Orzudagi biznes: Oy va Mars kolonizatsiyasidan qanday pul ishlash mumkin?
Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatdoshlarimdan biri Oy va Mars kolonizatsiyasi yo‘lida qilinayotgan xarajatlar hech qachon o‘zini oqlamasligini qiziqqonlik bilan isbotlashga harakat qildi. Darhaqiqat, raketa parvozi va Xalqaro kosmik stansiya (XKS) faoliyatiga qancha pul sarflanishi haqida ko‘p eshitamiz, shuning uchun kosmonavtika zaruratdan ko‘ra ko‘proq hashamatdek tuyuladi. Bugungi kunda sun'iy yo‘ldoshlardan daromad kelishi aniq dalil bo‘lsa, Qizil sayyoraga kelganda faqatgina transport xarajatlari shubha uyg‘otadi: bunday biznes xarajat qilishga arzirmikan? Kosmosni o‘zlashtirish tarixi shubhasiz arzishini ko‘rsatmoqda. Forbes mutaxassisi Aliya Prokofeva shu haqida so‘z yuritadi.
NASA 1976 yildan beri agentlik faoliyatining aks mahsulotlariga bag‘ishlangan "Spinoff" yilnomasini nashrdan chiqarmoqda. Shu kunga qadar 2000 ga yaqin kashfiyot, shu jumladan NASA tomonidan xususiy kompaniyalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan kashfiyotlar kundalik hayotda qo‘llanib kelinmoqda. Ularga Yevropa va Sovet kashfiyotlari qo‘shilsa, juda ko‘p texnologiyalar va shunga yarasha pul malbag‘lari kelib chiqadi - masalan, xotira effektiga ega matras va yostiqlar sotuvlarda yetakchilik qilmoqda, smartfoningizda esa NASA texnologiyasi asosida ishlangan matritsali kamera bor.
Sayyoralar kolonizatsiyasi yanada ko‘p spin-off mahsulotlarini keltirib chiqaradi. Qaysi yo‘nalishlar eng faol rivojlanadi?
Har yangi kun robototexnika ilg‘or o‘lkasidan yangiliklar olib kelmoqda. Quyosh tizimi sayyoralarini o‘zlashtirish istiqbollari ham e'tibordan chetda qolmaydi.
Kosmik parvozlar sohasidagi ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchi Jonson nomidagi kosmik markaz (NASA) mutaxassislari Valkiriya robotini ishlab chiqarishdi. Bu predmetlarni ko‘chirish va ularni ulashga qodir robotdir. Robot ishlab chiqaruvchilari uning bo‘lg‘usi Mars bazasiga maydon tayyorlashi va qurilishda ishtirok etishini taxmin qilishmoqda.
Germaniyaning Jastin roboti to‘rt g‘ildirakli odamsimon tors ko‘rinishini olgan. U uchar predmetlarni ila bilish, suratga olish va ularni yo‘llash kabi "muhim" xususiyatlardan tashqari, mayda ta'mirlash ishlarini amalga oshira oladi. Sinovlar davomida Jastin bir necha daqiqaning o‘zida ishdan chiqqan quyosh batareyasini muvaffaqiyatli to‘g‘irladi.
Bir qarashda sun'iy intellekt dunyo bo‘ylab muhim yurishini boshlagandek tuyulishi mumkin. Biroq mohiyat shundaki, bu robotlarning barchasi yagona, ancha qimmatbaho nusxalardir, sun'iy intellekt esa ko‘pincha muayyan dasturchilar guruhining fikrlash doirasiga bog‘liq bo‘ladi. Natijada esa ham robot ishlab chiqarish, ham alohida elementlar ishlab chiqarishning uddasidan chiquvchi xususiy tadbirkorlar uchun keng faoliyat maydoni ochiladi.
Insonga o‘xshash avtonom robot sarmoyachilarda kerakli taassurot qoldira oladi, biroq ko‘plab oddiy robotlar ham kerak bo‘ladi: razvedkachilar, yuk tashuvchilar, tashuvchilar. Bu robotlarning barchasiga, shubhasiz, hozir Yerda ham talab katta, masalan, og‘ir sharoitlar yoki xavfli obektlarda ishlash uchun.
3D-bosma
Yer tashqarisidagi koloniyalarda 3D-bosma birinchi zarurat predmetlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Printerlarning keng spektori kerak bo‘ladi: sanoatdan tortib maishiygacha. Biri plastik likopchalarni bosmadan chiqarsa, boshqasi - murakkab mexanizmli detallar, uchinchilari esa - koloniyachilarning turar-joylarini. Hozirda XKSda Made In Space (MIS) kompaniyasining vaznsizlikda ishlovchi 3D-printerlari muvaffaqiyatli sinovdan o‘tmoqda. MIS shuningdek ochiq kosmos sharoitlarida ishlay oluvchi printerlarni ham ishlab chiqqan.
Biz kosmosdagi yirik o‘lchamli konstruksiyalarni bosmadan chiqarish texnologiyasi ustida ishlayapmiz. Bu bir tomondan, ko‘p narsalarni kosmosning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi, zero ularni Yerdan tashish qimmatga tushardi. Boshqa tomondan esa, biz Yerning o‘zida ham katta konstruksiyalarni bosmadan chiqarishga bo‘lgan so‘rovlarga duch keldik - bu asosan samolyot va avtomobillar detallari. Oy va Mars tuprog‘idan uy qurishga kelganda esa, ham Amerika, ham Yevropa tomonidan bu borada bir necha loyiha taqdim etildi.
Biroq yer tuprog‘ining nimasi yomon? 3D-printerlar yordamida qurilish texnologiyalarini Yerda ham qo‘llash mumkin, ayniqsa, yetish qiyin bo‘lgan joylarda bu ayni muddaodir.
Issiqxonalar
Zamonaviy issiqxona — bu mexanizmlar va datchiklar bilan to‘ldirilgan murakkab texnologik kompleks. U sutkada 24 soat ishlaydi va yil bo‘yi hosil beradi, bunday hosildorlik darajasi o‘tmishdagi fermerlarining tushiga ham kirmagan. Issiqxona LED-lampalar bilan jihozlangan, o‘simliklar gidroponikda yetishtiriladi. Shu bois mavjud texnologiyalarni Yerdan tashqaridagi koloniyalarga tatbiq qilish qiyinchilik tug‘dirmaydi.
NASA bo‘lg‘usi Oy va Mars bazalari uchun maxsus Lunar/Mars Greenhouse issiqxonalarini ishlab chiqdi. Taxminlarga ko‘ra, ular tuproqdan olingan mahalliy suvdan foydalanadi. Ehtimol, ular yer yuzasiga o‘rnatilar, o‘shanda ular LED-chiroqlar bilan ta'minlanar.
Mars One loyihasi yaqin kosmos-biznesi namunasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Uning asoschisi Bas Lansdorp Marsga koloniyachilarni yo‘llashning uddasidan chiqishiga hamma ham ishonmaydi, odamlarning u yerda yashashi mumkinligiga-ku undan-da kam odam ishonadi. Odamlar Lansdorp yolg‘onchimi yoki yo‘qligi borasida bahslashishgunga qadar u Mars tuprog‘i muqobilida sabzavotlarni muvaffaqiyatli yetishtirmoqda. Shunday ekan, Marsda bazalar paydo bo‘lganida golland va uning hamkasblaridan qishloq xo‘jalik o‘simliklarini yetishtirish texnologiyasini sotib oladiganlar topiladi. Bu butun dunyoga mashhur golland issiqxonalariga qo‘shimcha reklama bo‘ladi.
Tibbiyot
Dorixonada "Miramistin" xarid qilayotganingizda u orbital stansiyalar uchun keng ta'sirga ega antiseptik sifatida paydo bo‘lganini bilsangiz kerak. Diabetikni har safar shprits yordamida insulin yo‘llash zaruratidan xalos qiluvchi, ba'zi modellarda esa - har safar qondagi qand miqdorini o‘lchash zaruratidan xalos qiluvchi insulin pompasi kosmonavtlarga masofadan tashxis qo‘yish uchun aks ta'sirga ega mahsulot.
