17:06 / 03.03.2018
16950

Shaharlarda ijtimoiy dorixonalar – har 2-3 kilometr oralig‘ida

Foto: Uza

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Ijtimoiy dorixonalar to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi.
 
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 7.11.2017 yildagi PF-5229-son Farmonida sog‘liqni saqlash muassasalari bazasida ijtimoiy dorixonalar tarmog‘ini tashkil etish nazarda tutilgan. Ularning joylashuvi 2018 yil boshlanguniga qadar belgilanishi lozim edi. Biroq topshiriq belgilangan muddatda bajarilmadi. Bundan tashqari, ijtimoiy dorixonalarning huquqiy maqomi, shuningdek ularning tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi haligacha belgilanmagan. Shu munosabat bilan davlat rahbari joriy yilning 15 martigacha Ijtimoiy dorixonalar to‘g‘risidagi nizomni (14.02.2018 yildagi PQ–3532-son) tasdiqlashni topshirdi.
 
Norma.uz’ning yozishicha, ishlab chiqilgan loyiha ijtimoiy dorixonalar joylashuvi masalasini, aniqlash mezonlarini, nomzodlarni tanlash tartibi va ularning kelgusida faoliyat ko‘rsatishini, shuningdek dori vositalarini pasaytirilgan narxlarda xarid qilish va sotishni tartibga soladi. 
 
Ijtimoiy dorixona o‘zi nima va qanday faoliyat yuritadi
 
Ijtimoiy dorixona sog‘liqni saqlash tizimidagi davlat-xususiy sheriklik asosida, yuridik shaxs yoki uning tarkibiy bo‘linmasi shaklida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan tashkilot hisoblanadi.
 
Ijtimoiy dorixonalarning asosiy faoliyat turlari quyidagilar hisoblanadi:

• dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana narxlarda, xarid narxining 10%idan oshmaydigan miqdordagi eng kam chakana savdo ustamasi bilan, shuningdek ijtimoiy ahamiyatga ega farmatsevtika mahsulotlarini - qat'iy belgilangan narxlarda sotish;
• O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar oboroti bilan bog‘liq faoliyat;
• dori vositalarini imtiyozli retseptlar bo‘yicha sotish.
 
Qishloq vrachlik punktlari mavjud bo‘lmagan borish qiyin, tog‘li tumanlarda ijtimoiy dorixonalarga talablardan biri - dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ko‘chma dorixonalar filiallari orqali («DAMAS» avtomobilida) yetkazib berish.
 
Ijtimoiy dorixonalarning joylashuv radiusini aholi sonini hisobga olgan holda o‘lchash taklif etilmoqda, biroq shaharlarda 2-3 km.dan va qishloq joylarda esa 10–30 km.dan oshmasligi kerak.
 
Kimlar xususiy sherik bo‘ladi
 
Xususiy sheriklikka nomzodlarni quyidagi mezonlar bo‘yicha tanlash taklif etilmoqda:

• tegishli litsenziyalarning mavjudligi;
• tasdiqlangan joylashuv bo‘yicha mintaqalarda joylashgan barcha filiallar tarmog‘ini to‘liq hajmda tovarlar bilan ta'minlash imkonini beradigan zarur moddiy-texnik baza, tovar zaxirasi va aylanma mablag‘larning mavjudligi;
• dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar sonining yetarliligi;
• aholini ta'minlash, shu jumladan dori vositalarining imtiyozli ta'minoti uchun xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlarining alohida hisobini yuritish imkoniyatini yaratuvchi dasturiy mahsulotning mavjudligi.
 
Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus komissiyasi unga taqdim etilgan arizalar bo‘yicha xususiy sheriklarni tanlash bilan shug‘ullanadi. Bu taomil taxminan 10 kalendar kun davomida amalga oshiriladi. Qabul qilingan qaror natijalariga ko‘ra 5 kunlik muddat ichida nomzod bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi tuziladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Top