00:40 / 03.03.2018
23375

Navoiyda prezidentga murojaatdan keyin yangi bog‘cha ochildi

2016 yilning noyabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi saylovchilar bilan saylovoldi uchrashuvlari o‘tkazgan edi. Uchrashuvlar davomida tumanning Sarbozor qishlog‘i ayollari tomonidan mazkur qishloqda 2012 yildan buyon bolalar bog‘chasi yo‘qligi aytib o‘tilgan edi.

Shu kunlarda Navbahor tumanidan 10 km masofada joylashgan ushbu qishloqda yangi, zamon talablariga javob bera oladigan «Yulduzcha» nomli 10-maktabgacha ta'lim muassasasi ochilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur bog‘cha «Quruvchi Navoiy» qurilish tashkiloti tomonidan bunyod etildi, bog‘cha 120 bolaga mo‘ljallangan. 

«Muassasaning yangi binosida bolalarga jahon andazalari asosida ta'lim va tarbiya berish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Xonalar yorug‘ va shinam, barcha inventarlar mavjud. Rus tili, ingliz tili, sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi», deyiladi Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati xabarida.

2 mart kuni Maktabgacha ta'lim vaziri Agrepina Shin Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasida bo‘lib, bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. U muassasaning o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga alohida e'tibor qaratish yuzasidan o‘zining taklif va tavsiyalarini bergan.

Mavzuga oid
Top