O‘zbekiston | 17:37 / 24.01.2018
39446
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda imtiyozli kreditlar tugatiladi, bu borada ham bozor mexanizmlari joriy etiladi

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilindi.

Davlat dasturida Pul-kredit siyosatini amalga oshirish va uni rivojlantirishning o‘rta muddatli Kontseptsiyasini hamda 2018 – 2021 yillarda Kontseptsiyani amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xarita»sini ishlab chiqish va tasdiqlash, unda bosqichma-bosqich inflyatsiyaviy targetlash rejimiga o‘tish belgilab olingan.

2018 yilning 1 iyuligacha Markaziy bank, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan Normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan kontseptsiya va «yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi.

Kontseptsiya va «yo‘l xaritasi»da pul-kredit siyosatini amalga oshirishning usul va mexanizmlarini xalqaro tajriba hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish, xususan:

  • umumiqtisodiy, soliq-byudjyet va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish amaliyotini takomillashtirish, bunda iqtisodiy o‘sish, davlat byudjyetining balanslashgani va iqtisodiyotdagi narxlar darajasining barqarorligi bo‘yicha o‘zaro harakatlar va maqsadlarning kelishilganligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratish;
  • likvidlikni boshqarish operatsiyalari bo‘yicha pul-kredit siyosatining samarali qo‘llaniladigan foiz instrumentlari turlarini kengaytirish;
  • tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirishda, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha bozor mexanizmlarini keng joriy etish;
  • ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq makroiqtisodiy tahlil va prognozlashni takomillashtirish;
  • pul-kredit siyosatining, jumladan, qo‘llanilayotgan instrumentlar va yakuniy maqsadlar to‘g‘risida axborot yetkazib berish yo‘li bilan, shaffoflik va prognoz qilish imkoniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Tahririyatdan: Ekspertlarning fikricha, tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirishda, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha bozor mexanizmlarining joriy etilishi — valyuta erkin konvertatsiyasining ochilishi darajasidan kam bo‘lmagan olamshumul yangilikdir. Chunki arzon va imtiyozli valyuta tugatilganidek, endi arzon kreditlar ham tugatiladi. Barchasini bozor hal qiladi.

UzA Shokirjonov Shuhrat
Tayyorlagan UzA Shokirjonov Shuhrat
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish