Jahon | 21:21 / 31.01.2018
20794
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik olimlar bolalarga ularning hujayralaridan o‘stirilgan quloqlarni tikishdi 

Foto: EAST NEWS

Xitoylik shifokorlar mikrotiya bilan tug‘ilgan, ya'ni tug‘ma quloq chanog‘i rivojlanmay qolgan 5 bolaga yangi quloqlar o‘stirishdi. Ular buning uchun tog‘ay hujayralaridan foydalangan holda uch o‘lchovli biobosma texnologiyasini qo‘llashdi.   

5000 kishidan bir kishida uchrovchi mikrotiya quloq chanog‘ining tug‘ma rivojlanmay qolishi bo‘lib, u ko‘pincha osiyolik va amerikalik hindularda uchraydi. U odatda o‘ng quloqqa shikast yetkazib, eshitish qobiliyatining yo‘qolishiga olib keladi. Bu nuqsonni asos sifatida qovurg‘a tog‘ayini olib yoki plastikdan chanoq yasab, plastik jarrohlik yo‘li bilan to‘g‘irlash mumkin.

Biroq xitoylik mutaxassislar noan'anaviy yo‘ldan borishga qaror qilishdi. Ular kompyuter tomografiyasi va 3D-bosma yordamida sog‘lom quloqning uch o‘lchovli strukturasiga ideal mos keladigan karkas yaratishdi. Har bir karkas Spectrum Z510 printerida bosilgan, so‘ngra biomaterial uchun bir nechta qolip yasalgan. 

Har bir qolip ichiga bemorlarning mikrotiyadan shikastlangan quloqlaridan tirik hujayralar – xondrotsitlar joylashtirildi. Yangi quloq o‘sishi 3 oy vaqt olgan. Shundan keyin har bir karkas bemor qulog‘i shakliga kirgach, bemorlarga ko‘chirib o‘tkazilgan. 

Olingan natijalarni deyarli muvaffaqiyatli desa bo‘ladi. 5 boladan 4 nafarida yarim yildan keyin aniq tog‘ay shakllanishining alomatlari paydo bo‘lgan, 3 nafarida yangi quloq chanog‘i shakli va o‘lchami sog‘lom quloqlarniki bilan bir xilda bo‘lgan. Afsuski, 2 nafar bolada biroz deformatsiya kuzatilgan, shu sababli ushbu jarayonni to‘liq xavfsiz va sinovdan o‘tgan, deb hisoblab bo‘lmaydi.

Xitoylik olimlar kamchiliklarga qaramay, olg‘a borib, bu yo‘nalishda keyingi tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini aytishmoqda. “Umuman olganda, biz o‘ziga xos quloq chanoqlarini yaratish, tayyorlash va tiklay olishimizga shohid bo‘ldik”, deb aytgan olimlar.

Mavzuga oid