Sport | 17:20 / 19.01.2018
22692
9 daqiqa o‘qiladi

Anons. Haftaning asosiy o‘yinlari

Dam olish kunlarida Yevropa chempionatlarida navbatdagi turlar o‘tkzailadi. «Tribuna» haftaning asosiy o‘yinlari anonsi bilan tanishtiradi.

BYoRNLI – MANCheSTeR YuNAYTeD

«Boksing dey» oqshomida bu ikki jamoa «Old Trafford»da ajoyib to‘qnashuvni namoyish etib bergandi. Faqat Lingardning ikki goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolgan «qizil iblislar» o‘sha durang tasodif bo‘lganini e'tirof etgan Joze Mourinoning haq bo‘lganini isbotlashlariga to‘g‘ri keladi.

«Byornli» APL o‘rtamiyonalari ichida hali ham eng yaxshisi, 7-o‘rinni egallab turibdi. Ammo jamoa so‘nggi olti o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmay kelyapti. To‘g‘ri, bu turlarda raqib sifatida Manchester klublari, «Tottenhem» va «Liverpul» ro‘baru bo‘lganini ham alohida ta'kidlash joiz.

«Manchester Yunayted» esa, 2018 yilni ancha ishonchli boshladi va maydonga tushgan uch o‘yinda o‘z darvozasidan gol o‘tkazmagan holda, uch g‘alabaga erishdi. «Siti»ning Liverpuldagi mag‘lubiyatidan keyin ham, aslida oradagi farq juda katta bo‘lsa-da, asta sekin, hali hammasi tugamagani haqida fikrlar paydo bo‘lmoqda. Jumladan, bunday gaplar «MYu» tomonidan, masalan Xuan Mata, Fil Jons kabi futbolchilar tilidan yangradi. Bunday iddaolar bilan «Byornli»da ochko yo‘qotishga ularning haqqi yo‘q.

ATLeTIKO – JIRONA

«Jirona» La Ligada tarixidagi o‘zining ilk o‘yinini mana shu mavsum boshida aynan «Atletiko»ga qarshi o‘tkazgan va dastlabki 25 daqiqada ikki gol kiritib, butun Yevropa e'tiborini o‘ziga qarata olgandi. Keyin madridliklar hisobni tenglashtira olishdi, ammo baribir peshqadam bilan o‘z maydonidagi durang ham «Jirona» uchun ajoyib natija edi.

Keyinchalik esa, Kataloniya klubining Madrid klublariga qarshi qanday natijalar qayd etganini ko‘rdik. «Real» va «Xetafe» mag‘lub etildi. Jironaliklarning «Atletiko» maydonida ham osonlikcha taslim bo‘lmasligi shubhasiz, zero jamoaning o‘tgan turdagi 6:0 hisobidagi g‘alabasi ham futbolchilarga ko‘tarinkilik bersa kerak.

«Atletiko» turnir jadvalida «Barselona»ni ta'qib qilayotgan yagona jamoa bo‘lib qoldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. So‘nggi besh turni g‘alaba bilan yakunlagan Simeone shogirdlari peshqadamga yengil nafas olishga imkon bermayapti. Boshqa jamoalardagi beqarorlik turdan-turga ularning «Barselona» bilan farqini oshirib bormoqda.

ATALANTA – NAPOLI

«Napoli» peshqadamlikni saqlab turib uchun har bir o‘yinda g‘alaba qozonishi shart, «Atalanta» esa, Sarri jamoasi uchun eng noqulay raqiblardan biridir.

Bergamodan o‘tgan so‘nggi 7 o‘yindan atigi bittasida «Napoli» g‘alaba qozonganini e'tiborga olsak, bu o‘yindan talofatsiz chiqish oson bo‘lmaydi. Shuningdek, shu yilning boshida bu jamoalar Italiya kubogida to‘qnash kelgandi va «Atalanta» Neapolda raqibi ustidan g‘alaba qozonishning uddasidan chiqib, peshqadamni musobaqadan chiqarib yuborgandi. O‘sha o‘yindan uch kungina o‘tib, A Seriya o‘yinida «Atalanta» safarda «Roma»ni yengganini ham ta'kidlash kerak. Umuman «Atalanta» so‘nggi ikki oyni juda ko‘tarinki ruhda o‘tkazmoqda va shu davrda o‘tkazilgan 11 o‘yindan atigi bittasida mag‘lubiyatga uchradi.

