Jahon | 22:20 / 17.02.2018
6427
3 daqiqa o‘qiladi

BAA 2020 yilda Marsga ilk missiyasini jo‘natmoqchi

Foto: Reuters

Birlashgan Arab Amirliklari neftdan tushadigan pullarning bir qismidan o‘zining koinot dasturini moliyalashtirish uchun foydalanmoqda. 2020 yilgacha mamlakat Marsga ilk missiyasini jo‘natmoqchi, 99 yildan keyin esa u yerda mustamlakaga ega bo‘lmoqchi, deb xabar bermoqda CNN.

Ayni vaqtda mamlakat o‘z koinot dasturiga 5,4 mlrd dollar investitsiya ajratdi. Amirliklar hukumatining tushuntirishicha, bu hozircha to‘liq neftga bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishning yo‘llaridan biridir. “Biz o‘z koinot missiyalarimizni tashkillashtirishni va o‘z sun'iy yo‘ldoshlarimizni uchirishni istamoqdamiz”, deb aytgan Dubaydagi koinot markazi vakili Salom Xumaid.

Mamlakatda koinot bilan bog‘liq ulkan rejalar mavjud bo‘lib, ularning “cho‘qqisi” Qizil sayyorani zabt etish hisoblanadi. Biroq yaqin kelajak uchun eng katta vazifa mahalliy mutaxassislar tomondan loyihalanib, yig‘ilgan ilk sun'iy yo‘ldoshni uchirishdan iborat. Bu qurilma joriy yilda yaponiyalik hamkorlar yordamida orbitaga uchirilishi rejalashtirilgan. Mamlakat bungacha sun'iy yo‘ldoshlar uchirgan, biroq bu qurilmalar xorijiy hamkorlar yordamida qurilgan. 

Sun'iy yo‘ldosh uchirilgandan keyin amirliklar Mars dasturining faol bosqichiga o‘tadi. Rejalarga ko‘ra, “Al-Amal” zondi 2020 yilda uchirilib, Mars orbitasiga 2021 yilda – BAA mustaqilligining 50 yilligida yetib boradi. Shu tariqa BAA Marsni tadqiq qilish sohasida ishlovchi 9 ta davlatdan biriga aylanadi. 

Zond tadqiqot missiyasini bajaradi: Mars atmosferasi va sirtini o‘rganadi. 

Zond BAAning Marsni zabt etishdagi ilk qadamidir. Mamlakatning eng asosiy va jur'atli loyihasi 99 yildan keyin amalga oshirilishi kerak. 2017 yilda mamlakat rahbariyati 2117 yilda Marsda arab qishlog‘i paydo bo‘lishiga va'da bergan. Biroq avval buning uchun Mars sharoitlarini takrorlovchi katta shahar quriladi. Maydoni 176 kvadrat kilometr keladigan shaharda oziq-ovqat, energiya, suv ishlab chiqaruvchi laboratoriyalar, o‘simliklarni yetishtirish uchun issiqxonalar bo‘ladi. Shuningdek, yaqin 10-15 yil ichida BAAdan ilk 4 fazogir paydo bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid