Jamiyat | 20:30 / 27.02.2018
82802
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat rahbari islohotiga turli yondashuv: qoramolmi, paxtami? (videoreportaj)

“Agar o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, chorva mollarimiz aprel-may oyidan boshlab “ro‘za” tutadi. Hokimiyatdan kelib, yer islohotini vaj qilgan holda, 3-5 yillik beda maydonlarimizni dodimizga ham qaramay buzib tashlashdi. Xorijdan keltirilgan qoramollarga jaydari mollardek qaralmaydi, axir. Ular bir kunda tonnalab yemish yeydi”, - deydi shahrisabzlik fermerlar. 

Bugungi kunda Shahrisabz tumanida chorvadorlik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari aksariyatining boshi qotgan. Gap shundaki, ularning beda maydonlari tuman hokimligi tomonidan buzib tashlanmoqda. Bo‘shagan yerlarga hokimlik paxta ekilishini aytmoqda. Chorva fermerlariga esa, o‘zlaridan bir necha 10 km uzoqlikdagi suv chiqmaydigan yoki lalmi yerlar taklif etilmoqda. Yoki umuman boshqa tumanda chorvachiligini davom ettirishini tavsiya qilishmoqda. KUN.UZ muxbiri Qashqadaryo viloyatiga xizmat safari chog‘ida tahririyatga murojaat qilgan shahrisabzlik fermerlar bilan uchrashib, muammoni o‘rganishga harakat qildi. 

Foto: Kun.uz

Fermerlarning aytishlaricha, “agar o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, chorva mollari aprel-may oyidan boshlab “ro‘za” tutadi. Hokimiyatdagilar yer islohotini vaj qilgan holda, 3-5 yillik beda maydonlarini buzib tashlagan”. Ularning ta'kidlashicha, xorijdan keltirilgan qoramollar jaydari mollarga o‘xshamaydi, ularning yem-xashagi, kunlik ratsioni turlicha bo‘ladi. Ular bir kunda tonnalab yemish yeydi. Qolaversa, aksariyati naslchilik, sut yetkazib berishga ixtisoslashtirilgani sababli bir kunda 1,5 tonnagacha sut yetkazib beruvchilari ham bor. Bundan tashqari, nafaqat tuman va viloyat, balki Toshkent bozorlariga ham sifatli go‘sht yetkazib berilmoqda. 

Fermerlarning biri o‘tgan yili aholiga 55 bosh zotdor buzoq sotgan bo‘lsa, boshqa biri 28 bosh sotgan. Bizga murojaat qilgan fermerlarda 200 ga yaqin ishchi doimiy ish bilan ta'minlangan bo‘lsa, mavsumiy ish bilan ham 100 ga yaqin ishchi ta'minlanadi. Endilikda, beda maydonlari buzilganidan so‘ng, chorvadorlar nima qilishlarini bilmay boshlari qotgan. Ularning dardini hech kim eshitmayapti. Chunki, o‘tgan yilgi yoz-kuz mavsumida jamg‘arilgan yem-xashak, ularga ko‘ra, aprel oyi oxirlari-may oyi boshlarida tugaydi. Bungacha, ular beda maydonlaridan birinchi o‘rimni yig‘ib olishlari kerak edi. 

Biz chorvadorlarni qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganganimizdan so‘ng, tuman hokimi Xolbobo Bozorov bilan uchrashdik. 

Foto: Xolbobo Bozorov/Kun.uz

X.Bozorovning so‘zlariga ko‘ra, tumanning avvalgi mutasaddilari davrida aksar chorvador fermerlarga yuqori bonitetli yer maydonlari “past” deb baholangan holda berilgan. Aslida yuqori bonitetli yerlarga paxta va boshqa eksport ekinlar ekilishi kerak. Shu bois, beda maydonlari buzilayotgan chorvador fermerlarga tumanning boshqa hududlaridan yer maydonlari taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, ayrimlar fermerlar chorvachilik bo‘yicha hujjatga ega bo‘lsa-da, birorta ham chorva moli bo‘lmagan, tekshiruv kelishidan xabar topishsa, qo‘ni-qo‘shnidan kerakli qoramol soni yig‘ilib, komissiyaning ko‘zi shamg‘alat qilishgan.

Albatta, Xolbobo Bozorovning so‘zlarida jon bor. Men bu masalani XPKda bo‘lgan sessiyadan keyin yozgan maqolamda ham eslab o‘tganman.

Chorvasi yo‘q fermerlar yerlariga beda ekib, davlatga yoki xalq dasturxoniga biror narsa yetkazib bermay, turli yuqori davlat idoralaridagi tanish-bilishlari soyasida yem-xashakni pullash bilan ovora bo‘lgani ham fakt. Axir ayni kunda Shahrisabz tumanida sotilayotgan bedaning bir bog‘lami 17-20 ming so‘m bo‘lsa, somon bog‘lami 10-12 ming so‘m. Chorvasi yo‘q "fermer" uchun bu ayni muddao. Naqd daromad manbai. Boshini og‘ritmay, jismini horitmay pul ishlash degani shu emasmi, aslida? Shunga ko‘ra, yer islohotini o‘tkazish kerak, bu shart. Shu kabi fermerlardan yerlari olib qo‘yilsa va boshqa yuragi yonib turganlarga berilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Foto: Kun.uz

Ammo “o‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq barobar yonadi” qabilida ish tutish qanchalik to‘g‘ri? Ishlamayotgan fermerlar bilan birga sidqidildan faoliyat yuritayotgan, chorvachilik rivojiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shayotganlar ham jabr ko‘rishi qanchalik Adolatli? Davlat rahbari har bir chiqishida Adolat bosh mezon bo‘lishi kerakligini uqdirayotgan, barchani shunga undayotgan vaqtda “salla deyilsa, kallani olish” ayni Adolat mezoniga qanchalik mos keladi? Jilla qursa, ishlayotgan, chorvasi bor, natija ko‘rsatgan fermerlarni boridan mahrum qilmaslik, ularning ishlash imkonini saqlab qolish kerakmasmidi? Menimcha, yuqoridan “beda maydonlari buzilsin” deyilgan og‘zaki buyruq bo‘lgan taqdirda ham barchasi yoppasiga buzilishi nazarda tutilmagan. 

Bizningcha, hali ham kech emas. Ishlab, natija ko‘rsatayotgan fermerlarga o‘zlariga yaqin bo‘lgan joydan yem-xashak yetishtirishlari uchun yer maydonlari zudlik bilan ajratilsa, suli, javdar, arpa kabi tez o‘suvchi donlar ekilsa, yem-xashak tanqisligini bir amallab yengsa bo‘ladi. Aks holda, bir necha yuzlab qoramolni tannarxidan 2 barobar arzonga sotishga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ham xaridor topilsa?

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid