Buxoroda birgina insonning injiqligi ortidan Prezidentga ko‘rsatilgan loyiha oxirigacha amalga oshmayapti
Buxoro shahridan tahririyatimizga murojaat qilgan otaxon Sharif Safarov tomonidan ko‘tarilayotgan chalkash va yechimini topmayotgan masala keyingi kunlar trendida juda dolzarb va respublika ahamiyatiga ega ekanligi bilan bizni hayratda qoldirdi.
Keling, nimalar yuz berayotganini bir boshidan, qisqacha hikoya qilib beramiz. Faqat, sabr bilan o‘qing.
2009 yilgi Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosini ta'minlash maqsadida 6 mayda Buxoro shahrining Mirzo G‘ofur, Ibn Sino, Samarqand darvoza ko‘chalarida Buxoro shahrining tarixiy qismida qadimiy va an'anaviy Buxoro uslubida uy-joylar, mehmonxonalar, choyxona, hunarmandlar rastasi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari joylashuvi haqida Buxoro shahri bosh rejasi muallifi — «O‘zshaharsozlik LITI» bilan kelishgan holda qurilish ishlarini boshlash haqida Buxoro shahar hokimi (K.Rustamov) farmoyishi qabul qilinadi.
Mazkur farmoyish asosida hududdagi qurilish ishlari «ARK» loyihalashtirish-ma'morchilik ishlab chiqarish firmasi arxitektorlari Zoirshoh Qilichev va uning rafiqasi Zebo Sharipova tomonidan loyihalashtiriladi. Z.Sharipovaning aytishicha, loyiha «O‘zshaharsozlik LITI»dagi qadimiy shaharlardagi arxitektura ishlari bo‘yicha kurator B.Magdiyev tomonidan tasdiqlangan. 2018 yilda Buxoroda loyihalashtiriladigan ishlarga ham ushbu loyiha kiritilgan.
Arxitektor Z.Sharipova tomonidan qadimiy Buxoro uslubida loyihalashtirilgan, ayni paytda qurib, egalariga foydalanishga topshirilgan, umumiy loyihaning bir bo‘lagi bo‘lgan xonadonlarga ham kirdik. Uylar asalari uyasidek, juda mo‘'jaz usulda loyihalashtirilgan. Masalan, bor-yo‘g‘i 2,9 sotix yerda to‘rtta xo‘jalik biri-biriga xalaqit bermasdan bemalol yashashi, boz ustiga, biror oilaviy korxonani ham yuritishi mumkin bo‘lgan, buxorocha uslubda, individual loyiha asosida, xonadan sohiblarining talab va ehtiyojlarini hisobga olib, ko‘p qavatli uy barpo etilgan.
Xullas, sobiq ana shunday uylardan bir nechtasi yana qurilishi lozim. Uy egalarining qurilishni boshlashlari uchun shahar hokimining qarori chiqarib berilgan, har biri individual loyiha asosida ko‘tarilishi lozim bo‘lgan imoratlarning arxitektura-loyiha topshiriqlari (APZ) lari allaqachon tayyor.
Ushbu loyiha hattoki 2017 yilning 10–11 mart kunlari Buxoro shahriga tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ham taqdim etilgan edi.
«Eski (qadimiy) Buxoroni, uning bozorlarini, tangko‘chalarini tiklashimiz kerak. Lekin u shunday shinam bo‘lishi kerak-ki, odamlar qadimiy tariximizning hidini sezishlari lozim. Odamlar o‘zi turist bo‘lib, qancha joygacha piyoda yuriladi, qanday nafas olinadi, qayerda o‘tiriladi, qayerda yotadi — shularni ko‘rishi kerak. Bu joy kechasi bilan ishlaydigan maydon bo‘lishi kerak. Biz tariximizni tiklashimiz, saqlashimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak», — degan edi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev loyihani ma'qullab, ko‘zdan kechirar ekan.
Sharif Safarov ana shu xayrli maqsad yo‘lida qurilish ishlarini olib borishda sarson bo‘layotgan 31 nafar fuqarolardan biridir. Uning Prezident virtual qabulxonasiga yozgan murojaatiga ko‘z yugurtiramiz:
«2017 yil mart oyida Buxoro shahriga kelib, olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirganingizda, bizga 2016 yil 20 iyun kuni Buxoro shahar hokimining №1129-sonli qarori asosida «O‘zshaharsozlik LITI» bosh loyihasi mazmuni bo‘lgan «Buxoro uslubidagi uy-joylar va hunarmandlar rastasi» konsepsiyasini o‘zingiz shaxsan ma'qullab, tegishli talab va topshiriqlaringiz bergan edingiz.
