Jahon | 17:30 / 30.01.2018
18774
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hukumati to‘liq tarkibda va milliarderlar. AQSh sanksiyalar uchun nishonni belgiladi

Foto: TASS

Bugun AQSh Moliya vazirligi Kongressga 210 rossiyalikdan iborat «Kreml ma'ruzasi»ni taqdim etdi. Amerika hukumati fikricha, ushbu shaxslar Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarga ega hisoblanadi. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan shaxslarga nisbatan kelajakda AQSh tomonidan turli cheklovlar va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin. Hozircha ushbu ro‘yxat butun dunyodagi moliya tashkilotlari uchun tavsiyaviy xarakter kasb etadi — ular ushbu ro‘yxatdan o‘z qarorlarini qabul qilishda foydalanishi mumkin. Rossiya tomoni AQShning bu xatti-harakatlarini 2018 yilda kutilayotgan «prezident sayloviga xalal berishga urinish» deb baholamoqda. Ro‘yxat o‘tgan yilning yozidayoq tuzib bo‘lingandi, shu tufayli buni AQSh va Rossiya munosabatlaridagi yangi qadam, deb ham bo‘lmaydi.

Ro‘yxatda 200dan ortiq nom

Hujjat 114 nafar yirik mansabdor va davlat kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, 96 nafar oligarxni qamragan. Ro‘yxatda nomi qayd etilgan amaldorlar orasida prezident ma'muriyati rahbari Anton Vayno, uning birinchi o‘rinbosarlari Sergey Kiriyenko va Aleksey Gromov, prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, prezident maslahatchilari Andrey Belousov, Vladislav Surkov, Yuriy Ushakov, Andrey Fursenko, German Klimenko ham bor. Rossiya prezidentining tadbirkorlar huquqi bo‘yicha vakili Boris Titov va inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari Yevgeniy Fedotov ham «Kreml ma'ruzasi»da.

Ro‘yxatga Rossiya hukumati to‘liq tarkibda kirgan

Bosh vazir Dmitriy Medvedev, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Igor Shuvalov, bosh vazir o‘rinbosarlari Aleksandr Xloponin, Vitaliy Mutko, Arkadiy Dvorkovich, Olga Golodets, Dmitriy Kozak va Dmitriy Rogozin — ularning barchasi ma'ruza ro‘yxatida. Shuningdek, barcha federal vazirlar, iqtisodiy rivojlanish vaziridan tortib Sport vazirigacha bo‘lgan 22 vazir ushbu ro‘yxatda (Maksim Oreshkin, Mixail Abizov, Olga Vasileva, Aleksandr Galushka, Sergey Donskoy, Aleksandr Kolokolsev, Aleksandr Konovalov, Lev Kuznetsov, Sergey Lavrov, Denis Manturov, Vladimir Medinskiy, Mixail Men, Nikolay Nikiforov, Aleksandr Novak, Vladimir Puchkov, Anton Siluanov, Veronika Skvorsova, Maksim Sokolov, Aleksandr Tkachev, Maksim Topilin, Sergey Shoygu va  Pavel Kolobkov). Federal vazirlardan tashqari ushbu ro‘yxatga quyidagilar kirgan: Federatsiya kengashi rahbari Valentina Matviyenko, Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin, Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin, prezidentning ekologiya bo‘yicha maxsus vakili Sergey Ivanov, Rossiya xavfsizlik kengashi (Sovbez) kotibi Nikolay Patrushev, Sankt-Peterburg meri Georgiy Poltavchenko, Moskva meri Sergey Sobyanin, Milliy gvardiya rahbari Viktor Zolotov, FSB rahbari Aleksandr Bortnikov, bosh prokuror Yuriy Chayka va boshqalar.

«Amaldorlar» sifatida 20ta davlat kompaniyasi rahbarlari

AQSh Moliya vazirligi davlat kompaniyalari va banklar rahbarlarini davlat xizmatchilari sifatida qayd etgan. Bu ro‘yxatga Sberbank rahbari German Gref, VTB davlat banki rahbari Andrey Kostin,  «Gazprom» rahbari Aleksey Miller,  «Rosneft» rahbari Igor Sechin, Rossiya temir yo‘llari (RJD) rahbari Oleg Belozerov, «Transneft» rahbari Nikolay Tokarev, «Rostex» rahbari Sergey Chemezov, Vneshekonombank rahbari Sergey Gorkov va boshqalar. Ularning ushbu ro‘yxatga kirgani tashkilotlarda davlat 25 foizlik ulushga ega ekani bilan izohlanadi, shuningdek, davlat bu kompaniyalardan 2016 yil yakunlariga ko‘ra ikki milliard dollarlik daromad olgan.

