Iqtisodiyot | 20:20 / 26.02.2018
15125
4 daqiqa o‘qiladi

Bank xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etildi

Xalqaro tajribadan ayon bo‘lishicha, moliyaviy xizmatlar bozorining samarali, barqaror va haqqoniy faoliyat yuritishi uchun moliyaviy institutlar professional me'yor va etikaga ega bo‘lishi, moliyaviy bozorni regulyator tomonidan samarali nazorat qilinishi va tartibga solinishi, moliyaviy xizmatlardan foydalana olinishi va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilinishi hamda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish imkoniyati kabi o‘zaro bog‘liq bo‘lgan komponentlarning mavjudligini taqozo etiladi.

Shu bilan birga, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish nazorat qiluvchi organlarning huquqiy va tartibga soluvchi muhitni samarali shakllantirish faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi PF-5296-son «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash departamenti negizida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etildi.

Xizmatning asosiy vazifasi quyidagilardan iborat:

bank xizmatlari istemolchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash;

moliyaviy xizmatlar qulayligini oshirish;

aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish bo‘lib hisoblanadi.

Bunda bank xizmatlari deganda tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar tushuniladi. Bank xizmatlari iste'molchilari deganda esa kredit tashkilotlaridan bank xizmatlarini olmoqchi bo‘lgan, olayotgan yoki olib bo‘lgan jismoniy shaxslar (ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar ham) va yuridik shaxslar kiradi.

Xizmat o‘z faoliyati davomida tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan huquq buzilishlari holatlari bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqib, mazkur huquqbuzarliklarni bartaraf etish va iste'molchilarning huquqlarini tiklash bo‘yicha ishlar olib boradi.

Bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish va kuchaytirish maqsadida Jamoat qabulxonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur Jamoat qabulxonalariga iste'molchilar bank xizmatlari sohasidagi amaldagi qonunchilik normalari yuzasidan maslahat va tushuntirishlar olish maqsadida murojaat etishlari mumkin.

Shuningdek, moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish maqsadida, kredit tashkilotlariga bank xizmatlari iste'molchilarining manfaatlarini himoya etish standartlariga nisbatan qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash, aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yuzasidan moliya-kredit tizimida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bank xizmatlarini ko‘rsatish madaniyatini oshirish, mijozlarning talablarini qondirish imkonini beruvchi innovatsion bank xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.

Iste'molchilarning bank filiallari ofislariga hech qanday to‘siqsiz kirishi uchun ma'murlar bilan ta'minlangan mijozlarni dastlab qabul qiluvchi va axborot-maslahat beruvchi tizim va shart-sharoitlar yaratiladi.

Shuningdek, iste'molchilarning xizmatlar bo‘yicha haqqoniy va batafsil axborot olishdagi huquqlarini amalga oshirish maqsadida kredit muassasalari tomonidan mijozlarga kredit shartnomasi tuzilishidan oldin kredit (zayom)ning haqiqiy qiymatini bilish imkonini beradigan «kreditning to‘liq qiymati» to‘g‘risida axborot taqdim etilishini ta'minlash choralari ko‘riladi.

Markaziy bank bank xizmatlarining sifatini yaxshilash, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish hamda bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik normalarini takomillashtirish yuzasidan rejali tarzda ishlarni amalga oshirib boradi.

Joriy yilning mart oyida Markaziy bankning internet-resursida (http://www.cbu.uz) Xizmatning alohida bo‘limi ochiladi. Ushbu bo‘limda bank xizmatlari iste'molchilari uchun batafsil ma'lumotlar joylashtirib boriladi.

Bank xizmatlari iste'molchilari o‘z huquqlarini buzilishi holatlari yuzasidan Markaziy bankning (0371) 200-00-44 raqamli Ishonch telefoniga yoki Toshkent sh., I.Karimov ko‘chasi, 6-uyga murojaat etishlari mumkin.

Mavzuga oid