Masofadan tashxis qo‘yish va davolash, robot-jarrohlar, vaznsizlikda dori ishlab chiqarish — yer tashqarisidagi koloniyalar uchun muhim bo‘lgan bu yo‘nalishlar hozirda faol rivojlanmoqda. Yaqin kelajakda olimlar hujayralardan hayot uchun chidamli organlarni yetishtirishni o‘rganishi rejalashtirilmoqda va hozirning o‘zidan 3D-printerda sifat jihatidan inson hujayralariga yaqin bo‘lgan yangi avlod implantlari bosmadan chiqarilmoqda.
Axborot texnologiyalari va aloqa
Bu texnika mo‘'jizalari uchun ham gigant korporatsiyalar, ham mikrokorxonalar va hatto individual ishbilarmonlar ishlab chiquvchi dasturiy ta'minot kerak. Axborot xavfsizligiga bo‘lgan talab oshadi, axborot himoyasiga ixtisoslashgan kompaniyalar talabgor bo‘ladi. Yuqori quvvatli aloqa tizimlari va Marsdan Yerga signal uzatish texnologiyalari ishlab chiqiladi.
Reklama
1997 yilda Isroilning sut mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Tnuva kompaniyasi kosmosda rolik olgan birinchi kompaniya bo‘lgandi - u "Mir" orbital stansiyasida tasvirga tushirilgan edi. 2001 yilda Pizza Hut XKSga pitssa yetkazgan ilk kompaniya bo‘lgan. Yaqinda esa Ilon Maskning Tesla Roadster avtomobili Mars tomon yo‘naldi. Shubhasiz, bu hozircha kamomad ko‘rayotgan Tesla kompaniyasi sotuvlarini ko‘paytiradi. Coca-Cola yoki Nestle kabi mashhur kompaniyalarning kosmik dasturlardagi ishtiroki esa, o‘z navbatida, kosmosga bo‘lgan e'tiborni kuchaytiradi.
Ko‘ngilochar tadbirlar
Miyaga keladigan birinchi narsa — turizm. Hozircha SpaceX'ning sayyohlarni Oy tomon to‘xtovsiz parvozga yo‘llash rejalari haqida ma'lum qilingan, lekin Oy va Mars koloniyalari paydo bo‘lganida ularda mehmonxonalar qurish masalasini ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi.
Qolgani ishbilarmonlarning fantaziyalariga bog‘liq. Ehtimol, dastavval iste'molchilarga boshqa sayyorada masofadan robot-avatar "niqobi"da sayohat qilish yoki Oyga o‘rnatilgan teleskopga nazar tashlash imkoni berilar. Vaqt o‘tgach, ko‘ngilochar dasturlar Oy va Marsga turistik sayohat qilish imkoniga ega bo‘lmaganlar uchungina qoladi. Sayyohlar uchun esa "marscha" parklar, restoranlar va suvenirlar savdosini o‘z ichiga oluvchi rivojlangan infratuzilma paydo bo‘ladi.
Kinosanoat Oy va Marsda s'yomka qilish imkoniga ega bo‘ladi. Ma'lum bir vaqt o‘tgandan keyin ularga bo‘lgan qiziqish so‘nadi, lekin bu imkoniyatdan birinchi bo‘lib foydalanib qoladiganlar ancha xarajatlarini qoplab olishadi va kinematograf tarixiga kirishadi.
Bu Oy va Mars kolonizatsiyasi ortidan boyish mumkin bo‘lgan bor-yo‘g‘i bir necha soha xolos. Ulardan tashqari, energetika va transport sohalari, shuningdek yangi materiallar ishlab chiqarish va kompyuter o‘yinlari sonaotida yangi istiqbollar ochiladi. Shu bilan birga, "Mars" ramzlari, raketalar modellari va kosmik qurilmalar surati tushirilgan esdalik tangalari, markalar, suvenirlar haqida ham unutmaslik kerak.
Mavzuga oid
20:08 / 10.11.2024
Xitoyga tegishli marsoxod Marsda qadimiy okean izlarini topdi
17:44 / 08.11.2024
Xitoy 2030 yilgacha odamlarni Oyga uchirishini ma’lum qildi
10:56 / 07.11.2024
Pomidordan qulupnaygacha. Marsda yashay oladigan 8 ta o‘simlik ma’lum qilindi
23:34 / 18.10.2024