AQSh Moliya vazirligi «rossiyalik oligarxlar» uchun plankani ko‘tardi

AQSh Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, «rossiyalik oligarx» atamasi «Vladimir Putinga yaqin» va moliyaviy holati 1 milliard dollardan ortiqni tashkil etuvchi rossiyalik biznesmenlarga nisbatan qo‘llanadi. Bu ro‘yxatda 96 kishining nomi bor: Roman Abramovich, Promsvyazbankning sobiq rahbarlari Aleksey va Dmitriy Ananevix, «Alfa-grupp» hammuassislari Pyotr Aven va Mixail Fridman, Moskvaning sobiq meri Yuriy Lujkovning rafiqasi Yelena Baturina, «Bazovogo elementa» xo‘jayini Oleg Deripaska, «Domodedovo» aeroporti xo‘jayini Dmitriy Kamenshchik, «Laboratorii Kasperskogo» asoschisi va rahbari Yevgeniy Kasperskiy, senator va biznesmen Suleyman Kerimov, «Rossiya» banki direktorlar kengashi raisi Yuriy Kovalchuk, Rambler&Co xo‘jayini Aleksandr Mamut, NOVATEK xo‘jayini Leonid Mixelson, aka-uka Boris va Arkadiy Rotenberglar, «Severstali» rahbari Aleksey Mordashov, «Norils Nikel» hammuasisi Vladimir Potanin, ONEKSIm guruhi prezidenti Mixail Proxorov, Volga Group xo‘jayini Gennadiy Timchenko, tadbirkor Oleg Tinkov, USM holdingi hammuassisi Alisher Usmonov, investor Yuriy Milner, shuningdek «Yandeks» hammuasisi Arkadiy Voloj va «Skolkovo» prezidenti Viktor Vekselberg. Amalda «Kreml ma'ruzasi»da Forbes versiyasi bo‘yicha boyligi bir milliard dollardan oshuvchi barcha rossiyalik biznesmenlar nomi aks etgan.

Ro‘yxatdagi chalkashliklar

«Kreml ma'ruzasi» ro‘yxatida yetakchi davlat kompaniyasi «Rosnano» rahbari Anatoliy Chubays, Hisob palatasi rahbari Tatyana Golikovoy, sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrin va Rossiya Banki rahbari Elvira Nabiullina nomi yo‘q. Ularning ro‘yxatga kiritilmaganiga izoh berilmagan. Shu bilan birga hukumat g‘azabiga yo‘liqqan rossiyalik biznesmen Yuriy Shefler ro‘yxatga kiritilgan, u «Stolichnaya» brendi tufayli hamon «Soyuzplodoimport» bilan sudlashmoqda. Sheflerga nisbatan Rossiyada jinoiy ish ochilgan, u federal qidiruvga berilgan, ushbu biznesmen 2002 yildan buyon Rossiyada emas. Yana bir xatolik — ro‘yxatga «Rosseti» rahbari sifatida Oleg Budargin kiritilgan, ammo u 2017 yil sentyabrida o‘z o‘rnini Pavel Livinskiyga bo‘shatib bergandi.

Ro‘yxatda «maxfiy qism» mavjud

Hujjatda «maxfiy qism» borligi va unga yangi nomlar kiritilgani aytilgan. Bu qismdagi shaxslar nisbatan quyiroq pog‘onadagi amaldorlar va nisbatan kamroq boylikka ega biznesmenlar bo‘lishi mumkin. «Maxfiy qism»ning boshqa tafsilotlari keltirilmagan.

Rossiya ushbu ma'ruzani diplomatik munosabatlarni uzish bilan tenglashtirdi

Federatsiya kengashi a'zosi Vladimir Jabarov «Kreml ma'ruzasi»ni AQSh bilan diplomatik aloqalarning uzilishiga qiyosladi, u Rossiya amerikaliklar ma'muriyatining bunday harakatiga «javob berishi»ni aytib o‘tdi. Bosh vazir o‘rinbosari Arkadiy Dvorkovich nisbatan xotirjamlik bilan munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Kreml ma'ruzasida» «Rossiya siyosatida kim aslida kim?» risolasiga o‘xshab ketadi. Bosh vazir o‘rinbosari, hukumat ushbu hujjatni sinchkovlik bilan o‘rganishini ma'lum qildi, u hozircha bunga javoban qandaydir qat'iy chora ko‘rilmasligini qo‘shimcha qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish