Jamiyat | 20:19 / 07.01.2018
24894
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi tub son aniqlandi. U 23 millionta raqamdan iborat

Foto: Illyustrativ foto

Matematikada topilgan yangi tub sonni yozish uchun 7 mingta sahifadan iborat kitob kerak bo‘ladi. Bu yangi tub son 23249425 ta raqamdan iborat. Uni GIMPS (Great Internet Mersenne Prime Search) loyihasi evaziga aniqlash mumkin bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, tub sonlar 1 soni va o‘zigagina bo‘linadigan sonlardir. Misol uchun, 2, 3, 5, 7, 11, 13, 17, 19, 23, 29, 31, 37 va hokazo. Topilgan yangi tub son Marsenn (fransiyalik matematik) sonlariga tegishlidir, ya'ni bunda sonni 2 ning n-darajasi minus 1 ko‘rinishida tasvirlash mumkin. Yangi topilgan tub sonni esa 2 ning 77232917-darajasi minus 1 ko‘rinishida yozish mumkin. Shu sababli yangi songa M77232917 belgisi berildi.   Bu son Marsenn sonlariga kiruvchi 50-son bo‘ldi. 

Bungacha tub sonlar qatori oxiridan o‘rin olgan oxirgi tub son 2016 yil yanvarida topilgandi. Uning uzunligi yangi topilgan tub sonnikidan millionta raqam kamroq. 

Tub sonlarni qidirish loyihasida turli davlatlardan ko‘ngillilar kompyuterlaridan foydalaniladi. Hisoblashlar uchun maxsus algoritmlar mavjud. Yangi tub sonni AQShning Tennesi shtatida yashovchi elektrik Jonatan Peys topdi. U tub sonlarni qidirish bilan 14 yildan beri shug‘ullanadi va birinchi marta bunday katta tub sonni topa oldi. Endi uni 3 ming dollarlik mukofot puli kutmoqda. 

Natijani boshqa kompyuterlarda 32 soatdan 82 soatgacha vaqt davomida tekshirishga to‘g‘ri keldi.   

Tub sonlar arifmetika va barcha natural sonlar asosi hisoblanadi. Istalgan natural son biror-bir tub sonlar ko‘paytmasiga teng. 

Tub sonlar kriptografiyada shifrlash uchun qo‘llanadi. Ular anchagina pul ham turadi. Misol uchun, 2009 yilda topilgan tub sonlardan biri uchun 100 ming dollar miqdorida mukofot puli berilgan.