxonasi;

"Respublika kinofondi” davlat unitar korxonasi;

"Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi” davlat unitar korxonasi;

"Kinematografchilar uyi” davlat unitar korxonasi;

"Do‘rmon kinoijodkorlar uyi”davlat unitar korxonasi;

O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi;

O‘zbekiston kinosan'ati muzeyi kiradi.

Quyidagilar Agentlikning vazifalari hisoblanadi:

kino san'atining milliy madaniyatni rivojlantirish, jamiyat ma'naviy hayotini yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyatini hisobga olgan holda bu sohani umumbashariy va milliy qadriyatlar uyg‘unligi asosida taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;

kino san'atida, kino-videofaoliyat sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;

kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar, kinostudiyalar va ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

milliy kino san'atining eng yaxshi an'analarini izchil davom ettirish va boyitish maqsadida iqtidorli yosh kinematografchilarni tarbiyalash, ularning ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;

“Respublika kinofondi” davlat unitar korxonasi faoliyatini bugungi kun talablari negizida tashkil etish;

kinofilmlar yaratish va ularni namoyish etish tizimini tanlovlar tashkil qilish orqali takomillashtirish va qayta texnik jihozlash, aholiga kino-videoxizmat ko‘rsatish darajasini oshirish;

mualliflik huquqlari himoyalangan kino va video mahsulotlarini noqonuniy ravishda respublika hududiga olib kirishga, ulardan foydalanish, ijaraga berish va tarqatishga qarshi zarur choralar ko‘rish;

import va eksport qilinadigan kino va video mahsulotlariga ekspert bahosi berilishini amalga oshirish, respublika hududida kino va videofilmlar ko‘rsatish va ulardan texnik jihatdan foydalanish qoidalarini belgilash;

kinematografiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy kino mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, xorijiy kino ishlab chiqaruvchi tashkilot va kinoijodkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, milliy kino san'atini xalqaro kinofestivallarda namoyish etish.

Agentlikni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bosh direktor boshqaradi. Bosh direktor o‘z maqomiga, maishiy ta'minoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish shart-sharoitlariga ko‘ra - vazirga, bosh direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari - tegishli ravishda vazirning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Agentlik bosh direktori bo‘lmagan vaqtda uning vakolatlari o‘rinbosarlari o‘rtasida taqsimlanadigan majburiyatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Mavzuga oid