Jamiyat | 21:00 / 01.03.2018
25827
4 daqiqa o‘qiladi

O‘q-dori va tilla tangalarni yashirincha olib o‘tishga uringanlar fosh etildi

Foto: “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida navbatdagi bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi. Bu gal qonunbuzarlar o‘q-dori va tilla tangalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tishga urinishdi, deb xabar bermoqda “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasiga binoan kontrabanda, ya'ni bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib, deklaratsiyasiz o‘q-dorilarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Shunday ekan, respublikaga tashrif buyurayotgan xorijiy shaxslar ham milliy qonunchiligimizda nazar tutilgan ushbu normalarga qat'iy rioya etishlari talab etiladi.

Ammo, “Moskva-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi B.M.ning bunday yo‘l tutmagani o‘zi uchun qimmatga tushdi.

Bojxonadan yashil yo‘lak orqali bamaylixotir kirib kelgan bu ayol aslida o‘ziga tegishli bagajida 1 dona jangovar holatdagi 7,62 mm. kalibrli patron va xuddi shu patron uchun mo‘ljallangan 1 dona o‘qni yashirincha olib kirmoqchi bo‘lgan ekan.

Foto: “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati

Patron va o‘qni shunchaki suvenir yoki omad keltiruvchi tumor sifatida yonida olib yurishini ma'lum qilgan B.M. bu narsalar unga omad emas, tashvish keltirganini endi tushunib yetgan bo‘lsa, ajab emas.

Shuningdek, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari tilla tangalarni respublikamizdan olib chiqishga bo‘lgan urinishni ham bartaraf etishdi.

“Toshkent-Moskva” reysi bo‘yicha parvozga otlangan fuqaro N.F. bojxonadan qizil yo‘lak orqali o‘tar ekan, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham yonida olib chiqish taqiqlangan tovarlar yo‘qligini ma'lum qilgan.

Ammo, unga tegishli bagajning nazorat-rentgen apparatidagi shubhali tasvirlari buni tasdiqlamadi. Shundan so‘ng, bagaj xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganda, ushbu shaxs nonlar orasiga bekitgancha 2 dona umumiy og‘irligi 8.6 gr. bo‘lgan tilla tangalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lganligi fosh bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi Badiiy ekspertiza boshqarmasi xulosasiga ko‘ra, ushbu tangalar XIX asrning oxirlarida Chor Rossiyasida zarb qilingan tanglarning asli emas, balki nusxasi bo‘lib chiqdi. Shunga qaramay, tangalar xarakteristikasida numizmatika predmetlari bo‘lganligi sababli ularni olib chiqishdan avval Badiiy ekspertizaga taqdim etish lozim edi. Mazkur tangalarning taxminiy bahosi 3 mln 220 ming so‘mga baholangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid