22:24 / 02.02.2018
37235

Tuman hokimi nega arzon go‘sht yetkazib berishni istamaydi?

Foto: O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi matbuot xizmati

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yashovchi 19 yoshli chorvador Umidjon Eshonqulov tushib qolgan vaziyat, ochig‘i atrofdagilarni befarq qoldirmaydi...

Gap shundaki, yosh chorvador Sharof Rashidov tuman hokimligiga chorvachilik faoliyatini fermer xo‘jaligi sifatida kengaytirish uchun,  bugungi kunda tuman zaxirasida turgan tashlandiq yerni so‘rab qilgan murojaatlari besamar ketmoqda. Hokimlar o‘qituvchini so‘kib, urib, xalqni haqorat qilgan bir paytda, bu nima bo‘libdi, dersiz?! Ammo...

Aholining muntazam narxi oshib borayotgan sifatli go‘shtga bo‘lgan talabi o‘z vaqtida qondirilmayapti. Buning ustiga, Sh.Rashidov tuman hokimi yilqichilik, chorva, zotdor echki naslchiligi, hudud aholisini sut va go‘sht mahsulotlari bilan ta'minlashga ayri ko‘z bilan qaramoqda.

Yosh, shijoatli Umidjon Eshonqulov Jizzax shahar Sailjoy akademik litseyini a'lo baholarga tamomlab, oilaviy chorvachiligini yanada rivojlantirishni maqsad qildi. Bu faoliyatda anchayin omadi yurishgan Umidjon o‘tgan ikki yil davomida zotdor qoramollari sonini 55 bosh, otlari sonini 52 bosh, tuya sonini 2 bosh, sut yo‘nalishidagi oq naslli echkilari sonini 95 bosh, mayda shoxli qo‘ylari sonini 300 va parrandalari (g‘oz, tovuq) sonini 100 taga yetkazdi.

Oilaviy xo‘jalik tomonidan birgina 2017 yil davomida 30 boshli naslli buzoq tumandagi chorvadorlarga, 50 tonnadan ziyod sut mahalliy bozorda sotildi. Ushbu faoliyat tufayli oila a'zolarining bandligi ta'minlandi. Havas qilguli natija shundaymi? Lekin Umidjon Eshonqulovning aytishicha, tuman hokimligi yosh chorvador faoliyatiga to‘siq qo‘ymaganida, yetarli sharoit yaratganida hozirgi natijalardan uch-to‘rt barobar yaxshiroq samaraga erishish, qishloqning bir nechta ishsiz yoshlarini ishli qilish mumkin edi. Eng asosiysi, bozorga go‘sht mahsulotlarini ko‘proq yetkazib berib, xalqni arzon mahsulotlar bilan ta'minlash imkoni bo‘lardi.

O‘zbekiston Respublikasi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasiga asosan, Chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi. Fermer xo‘jaligiga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,3 gektarni, boshqa viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,45 gektarni, sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etishi belgilangan.

Ko‘rib turganingizdek, qonunchilikda chorvachilikni rivojlantirish uchun  yetarlicha huquqiy asos yaratilgan. Kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lganda va tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qilinganda fermer xo‘jaligi tashkil etishga ruxsat beriladi.

19 yoshli chorvadorning esa tuman hokimligiga faoliyatini kengaytirish bo‘yicha qilgan murojaatlari foyda bermadi. Tuman hokimi tomonidan ko‘rsatilgan va fermerlikka umuman aloqasi bo‘lmagan sabablar kishini hayron qoldiradi: “Avval 1 tonna metallomga to‘lov qilishing kerak”, “Sendan boshqa da'vogar bo‘lmagani uchun yer ololmaysan!”.

Qiziq, fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun nomzodning mutaxassisligi, mehnat staji, hisob varag‘idagi pul mablag‘i, o‘zi yoki oila a'zolariga tegishli texnikasi, boring ana biznes rejasi bo‘lishi kerakligini bilar ekanmizu, lekin metallom solig‘ini....

“Faoliyatimiz fermer xo‘jaligi hisoblanmasligi sababli chorvamizga davlatdan imtiyozli narxlarda yem olish imkoniyati yo‘q. Bozorda esa yem narxi davlatdan olinadigan yem narhidan ikki, uch barobar baland”, deydi Umidjon.

Chorvadorning aytishicha, tuman hokimligidan so‘ralgan yer ayni paytda boshqa bir kishiga berib yuborilishi ko‘zlangan. Qiziq, endi yosh chorvador boqishga yeri bo‘lmagan qora mol, yilqi, tuya, zotdor oq echkilarni sotib yuborishi kerakmi?

Prezidentimiz ham 2017 yilning 9 dekabrida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda baliq, asal yetishtiriladigan, echki, qoramol, parranda, yilqi kabi boqiladigan xo‘jaliklar faoliyatini rivojlantirish bundan keyin ham soha oldida turgan ustuvor vazifalardan bo‘lib qolishini ta'kidladi soha rivoji uchun yangi vazifalarni belgilab berdi.

Ushbu belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashda tuman mutasaddilari ham mas'ul ekanligini unutishmasa, sohaning o‘ziga xos qiyinchiliklarini yengib mehnat qilayotgan yoshlar yo‘liga to‘siq qo‘yishmasa yaxshi bo‘lardi. Biz bu mavzuga yana qaytamiz...

                                    
Ilyos Safarov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

muassisligidagi O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi xodimi

Mavzuga oid
Top