Har ikki jamoa mavsumning ikkinchi yarmida Yevropa Ligasida kurashni davom ettirishi ham bu o‘yinning ushbu turdagi markaziy o‘yinlardan biri ekanini isbotlaydi,

LION – PSJ

«Lion» Fransiya chempionatidagi jamoalar ichida tarkib, hujumkorlik, o‘yin jihatidan «PSJ»ga eng yaqin kelishi mumkin bo‘lgan jamoadir. Turnir jadvali ham buni isbotlab turibdi, lionliklar ikkinchi o‘rinda borishmoqda.

«PSJ» esa, yangi yilga yanayam quturgan alfozda kirib keldi va qatorasiga sakkizinchi g‘alaba - 8:0 hisobida. Emeri shogirdlari agar bu o‘yinda ham g‘alaba qozonishsa, oradagi farq 14 ochkoga yetadi va «PSJ» bemalol faqat Yevropa Chempionlar Ligasi haqida o‘ylashi mumkin.

Jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvi 2:0 hisobida «PSJ» foydasiga yakunlangandi. 

INTeR – ROMA

Yaqin yaqingacha bu jamoalar A Seriyada chempionlik uchun asosiy da'vogar sifatida tilga olinib kelishayotgandi. Hozir bu haqida gapirishdan ma'no qolmagan bo‘lsa-da, intriga saqlanib turibdi, endi «Inter» ham, «Roma» ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlar uchun kurashmoqda. Yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha («Roma» bir o‘yin kam o‘tkazgan) teng ko‘rsatkich qayd etgan ushbu raqiblarning o‘zaro o‘yinini bemalol «olti ochkolik» o‘yin deb ta'riflay olamiz.

«Inter» va «Roma» o‘rtasidagi so‘nggi o‘yinlarga qarasak, doimiy murosasizlikni ko‘ramiz – so‘nggi 20 uchrashuvdan 7tasini «Inter», 8tasini «Roma» o‘z foydasiga hal qilgan. Birinchi davradagi o‘yinda esa, milanliklar mehmonda o‘ynaganliklariga qaramasdan 3:1 hisobida g‘alaba bilan yakunlagandi.

BeTIS – BARSeLONA

«Barselona» nihoyat ushbu mavsumda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi, lekin bu o‘yin javob o‘yinida vaziyatni o‘nglash imkoniyati bo‘lgan Ispaniya kubogida ro‘y berdi. Shunday bo‘lsa-da, «Espanol»ning g‘alabasi boshqa o‘rtamiyona klublarga ham ishonch berishi tabiiy.

«Betis» hozirda o‘sha o‘rtamiyonalar ichida eng yuqorida turibdi va Chempionlar Ligasi o‘rinlaridan atigi 5 ochko orqada xolos. Ya'ni yaxshi seriya qayd etsa, bemalol yevrokuboklar uchun kurashishi mumkin. Ayniqsa, Andalusiya derbisida «Sevilya» maydonida qozonilgan (5:3) g‘alaba «Betis»ning hujumdagi imkoniyatlari yomon emasligini ko‘rsatdi.

«Barselona» tarkibida Paulino jarohat oldi va hamyurti Koutinoning safiga qo‘shildi. Ammo Alkaser, Umtiti, Delofeu kabi futbolchilarning mashg‘ulotlarga qatnasha boshlagani Valverdega umid beradi. Ayniqsa, kubokdagi javob o‘yinida kerakli natijani qayd etish uchun ham ushbu o‘yinda imkon qadar kamroq sarf bilan g‘alaba qozonish vazifasi turibdi.  

 

BOShQA O‘YINLAR

20 yanvar. «Brayton» – «CheLSI» (17:30), «ARSeNAL» – «Kristal Pelas» (20:00), «MANCheSTeR SITI» – «Nyukasl» (22:30),

21 yanvar. «BAVARIYa» – «Verder» (19:30), «ReAL» – «Deportivo» (20:15), «Sauthempton» – «TOTTeNHEM» (21:00), «Kalyari» – «MILAN» (22:00)

22 yanvardan 23 yanvarga o‘tar kechasi: «YuVeNTUS» – «Jyenoa» (00:45) «Suonsi» – «LIVeRPUL» (01:00)

Mavzuga oid