O‘zbekiston | 17:10 / 09.01.2018
16556
4 daqiqa o‘qiladi

Aripovning Dushanbega tashrifi vaqtida tomonlar to‘xtab qolgan muzokaralarni tiklashadi

Foto: top.tj

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya 10 yanvar kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston Hukumatlararo komissiyalarining majlislarida ishtirok etadi.

Ushbu tadbirlar davomidagi muzokaralarda Tojikiston delegatsiyasiga bosh vazir Qohir Rasulzoda boshchilik qiladi.

Aripov amaliy tashrif davomida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qabulida bo‘lishi ham mumkin.

Aripovning ushbu tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning bahorda bo‘lishi kutilayotgan Tojikistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama etiladi.

Ushbu tashrifi chog‘ida tomonlar Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ikki davlat chegarasidagi bahsli qismlarning demarkatsiyasi va delimitatsiyasini tezlashtirish bo‘yicha masalalarni muhokama qilishi kutilmoqda.

Ushbu uchrashuvlar ikki davlat chegara bo‘yicha muammolarni hal qilish uchun alohida e'tibor qaratayotganini ko‘rsatmoqda. Ekspertlar ushbu tashrif natijasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida viza rejimi soddalashishini kutishmoqda. Muzokaralarda temir yo‘l aloqalari, energetika sohasida hamkorlik, avtobuslar va poyezdlar qatnovlari tiklanishini kutishmoqda.

O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlarining o‘zaro chegaralarni  delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha komissiyasi faoliyati 6 yil muqaddam to‘xtab qolgandi. Bu komissiya ishi 2000 yilda boshlangandi. 2002 yilga qadar chegara chiziqlarining 84 foizi belgilab olingan, o‘sha yilning oktabrida ikki davlat rahbarlari o‘zbek-tojik davlat chegaralari bo‘yicha kelishuvni imzolagandi. Bu kelishuv 2009 yilning martida kuchga kirdi.

Chegaraning 16 foizi bo‘yicha bahsli masalalar 2012 yilning fevraliga belgilangan muzokaralarda hal qilinishi kutilgandi. Ammo 6 yil avval chegara chizig‘ini aniqlash va chegaradagi bahsli masalalarni hal qilish uchun o‘tkazilgan 3 kunlik uchrashuv samarasiz yakunlangandi. Chegaraning eng asosiy bahsli masalasi Tojikiston hududida joylashgan, o‘tgan asrning 40-yillarida qurilgan Farhod to‘g‘oni hisoblanadi. 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidentiga aylangach, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash siyosati olib bormoqda. O‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston va Tojikiston tomonlari bir necha marta muzokaralarni tiklashga tayyorligini bildirdi.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston chegaralarining umumiy uzunligi 1332 kilometrni tashkil etadi. Shundan 105 kilometr suv orqali (Amudaryo - tahr.) o‘tgan. Umumiy chegaraning 1240 kilometrlik qismi delimitatsiyasi va demarkatsiyasi bo‘yicha bitim muvofiqlashtirilgan, imzolangan hamda tasdiqlangan.

«O‘zbekiston-Tojikiston chegarasining taxminan 93 kilometri bahsli bo‘lib qolmoqda, bu bahs yaqin vaqt ichida hal etiladi», - deya aytib o‘tgandi Tojikiston Yer tuzish va geodeziya bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari Rajabboy Ahmadzoda o‘tgan yilning yozida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid