Prezident Buxorodagi bog‘chalardan birida bo‘ldi
Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyat markazidagi 54-maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi «2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Buxoro viloyatida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bolalar bog‘chalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, yangilari barpo etilmoqda. Bugungi kunda Buxoro viloyatida 343 ta maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
54-maktabgacha ta'lim muassasasi 280 o‘ringa mo‘ljallangan. Bog‘cha binosi o‘tgan yili kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlangan. Bu yerda 31 nafar pedagog va tarbiyachi bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda», deyiladi xabarda.
Davlat rahbari bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, xodimlar bilan muloqot qilgan.
Bog‘chada tajriba tariqasida tashkil etilgan qisqa muddatli boshlang‘ich rivojlantirish markazi faoliyati haqida ma'lumot berilgan.
Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta'limning uslubiyatini takomillashtirish, malakali tarbiyachilar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Mavzuga oid
11:34 / 08.10.2024
Buxoroda ikki ishchi tok urishi oqibatida halok bo‘ldi
17:13 / 12.08.2024
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
16:34 / 21.07.2024
Buxoroda xorijdagi eriga jahl qilib, bolalarini kaltaklagan ayolga jazo qo‘llandi
10:17 / 10.07.2024