Ushbu loyihani siz ma'qullab, ko‘rsatmalar bergan bo‘lsangiz-da, Buxoro shahar hokimligi va xususiylashtirish boshqarmasi rahbarlari ushbu holatni nazar-pisand qilmasdan, bizni qurilish ishlarimizni boshlash uchun hujjat va ruxsatnomalarimizni berishni qasddan paysalga solib, raqobat boshqarmasi, biz (31 nafar hunarmand fuqaroni) FIB sudlarida takror va takror ovora qilmoqdalar.
Sizdan iltimos, bizni shaxsiy ambitsiyasi bilan ovora qilayotgan «to‘ralar»dan xolos qilib, qonunan o‘z ishlarimizni davom ettirish — Qadimiy Buxoro uslubidagi uy-joy imoratlarimizni ruxsat hujjatlarini olishimizda amaliy yordam berishingizni so‘raymiz. Zero, kelajakda bu uylarda hunarmandlar xorijiy va mahalliy sayyohlarga turli xizmatlar ko‘rsatishni rejalashtirganlar».
Loyihaga ko‘ra, bir paytlar Buxoro shahridagi sanoat zonasi bo‘lgan va keyinchalik tashlandiq holatga kelib qolgan hududda turar-joylar va hunarmandchilik-ishlab chiqarish massivi yuzaga kelishi kerak. Yuqorida ta'kidlanganidek, uning bir qismi foydalanishga topshirilgan, yana ba'zi joylarida qurilish ishlari davom etmoqda. Biroq, 31 nafar kishiga tegishli ichki qismi to‘xtab turibdi.
31 kishiga tegishli qism sobiq taksomotor kombinati va “Saxovat» AJga qarashli yerlar bo‘lgan. Latifaga mavzu bo‘ladigan holatni qarang endi. Hokim qarori chiqqan. Loyiha tasdiqlangan. Uy qurilishi kerak. To‘siqlar bo‘lyapti. Raqobat boshqarmasi esa, bundan foydalanib, otni qamchilab, sobiq “Saxovat” AJga tegishli yer va mulkni foydalanilmayapti, degan vaj bilan davlat ixtiyoriga qaytarmoqchi! Buxoro tumanlararo sudi raqobat boshqarmasining da'volarini qanoatlantirmadi.
Sh.Safarovning tushuntirishicha, bunday vaziyatning yuzaga kelayotganiga sabab — sobiq taksomotor parkining rahbari Shavkat Fattulayevich Karimovning shahardagi mutasaddilar bilan til biriktirib, loyihani amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotganidir. (Darvoqe, Buxoroda u kishiga qo‘ng‘iroq qildik va u kishi go‘shakni ko‘tarmadi).
Nega u inson bunday qilayapti?
Sh.Karimov tomonidan xususiylashtirilgan va ayni paytda inshootlari turli tadbirkorlarga ijaraga berib yuborilgan sobiq taksomotor parki o‘rni qadimda Sersaron qabristoni bo‘lgan. Hozirgi kunda buzilib, ustiga sanoat binolari tushgan Sersaron jome masjidining qoldiqlari yer ostida turibdi. Chunki 1929 yilda tushirilgan aerofotos'yomka bo‘yicha uning qayerda ekanligi ham aniq.
Arixitektorlar Z.Qilichev va Z.Sharipova tomonidan tayyorlagan va mutasaddilar tomonidan tasdiqlagan, Prezident ham ko‘rib ma'qullagan loyihaga ko‘ra, bu yerda park zonasi tashkil etilishi kerak. Sersaron masjidi o‘sha qadimiy joyida qayta tiklanadi. Park zonasida, shuningdek, amfiteatr, qahvaxonalar, choyxona qurilishi mo‘ljallangan.
Xullas, qadimiy masjid qayta tiklanishi barcha mutasaddilar bilan kelishilgan, barcha tasdiqlagan, lekin Sh.Karimov hamma yoqda «bular jinoyatchilar, IShIDchilar, masjid qurishmoqchi» deb qo‘rqitib, vahima ko‘tarib, loyihaga qarshilik qilib kelmoqda, deydi Sh.Safarov.
