Sport | 21:46 / 26.02.2018
35251
2 daqiqa o‘qiladi

Bir necha marta nokdaunga uchrab, g‘alabaga erishgan bokschi jangdan keyin hayotdan ko‘z yumdi

Foto: Nick Potts/PA

Boks bo‘yicha yarim og‘ir vaznda ishtirok etgan britaniyalik bokschi Skott Vestgart hamyurti Dek Spelmanga qarshi jangda g‘alabaga erishgandan ko‘p o‘tmay hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda BBC Sport xabar bermoqda. 

31 yoshli Vestgart raqibini ochko bo‘yicha mag‘lub etgan. Jang davomida ikki bokschi ham bir necha marta nokdaun holatiga tushgan.

Ma'lum qilinishicha, Vestgart jangdan keyin intervyu berayotganda o‘zini yomon his qila boshlagan. Bokschi yechinish xonasiga bazo‘r yetib borgan va u yerdan shifoxonaga olib ketilgan. Bokschi o‘ziga kelmay, miyasiga qon quyilishi oqibatida vafot etgan.

Boks kechasining boshqa bir bokschi Kertis Vudxaus ishtirokidagi bosh jangi ushbu voqea sababli bekor qilingan. 

Ta'kidlanishicha, Vestgart 7 yillik professional faoliyati davomida 10 ta jang o‘tkazib, ulardan 7 tasida g‘alaba qozongan, ikkita mag‘lubiyatga uchragan va bir marta durang natija qayd qilgan. Britaniyalik Angliya chempioni unvoni olish uchun harakat qilayotgan bo‘lgan.