Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mashinasozlik bo‘yicha kasb-hunar kollejlar 2 yillik ta'lim standratlariga moslashtiriladi
18 yanvar kuni Janubiy Koreya avtomobil sanoatining yetakchi Ajou motor kolleji Prezidenti Shin Sung Ho hamda Toshkent Turin politexnika universiteti rektori K.Sharipov o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” Axborot xizmati xabar berdi.
Memorandum doirasida avtomobil sanoatining bir nechta yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikda o‘quv va innovatsion ishlar olib borishga kelishib olindi. Bunda avtomobil dizayni, arxitekturasi, boshqarish tizimlari, elektronikasi, diagnostikasi va magistrallardagi navigatsiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-ilmiy innovatsion startaplar dasturlari doirasida TTPU professor-o‘qituvchilari hamda “O‘zavtosanoat” AJ muhandis mutaxassislari hamda Janubiy Koreya avtomobil kompaniyalari GM, Daewoo, Hundai va Kia Motors muhandislaridan tashkil topgan Ajou motor kolleji professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ish olib borishga kelishildi.
Memoradum doirasida kollej hamda universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida kadrlar almashinuvi ko‘zda tutilgan. Ajou motor kollejida yo‘lga qo‘yilgan ta'limni ishlab chiqarish jarayonidagi integratsiyasi TTPUning professor-o‘qituvchilari va talabalariga amaliy ko‘mak bo‘ladi.
Bundan tashqari hamkorlik doirasida ilmiy ishlarni rivojlantirish maqsadida turli xil innovatsion loyihalar asosida hamkorlikda ishlash, xorijiy dasturlar asosida xizmat safarlarini tashkil etish, birgalikda xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazish rejalashtirildi.
Memorandum imzolangach Koreya delegatsiyasi rahbari Shin Sung Ho “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati raisi U.Salimov bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida TTPU hamda “O‘zavtosanoat” tasarrufiga o‘tishi rejalashtirilgan kasb-hunar kollejlarining 2 yillik ta'lim standratlarini ishlab chiqish hamda Koreya tajribasini yurtimizdagi ta'lim muassasalariga tatbiq qilish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, delegatsiya mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkent Politexnika muzeyi, “O‘zavtosanoat”ning Pskentdagi poligoni hamda GMPT korxonalarida bo‘ldi. Koreyaning Daewoo kompaniyasi tashabbusi bilan ochilgan Ajou motor kolleji Janubiy Koreya avtomobil sanoatining rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Ushbu ta'lim muassasasi Janubiy Koreyaning avtomobil sanoati rivojlangan markazida bo‘lib, u Hundai, GM Korea va Kia Motors avtomobil kompaniyalariga mutaxassislar tayyorlab kelmoqda.
Hozirgi kunda ushbu ta'lim muassasasida avtomobil sanoating kelajagi bo‘lgan kelgusi avlod avtomobillari gibrid, aqlli va elekromobillarni yaratish keng yo‘lga qo‘yilgan.