Sport | 19:50 / 16.02.2018
102994
4 daqiqa o‘qiladi

Endi boks «puf sassiq»mi?: Yangi rahbariyatga «Uzbek Tigers» malol kelmoqda

Boks bo‘yicha Butunjahon boks seriyasi (WSB) O‘zbekiston sharafini himoya qilib kelayotgan «Uzbek Tigers» jamoasi faoliyatini to‘xtatishi mumkin.

KUN.UZ manbasi ma'lum qilishicha, yangi tuzilgan Jismoniy tarbiya va sport vazirligida 14 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda jamoaning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki foyda keltirmayotgan holda ortiqcha xarajat bo‘layotgani aytilib, uning faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi bo‘yicha taklif berilgan. 

O‘zbekiston sportiga kelgan yangi rahbariyat bu musobaqaning kelajagiga shubha bilan qaragan va jamoaning faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Uzbek Tigers» bu mavsumda «Amerika» guruhida Kuba, Kolumbiya va Venesuela jamoalari bokschilariga qarshi jang o‘tkazishlari lozim edi. 9 fevral kuni Kubada bo‘lib o‘tgan birinchi bahsda ikkinchi tarkib bilan qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi «Cuba Domadores»ga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

Qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda boks O‘zbekistonda juda ommalashdi va futboldan keyin ikkinchi raqamli sport turiga aylangandi. 2016 yilda Rio-de-Janeyroda qo‘lga kiritilgan natijalardan keyin (jamoa 3ta oltin, 2ta kumush va 2ta bronza bilan birinchi o‘rinni egallagandi) esa bu sport turining obro‘si hattoki futbolga ham soya solayotgani e'tirof etildi. So‘nggi yillarda bu sport turida qo‘lga kiritilgan natijalar boksning O‘zbekistonda birinchi raqamli sport turiga aylanayotganini isbotlagandek edi.

2017 yilda endi o‘zbekistonlik bokschilar 3ta yirik musobaqa — WSB, Osiyo Chempionati hamda Jahon Chempionatida ishtirok etdi.

Uzbek Tigers jamoasi WSB turnirida bundan avval ikki mavsum ishtirok etgan, jamoa ilk urinishadayoq yarim finalga qadar yetib borib, kubaliklardan yengilgandi. Keyingi mavsumda esa Kuba vakillari chorak finaldayoq duch keldi. Kuba Samarqandda 3:2 hisobida taslim qilindi. Safar janglari esa omadsiz kechdi - 0:5.

Keyinroq Toshkent mezbonlik qilgan Osiyo Chempionatida o‘zbekistonlik bokschilar hech kimga imkoniyat qoldirmadi. 10ta vazn toifasidan 9ta oltin medalni qo‘lga kiritish tarixda hech kimga nasib qilmagandi. O‘zbekiston boks termasi bu borada rekord o‘rnatdi.

Nihoyat Germaniyaning Hamburg shahridagi jahon chempionati. Dunyoning eng kuchli bokschilari kelgan turnirda O‘zbekiston yana bir marta o‘zini ko‘rsatdi. Delegatsiya bu turnirda Kubadan keyin ikkinchi bo‘ldi (1ta oltin, 2ta kumush va 3ta bronza). Qit'adagi eng asosiy raqib Qozog‘iston ortda qoldirildi.

Bu natijalardan keyin O‘zbekiston boks federatsiyasi Osiyoda tengsiz deb tan olindi. Osiyo Chempionatida ham, Jahon Chempionatida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan Shahram G‘iyosov esa yil bokschisi bo‘ldi.

Mavzuga oid