Loyiha bo‘yicha shahar hokimining yagona qarori chiqqan. 31 kishi qurishi kerak bo‘lgan imoratlarni park zonasidan ayro holatda barpo etib bo‘lmaydi. Chunki loyiha bo‘yicha ular umumiy yagona ansambl kasb etgan. «Park zonasi oldidan yo‘l o‘tishi kerak. Yo‘l chetida odamlarga xalaqit qilmaslik uchun avtomobil to‘xtash joylari ham nazarda tutilgan. Har qanday qurilish maydonida yo‘l ham hisobga olinadi va chiqariladi-ku? Yo‘lga ajratiladigan 374 kv.m joy uchun Sh.Karimov muammo yaratib o‘tiribdi-da, xullas», — deydi Z.Sharipova.
Loyiha bo‘yicha qurilib bo‘lgan uylarga kirib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Mo‘'jazgina hovlida yengil shabada kezib yuribdi. Hovli va xonalarning ventilyatsiyasi shunday mohirlik bilan loyihalashtirilganki, hayron qolmasdan ilojingiz yo‘q. Uylarning tashqi ko‘rinishi juda oddiy. Birinchi qavatda tashqari tomonida hattoki derazasi yo‘q. Tom shiferlanmagan. Har bir uyning tomigacha chiqish, hattoki o‘sha yerda ham dam olish mumkin. Chunki qadimiy Buxoroda shunday bo‘lgan. Uyning tashqi ko‘rinishi xonadon sohibining ijtimoiy statusidan qat'i nazar, juda odmi ko‘rinishga ega bo‘lgan. Boz ustiga, xonadon begona ko‘zlardan to‘silgan. Uyning mahram va nomahram hududlari bo‘lgan. Mana shu o‘zimizning turish-turmushdagi azaliy qadriyatlarimiz emasmi?
Shaxsan bizni to‘lqinlantirgan jihat, ayni paytda qurilib, foydalanilayotgan uy egalarining arxitektor Z.Sharipova loyihasi xususidagi e'tirofi bo‘ldi: «Uy-joylarimiz buzilib, tasdiqlangan loyiha bo‘yicha qurilish qilishimiz aytilganida bu opa ko‘zimizga balodek ko‘rinar edi. O‘ldirib tashlashga ham tayyor edik, ochig‘i, — deyishdi ular kulib. — Mana endi bu atoqli me'morga har qancha rahmat aytsak ham kam».
Ta'kidlash joizki, yaratilayotgan ushbu hududda milliy mehmonxona komplekslari ham bo‘ladi. Xorijlik sayyohlar oddiy buxoroliklar qanday kun kechirayotgani bilan ham shaxsan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi, ularni qadimiy me'morchilik uslublarimiz bilan hayratga solamiz.
Buxoroda ana shu holatlar hisobga olinib, uy-joylar loyihalashtirilgan. Birinchi qavat va yerto‘ladan do‘kon, ishlab chiqarish xonalari sifatida bemalol foydalanish mumkin. Lekin kimlardir shaxsiy manfaatini vatan va xalq manfaatidan ustun qo‘yib, yurt rahbari tomonidan ma'qul deb topilgan mo‘'jaz loyihaga qaysarlik bilan qarshilik qilishi... Boz ustiga, qadimiy islomiy obidalarni tiklayman degan fidoyilarni terrorchilar, deb haqorat qilishi... Bilmadim, bu qaysi qolipga sig‘adi.
Eng qizig‘i, quriladigan park va uning hududidagi barcha inshootlar Sh.Karimovning o‘ziga egalik huquqi bilan beriladi. Ochig‘i, u o‘zi xususiylashtirgan hududda, sobiq qabriston uzra loyiha bo‘yicha istirohat bog‘i bo‘lishni istamayapti, bizga bildirishlaricha to‘yxona va uylar qurmoqchi, shu sababli qaysarlik bilan loyihaning amalga oshirishga qarshilik ko‘rsatmoqda.
Aminmizki, mutasaddilar — Buxoro viloyat va shahar rahbarlari mavjud muammolarni tezda hal etib, o‘zlari Prezident huzuriga olib chiqib maqtangan loyihalarini tezda amalga oshirish uchun kamarbasta bo‘lishadi va najot kutayotgan fuqarolarga yordam qo‘lini cho‘zishadi.
KUN.UZ bu mavzuga albatta yana qaytadi.
Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ muxbiri
Mavzuga oid
09:51 / 21.11.2024
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
20:55 / 20.11.2024
“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
18:24 / 20.11.2024
Fayzulla Xo‘jayevning jiyani professor Sulaymon Inoyatov vafot etdi
14:38 / 20.11.2024