Jahon | 23:30 / 24.01.2018
12345
2 daqiqa o‘qiladi

Sayyoramizda topilgan eng mitti pashshaga Arnold Shvartsnegger nomi berildi

Foto: Foto: Public domain/Tyler Hayden

Amerikalik entomologlar sayyoramizdagi eng mitti pashshani aniqlashdi. Uning uzunligi 400 mikrometrdan (0,4 millimetr) oshmaydi. Bu mitti pashsha sayyoramizdagi eng gavdali odamlardan biri, siyosatchi va aktyor Arnold Shvartsnegger sharafiga uning ismi bilan nomlandi. Bu haqda Biodiversity Data Journal jurnalida chop etilgan maqolada aytilgan. “Men bu “shakldor” oyoqlarni ko‘rganimda, bu hasharotni Arnold sharafiga nomlashim kerakligini darrov tushundim. Shvartsnegger zamonamizning nafaqat mashhur insonlaridan va siyosatdagi muhim shaxslardan biri hisoblanadi, balki shaxsan men uchun u va uning avtobiografiyasi men ham mushaklarimni chiqara olishimga misol bo‘lgan”, deb so‘zlamoqda Los-Anjyeles tabiat tarixi muzeyi mutaxassisi Brayan Braun. 

Braunning aytishicha, bu hasharot sayyoramizdagi eng mitti hasharotlardan bo‘lib, asosan tropik va subtropik mintaqalarda yashaydi. Odatda, bu hasharotning kattalari o‘simliklar sharbati bilan oziqlanadi.

Megapropodiphora arnoldi deb nom olgan bu pashsha Braun jamoasi tomondan Los-Anjyeles hududida topilgan. Olimlarning fikricha, bu yerda fanga ma'lum bo‘lmagan boshqa turdagi mitti hasharotlar ham bor.

5 yil avval Braun tomondan Tailandda aniqlangan avvalgi rekord darajadagi mitti hasharot – Euryplatea nanaknihali hozirgi topilgan pashshadan 5 mikrometrga kattaroqdir. Olimning fikricha, tropik o‘rmonlarda va hattoki yirik shaharlarda yanada kichikroq hasharotlar topilishi mumkin.

Mavzuga oid