Deputatlar «Mediatsiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Mazkur qonun loyihasi mamlakatda nizolarni mustaqil shaxslar – mediatorlar ishtirokida bartaraf etishning muqobil usullarini rivojlantirish hamda sudlar zimmasidagi yukni yengillashtirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Mediatsiya deganda mojaroni xolis, adolatli, ushbu mojarodan manfaatdor bo‘lmagan uchinchi tomon – mediator ishtirokida hal etishning muqobil shakli tushuniladi. Mediator tomonlarga nizo yuzasidan muayyan bitim tuzishga yordam beradi. Mediatsiyada tomonlar nizoni bartaraf etishga hamda uni hal etish shart-sharoitlariga doir qaror qabul qilish jarayonini to‘liq nazorat qila oladilar.
Deputatlarning ta'kidlashicha, nizolarni hal etishda mediatsiyani qo‘llash vaqtni tejash va nizolashuvchi tomonlarning – fuqarolar, tashkilotlarning, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlarining sud xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi.
Ular o‘zlari o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarni sudgacha olib bormasdan, advokatlarni jalb etmasdan va sud muhokamasi bilan bog‘liq davlat boji va xarajatlarni to‘lamasdan o‘zaro manfaatli shartlar asosida o‘zlari uchun qulay joy va vaqtda tez hamda arzon hal etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shunday qilib, tomonlarda yuzaga kelgan nizoni tez hal qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shu bilan birga, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi nizolarni sudga qadar bartaraf etish sohasida yuzaga keluvchi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va keng ko‘lamliligini ta'minlashini, nizolarni sudga qadar bartaraf etishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratishini alohida ta'kidlab o‘tildi.
Mavzuga oid
18:07 / 16.10.2024
Oliy Majlis saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi
17:44 / 20.09.2024
«Haddini bilmaganlarni mehmon deyolmaymiz» – O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
23:26 / 25.06.2024